Vizasini yangilash uchun Oʻzbekistonga qaytgan Dildora Otajonova hujjatlar tayyor boʻlishi uchun ikki oy ketishi va bu vaqtda bekor yurmaslik uchun agrofirmaga ishga kiradi. Xalqaro bozorda oʻzbek mahsulotlariga talab yuqoriligini koʻrib, Malayziyaga ketish fikridan qaytdi. Yurtimizda bu sohada katta yutuqlarga erishish, daromad koʻrish imkoni borligiga amin boʻlgandi.
— Malayziyadagi agrofirmada faoliyat yuritgan vaqtlarim Oʻzbekistondan keltirilgan meva-sabzavotlarni Kuala-Lumpurdagi kompaniyalarga tarqatardim, — deydi Dildora Otajonova. — Oʻsha kezlari bazoʻr 200—300 kilo mahsulotni buyurtmachilarga yetkaza olganman. Oʻzbekistonga kelgach, kuzatsam, xorijiy xaridorlar oʻn tonnalab mahsulotga buyurtma berar ekan. Yurtimiz meva-sabzavotlariga talab yuqori ekani, eksport qilish bilan bogʻliq imkoniyatlar meni vatanimda qolishga undagan. Oʻzimizda bu sohada ishlash foydali, daromadi yuqori ekanini anglab yetganman.
Bu yerdagi 10 oylik faoliyatidan soʻng D.Otajonova oʻzining “Teodora Goods” kompaniyasiga asos soldi. Kompaniya qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining eksporti bilan shugʻullanib, hoʻl va quruq mevalar, sabzavotlarni eksport qila boshladi.
Aholining tadbirkor boʻlishiga amaliy yordam berilsa, barcha sohalar taraqqiy etadi. Yoshlar, xotin-qizlar biznesini yoʻlga qoʻyish, ishsiz aholi bandligini taʼminlash borasidagi amaliy saʼy-harakatlar koʻplab kichik tadbirkorlik subyektlarining oʻz biznesini butun mamlakat miqyosida kengaytirib, yirik kompaniyaga aylanishiga tamal toshi boʻldi. Avvallari mahalliy bozorda ham haminqadar ishtirok etgan tadbirkorlar bugun tashqi bozorda oʻz nufuzi va brendiga ega boʻlib bormoqda. Bu jarayonda, albatta, soha rivojiga qaratilgan islohotlarning ahamiyati katta.
Prezidentning 2022-yil 21-dekabrdagi “Tadbirkorlik subyektlarining eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida mahalliy mahsulotlarning yangi istiqbolli bozorlarga kirib borishi uchun qulay shart-sharoit yaratish asosiy maqsad qilib belgilangan. Hujjatda eksportoldi va eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan moliyaviy resurslar hisobidan beriladigan kreditlarni oʻz vaqtida soʻndirib kelayotgan tadbirkorlik subyektlariga kreditning soʻndirilgan qismiga mutanosib ravishda qoʻshimcha kreditlar ajratishga ruxsat berildi. Bu oʻz navbatida, sohaga endigina kirib kelgan tadbirkorlarning oyoqqa turishi, yaxshi natijalarga erishishida muhim omil sanaladi.
Sarmoyasiz ham biznes boshlash mumkin
Mustaqil ravishda kompaniya ochgan qizda zarur mablagʻ yoʻq edi. Ammo biznesni boshlagan odam toʻxtab qolsa boʻlmaydi. Shuning uchun u kompaniya saytini ochib, savdo platformalarida mahsulotlar haqida eʼlon joylashtirdi. Uning baxtiga oʻlkamiz mevalari koʻplab xorij davlatlariga yaxshi tanish edi. Shu bois, Dildora dastlabki haftaning oʻzidayoq buyurtma qabul qildi.
— Ilk bor Fransiya kompaniyalari anor mahsulotiga buyurtma bergan. Keyinchalik Hindiston, Bangladesh, Koreya davlatlaridan ham talablar kelib tushgan. Biznesning dastlabki uch yili men uchun sinov davri boʻlgan. Mahsulotni jahon bozori talablariga mos tarzda yetkazib berishning oʻziga yarasha mashaqqati bor. Bundan tashqari, qaysi mevani qaysi paytda sovuqxonaga joylashtirish, ularni qanday qilib qadoqlash haqida yetarli maʼlumotga ega boʻlmasak, yutqazamiz. Shunday ham boʻlgan. 450 tonna xurmo va 250 tonna uzumning sifatini buzib qoʻyganmiz. Tabiiyki, xarajatlar oʻzini oqlamagan. Bu kompaniyamiz uchun katta yoʻqotish edi. Shunda soha sirlarini toʻliq oʻrganishga, har turdagi meva-sabzavot bilan alohida “til topishish”ga harakat qilganman, — deydi Dildora.
