Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlangan tashabbus asosida tashkil etilib, unda 30 dan ortiq xorijiy davlatlarning vakillari qatnashmoqda.

Konferensiyada qutlov soʻzi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, davlatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilangan. Mamlakatimizda keyingi 5 yilda yoshlar huquqlari va manfaatlarini koʻzlagan 50 dan ortiq qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan boʻlsa, birinchisi aynan “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonuni boʻlgan.

Bundan tashqari Oʻzbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha harakatlar strategiyasida yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan.

Bugungi kunda Oliy Majlis palatalarida Yoshlar parlamentlari tashkil etilgan. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida 260 nafardan ortiq yosh deputatlar faoliyat olib bormoqda.

Respublikamizda yoshlarni bilim olishi, madaniyat, sanʼat, sport, kitobxonlik va kompyuter texnologiyalarini oʻrganishga keng jalb qilish, ularning bandligini taʼminlash, tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tizim yaratildi.

Shuningdek davlatimiz rahbari tomonidan Turkmanistonda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi maslahat uchrashuvida yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, kelgusi yili Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini oʻtkazish taklif etildi.

Tadbir ochilishida BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari M. Bachelet, Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi M. Chungong va boshqa xalqaro tashkilotlarning rahbarlari soʻzga chiqdi.

Ikki kun davom etadigan anjuman doirasida uchta yalpi majlis va parallel sessiyalar oʻtkazilib, SOVID-19 pandemiyasi yoshlarning zaif guruhlariga taʼsir oʻtkazayotgan hozirgi sharoitda navqiron avlodning oʻz mamlakatlari rivojlanishidagi ishtiroki, yoshlarning sifatli taʼlim olish va ishlab chiqarishda band boʻlishga taalluqli imkoniyatlarini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari, yigit-qizlarning oʻz hayot tarziga taʼsir oʻtkazadigan qarorlarni qabul qilishda qatnashishi kabi masalalar atroflicha koʻrib chiqiladi.

Shuningdek ishtirokchilar yoshlarning huquqlarini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash uchun mavjud xalqaro mexanizmlarni takomillashtirish istiqbollarini muhokama qiladilar.

Tadbir yakunida Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish boʻyicha deklaratsiya qabul qilish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.