“Hech shubha yoʻqki, atmosfera, okean va quruqlik inson faoliyati tufayli isib ketdi”, — deyiladi iqlimning muhim hisobotida.

Zararli tashlanmalar keskin kamaytirilmasa, dunyo Parij bitimining maqsadiga erisha olmaydi, bu esa asr oʻrtalariga kelib sanoatning oldingi darajalariga nisbatan oʻrtacha haroratning 1,5 ° C atrofida oʻsishiga olib keladi.

Va keyingi chegara — haroratning halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan 2 ° C gacha koʻtarilishi boʻladi. Agar keyingi yigirma yil ichida biz osmonni tutunga toʻldirish, oʻrmonlarni hozirgi surʼatda kesishni davom ettirsak, asrning oxiriga kelib ayni shu hol yuz beradi.

Olimlarning pozitsiyasi anchadan beri maʼlum, ogohlantirishlar va hisobotlar juda izchillik bilan yuzaga kelmoqda. Biroq, bu alohida mavzu. Hozirgi xulosalar faqatgina oxirgi oʻn yil ichida ikki yuz olim tomonidan yozilgan 14 ming ilmiy maqola natijasi emas.

Asosiysi, dunyoning deyarli barcha mamlakatlari bu borada oʻz xulosalariga ega. Hisobotda yozilganlar endi nafaqat ilmiy jamoatchilik, balki butun dunyo hamjamiyatining ham fikridir.

VVS maʼlumotiga koʻra, hozir hisobotni maʼqullagan 195 mamlakat rasmiylarining chiqindilarni kamaytirishni kechiktirishga asosi yoʻq. Ularga noyabr oyi boshida koronavirus tufayli bir yilga qoldirilgan, Shotlandiyada oʻtkazilishi koʻzda tutilayotgan jahon iqlim sammitida oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni olish imkoniyati tugʻiladi.

Dushanba kuni 2007-yilda tinchlik boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan IPCC tashkilotining hisoboti eʼlon qilindi. IPCC — 1990-yildan beri oltita global iqlim tadqiqotini oʻtkazgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim boʻyicha mutaxassislari guruhidir. Hozirgi — oltinchi tadqiqot 8 yildan koʻproq vaqt davomida tayyorlangan.

Uning xulosalariga 195 davlat imzo chekdi. Bu esa IPCC hisobotini jahon hamjamiyatining asosiy iqlimiy hujjati va global isishga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro munozaralarning boshlanish nuqtasiga aylantirdi.

3949 sahifali hisobotda keltirilishicha:

— Oxirgi oʻn yil soʻnggi 125 ming yil ichida eng issiq yil boʻldi.

— Atmosferaga chiqarilgan issiqxona gazlari 19 asrga nisbatan oʻrtacha haroratni 1,5 ° C ga koʻtarish uchun yetarli, lekin hozirgacha u 1,1 ° C ga oshdi.

— Olimlar quyosh va vulqonlar kabi tabiiy manbalarning hozirgi taʼsirini nolga yaqin deb baholaydi.

— Agar dunyo chiqindilarni zudlik bilan va keskin kamaytirsa ham, baʼzi jarayonlar kelgusi asrlar uchun qaytarilmasdir. Birinchi navbatda bu harorat va okean sathiga, shuningdek muz qoplami maydoniga tegishli.

— Oldingi hisobot 2013-yilda eʼlon qilinganidan beri, olimlar iqlim oʻzgarishi, issiq toʻlqinlar, boʻronlar va suv toshqinlari kabi ob-havo hodisalari oʻrtasidagi bogʻliqlikni aniqlashni oʻrgandi.

— Global isishning davom etishi qurgʻoqchilik va suv toshqini, sovuq va issiq oʻrtasidagi yana-da jiddiy “burilish” bilan kechadi.