Eksport sohasida mablagʻsiz biznes boshlashga koʻpchilik ishonmaydi. Ammo Dildora savdo platformalarida eʼlon bergach, ilk buyurtmachi xorijiy kompaniya toʻlovni oldindan amalga oshirdi. Ammo buning uchun ham mahsulotni taqdim qila olish, eksport jarayonining butun zanjirini bilish talab etiladi. Hikoyamiz qahramoni mana shu “oltin zanjir” halqalarini ustalik bilan tuzdi. Koʻpchilik shaharda, shinam ofisda oʻtirib faoliyat yuritayotgan bir vaqtda u yurtimizning chekka qishloqlariga eksportbop mevalar izlab bordi. Eng sarxil mahsulotlar qishloqlarda, haqiqiy bogʻbonu dehqonlar qoʻlida ekaniga ishondi.
Bu jarayon mirishkorlar uchun ham anchayin qoʻl keladi. Boisi, mahsulotni qanday saqlashni bilmagan dehqonlar pishiqchilik mavsumida hosilning katta qismini chiqitga chiqazib qoʻyar edi. Yosh qiz bogʻma-bogʻ, polizma-poliz yurib, meva-sabzavotlarni eksportga tayyorlash, ularni saqlash, qadoqlash sirlarini oʻrgatadi. Shu tarzda barcha viloyatlardan mahsulot xarid qilishni yoʻlga qoʻyadi.
— Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilishda eng asosiy muammo oʻrtadagi odamlar — brokerlar bilan ishlash jarayoni, — deydi D. Otajonova. — Eksportchilarning asosiy ishi brokerlar bilan bitadi. Ular mahsulotni tayyorlab qoʻyishadi, eksportchi esa yukni ulardan olib ketadi. Muammo shundaki, brokerlar aksar hollarda kunlab dalada qolgan mahsulotni eksportga yoʻnaltiradi, meva solinadigan qutilarning tagiga sifatsizroq, ustiga esa sifatlisini joylashtiradi. Oqibatda mahsulotni mijozga topshirgan eksportchi yutqazadi.
Eksportchi qiz oʻz faoliyatini takomillashtirish maqsadida yangi loyiha ustida izlanib, “Dalatech” platformasini yaratadi. Soha uchun qulaylik yaratadigan bu platforma fermer va tomorqa yer egalarini anʼanaviy savdodan onlayn savdoga oʻtkazadi. Tizim orqali mirishkorlar Oʻzbekistondagi barcha eksportchilarning roʻyxatini koʻra oladi. Masalan, ular qaysi mahsulotni, qancha hajmda izlayotgani va qancha narx belgilangani bilan tanishadi. Va oʻz navbatida, mahsulotini taklif qiladi. Pirovardida, doimiy xaridorga ega ham boʻladi. Eksportchi esa qayerda qaysi mahsulot, qancha narxda sotilishi haqida xabardor boʻlib turadi.
Shuningdek, platformada har bir mahsulotning algoritmi ham ishlab chiqilgan, sovutish zanjirida mahsulot sifatini nazorat qilish bosqichlarini koʻrsatadigan tizim ham yoʻlga qoʻyilib, fermerlar har bir meva yoki sabzavotni qanday saqlash, sovuqxonadan qanday foydalanish kabi maʼlumotlarni oʻrganishi mumkin.
Dildoraninig aytishicha, eksportbop mahsulot topish, uni sifat nazoratiga javob beradigan holga keltirishning oʻziga yarasha siri, mashaqqatlari bor.
— Odam “komfort zona”sidan chiqib, real vaziyatda muammolarni koʻrmaguncha, oʻqiganlari, internet tarmoqlarida koʻrganlari hayotdagidan butunlay farq qilishini tushunmaydi. Biznesda ham shunday: bir joyda oʻtirish yaramaydi, har bir jarayonning ichiga kirib borish, oʻrganish, muammolarga yechim topa bilish zarur. Biror muammo yoki turli qiyinchiliklarga navbatdagi masʼuliyatli vazifadek qarashga odatlanganman. Hozir yurtimiz meva-sabzavotlari deyarli barcha davlatlarga eksport qilinadi. Ayniqsa, Rossiya, Xitoy, Koreya, Hindistonda talab yuqori, — deydi Dildora.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, 2023-yilning dastlabki toʻrt oyida xorijiy mamlakatlarga umumiy qiymati 256,1 million dollarlik 359,2 ming tonna meva-sabzavot eksport qilingan. Bu 2022-yilning mos davriga nisbatan 6,5 foizga koʻp degani. Hozirda respublikamizda yetishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xoʻjaligi mahsulotlari dunyoning 66 mamlakatiga eksport qilinyapti.
Meva-sabzavot va dukkakli mahsulotlarning eksport hajmi 2016-yil bilan solishtirganda, qariyb 2 barobar oshgan. Raqamlar zahmatkashlarning oʻz mehnatiga yarasha daromad koʻrayotganini hamda yurtimiz meva-sabzavotlari mahalliy bozorlarni taʼminlash bilan bir qatorda, jahon bozorlarida ham munosib oʻrniga ega ekanini koʻrsatadi. Bunday natija zamirida tadbirkorlarning emin-erkin faoliyat yuritishi, jahon bozorlariga chiqishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotgani va mana shu ishonchga munosib mehnat yotadi.
Feruza JOʻRAYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri