Eng muhimi, Global forum yakunlari boʻyicha qabul qilingan Inson huquqlari sohasida taʼlimni rivojlantirish boʻyicha Samarqand harakatlar rejasida inson huquqlari sohasidagi taʼlim va tarbiyani samarali amalga oshirish boʻyicha xalqaro hamjamiyat, milliy hukumatlar, oʻquv va ilmiy muassasalar hamda fuqarolik jamiyati institutlari oldida turgan vazifa, taklif va tavsiyalar oʻz ifodasini topdi. Ularni quyidagi yoʻnalishlarga, yaʼni:

birinchi yoʻnalish – inson huquqlari sohasida uzluksiz taʼlim va tarbiyaga xalqaro, mintaqaviy va milliy darajadagi innovatsiyalarni joriy qilish, mustahkam hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, ilgʻor tajribalar bilan almashinish va moliyalashtirishni kengaytirish;

ikkinchi yoʻnalish – inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni milliy tillarga tarjima qilish va tarqatishga koʻmaklashish;

uchinchi yoʻnalish – hamkorlikda inson huquqlari boʻyicha taʼlim dasturlari, oʻquv kurslari hamda amaliy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash;

toʻrtinchi yoʻnalish – inson huquqlari sohasidagi ilmiy va oʻquv adabiyotlar bilan tizimli taʼminlash maqsadida Inson huquqlari boʻyicha axborot-resurs markazlari, shuningdek, tegishli nashriyotlar faoliyatini tashkil qilish;

beshinchi yoʻnalish – yoshlar oʻrtasida inson huquqlari sohasidagi taʼlimga eʼtiborni kuchaytirish, inson huquqlari oʻquv kurslarini taʼlim, malaka oshirish muassasalarining rejasiga kiritish;

oltinchi yoʻnalish – inson huquqlari sohasida ilmiy tadqiqot, taʼlim va tarbiya, targʻibot faoliyatini amalga oshiradigan tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlash, oʻqituvchi-pedagoglarni ragʻbatlantirish;

yettinchi yoʻnalish – inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni kengaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga koʻmaklashish yoʻnalishlariga ajratish mumkin.