Bolalar asab kasalliklari  shifokori Mashhura Isroilova ham hayotining har lahzasida  kelajagimiz egalari boʻlmish farzandlarimiz hayoti uchun fidoyilik bilan mehnat qilishga, izlanishga shay. Shifokorlikka mehr unga asli otasidan oʻtgan. Oʻzbekistonda bolalar asab tizimi kasalliklarini davolashga asos solgan mashhur olim Shomurod Shomansurov ayni urushdan keyingi yillarda institutni tugatib mehnat faoliyatini boshlagan edi.

— Bir kuni otam favqulodda kayfiyatlari chogʻ qaytdilar, – eslaydi Mashhuraxon. – Buvijonim: “Tinchlikmi bolajonim, ancha xursandsiz”, deb soʻraganlarida “Orzular amalga oshdi onajon, respublikada bolalar nevralogiyasi kafedrasi tashkil qilindi. Ilm bobida yana bir maktab ochildi”, dedilar. Shunda buvijonim qoʻl ochib, otajonimni uzoq duo qildilar.

Hayotni oliy hakam deydilar, har bir insonni imtihondan oʻtkazadi. Birovga bu oson, birovda esa qiyinroq kechadi. Gohida ana shunday qiyinchiliklarni aqlu zakovat, kuchli bilim, chin insoniy xislatlar bilan yengib oʻtish zarurati tugʻiladi. Otasining hayotida buni koʻrgan va tushunib yetgan Mashhuraxon ham shunga odatlanib bordi. Mashhura yangi oʻqishga kirgan paytlarida goʻdak murdasiga igna sanchish lozim edi. U qoʻrqib uyiga yigʻlab kelardi. Bu holat ikki uch marta takrorlangach otasi uni yoniga oʻtkazib nasihat qildi.

— Sendan yaxshi shifokor chiqadi, faqat oʻzingni emas, odamlar tashvishini, goʻdaklarning sogʻlom oʻsishini oʻylasang, koʻnikasan. Aslida goʻdaklar, bolalar qanchalar beozor boʻlishadi, shuni unutma.

Otasining ushbu nasihatlarini diliga tukkan Mashhuraxonning shifokorlikka, ota kasbiga boʻlgan mehri oshganidan oshib bordi. Otasining oʻsha paytda barchaga oʻrnak boʻlgan taʼmagir boʻlmaslik, xolis xizmat qilish kabi xislatlarini oʻzida singdirib bordi. Chiroyli yashash uchun yaxshi oʻqish, dildan mehnat qilish, masʼuliyatni xis qilish lozim deb uqtirardi unga otasi.

Ha, Mashhuraxon mehnat faoliyatini ilmiy izlanish bilan birga olib bordi, oliygohni tugatgach, koʻp oʻtmay nomzodlik disertatsiyasini ham yoqladi. Nazariyani amaliyot bilan birga olib borgani uchun ishlari baroridan keldi. U Yunusobod tumanidagi 5-bolalar shifoxonasida 1 oylikdan uch yoshgacha boʻlgan bolalarning asab kasalligini davolash boʻlimini chorak asrdan ortiq vaqt davomida  boshqardi. Nafaqa yoshiga yetgach uyda oʻtirishi ham mumkin edi, lekin undagi kasbiga mehr, bolalarga gʻamxoʻrlik tuygʻulari tinchlik bermadi. Oʻzining xususiy klinikasini ochdi. Unga “Ixlos” deb nom qoʻydi. Bu uning qalbidagi tibbiyotga boʻlgan ixlosining ifodasi edi.

— Hozir yigirma birinchi asrga kelib tugʻilayotgan goʻdaklarning koʻpchiligi asab tizimidagi oʻzgarishlar bilan tugʻilmoqda, – deydi Mashhura Shomurodovna biz bilan suhbatda. – Buning asosiy sabablari ekologiya, yosh onalarning oʻz sogʻligi haqida qaygʻurmasligi, kamqonlik kasalligining tarqalishidir. Eng muhimi goʻdak rivojlanayotgan paytda onalar oʻz asablarini ayamasdan, eʼtiborsiz boʻlishlaridir.

Odatdagidek bugun ham erta uygʻongan shifokor  umr boʻyi uni qoʻllab keragida yordam va maslahatlarni ayamay kelayotgan madadkori  Ikrom aka bilan soʻlim hovlini aylanishdi, soʻng nevara kelini tayyorlab qoʻygan nonushtani tamaddi qilib, ishga otlandi. Ketish oldidan evarasi uygʻongan boʻlsa qoʻliga olib erkalab, zavlanib oladi.  Keyin najot istab kelgan bemor goʻdaklar koʻz oldiga kelib yoʻlga tushadi.

Xonaga kirib, tezgina kiyimini almashtirdi.

— Ancha yaxshimiz, kechasi yaxshi uxladi, – dedi maxsus stolga goʻdakni qoʻyib yechintirarkan yosh ona.

— Joningizga jon boʻlay, opoqmisiz?

Shifokorning bu soʻzlari uning koʻnglini eritib yubordi.

— Yaxshi, doʻxtir opasi, yaxshi...

— Albatta, yaxshi boʻladi, hali bir yigit boʻlsin-ki.

—Aytganingiz kelsin, – deya minnatdorlik bildirdi ona.

Ha, Mashhuraxonni tanimagan, uning goʻdaklar bilan til topishishidan, murgʻak vujudlarni yaxshi bilishidan hayratlanmagan va uni tanimagan, bilmagan ota-onalar juda kam desam mubolagʻa boʻlmas. Chindan-da Shomurod otaning shifokorlikka boʻlgan mehri, bolalar haqida goho joʻshib, baʼzan kuyinib  soʻzlashlari faqat Mashhurada emas, balki oʻgʻli Shoanvarda ham qiziqish uygʻotgan edi. U ham ota izidan borib shu sohada ilmiy ish qildi. Opasi bilan birga 5-bolalar shifoxonasida mehnat qildi. Yosh ota-onalar oʻrtasida “Qoʻli yengil” degan eʼtirofga sazovor boʻldi.

Oilaning uchunchi avlodi Mashhuraning qizi Muhabbat ham  onasiga havas qildi. Tibbiyot oliygohida oʻqidi, oʻrgandi. Bugungi kunda u ham tajriba borasida onasidan qolishmaydi. Sulola aʼzolari koʻpincha uchovlon toʻplanishib  tajriba almashib bir-birlaridan saboq olishadi. Muammoli masalalarda suhbatlashib yechimini topishadi. Muhabbatxon asli bolajon emasmi, goʻdaklardan mehrini, ilmini, mehnatini ayamaydi. U ham onasiga oʻxshab rafiqalikni, ham jamoatchilikni qoyilmaqom tarzda uddasidan chiqyapti.

Shu oʻrinda bir rivoyat yodimga keldi. Bir zamonlar tabiat uygʻonmagan, atrof zim-zim paytda yosh ona goʻdagini koʻtarib yoʻlga tushibdi, ketayotib ariqda suv jildiragani qulogʻiga chalinibdi. Suvsagani uchun goʻdakni yerga qoʻyib ichmoqchi boʻlibdi. Ariq yoqasiga yetib-yetmasdan goʻdak yigʻlabdi. U suv ichmasdan qaytib uni qoʻliga olibdi. Shunda goʻdak ona mehrini his qilib jilmayibdi. Shunda osmonda quyosh jilmayib atrof yorishibdi. Tabiat uygʻonibdi. Shunda ona osmonga qarab:

— Rahmat senga, quyosh, yoʻlimni yoritding, – debdi.

Quyosh esa oʻz navbatida:

— Senga rahmat, ona, bolajoningga bergan mehring uchun... Men kulishni goʻdakdan oʻrgandim, – degan ekan.

Shomurod Shomansurov yaratgan Mashhuraxon boshchiligidagi shifokorlar sulolasi yillar osha kelajak avlodni sogʻlom voyaga yetkazishda kamarbasta boʻladilar. Ular bolalar asab tizimi kasalliklariga asos solgan otalarining “neyrorevmatizmning soʻndirilgan shakllarida asab tizimining shikastlanishi”, “40 savolga 40 javob”, “Bolalarda kichik epilipsiya”, “Asab va ruhiy kasalliklar”  uch jildlik “Bolalik yoshidagi nevropotologiya”, “Bolalar nevralogiyasi” kabi kitoblarini qayta-qayta oʻqishdan charchashmaydi.

 Mashhuraxon otasining asl izdoshi boʻldi. Bolasini bagʻriga bosib shifo izlagan ona borki, uning nur yogʻilgan yuzidan, shirin soʻzlaridan minnatdor.  Farzandlari Mazmunaxon, Goʻzalxon, nabiralari Abduvahob, Madina, Sardorlar ham kelgusida shifokorlar sulolasi safini kengaytirish niyatidalar. Biz goʻdaklar olamiga nur, onalar qalbiga surur baxsh etayotgan shifokor Mashhura Isroilovaga ezgu ishlaringizda aslo tolmang, Alloh sizga yor boʻlsin”,  deb qolamiz.

Muqaddas ABDUSAMATOVA,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi