Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida talabalar oʻrtasida “Rektor kubogi” shaxmat musobaqasi qiziqarli va murosasiz oʻtdi. Buni salkam uch soat dona surgan yigit-qizlarning yuz-koʻzidagi ifodadan bilish qiyin boʻlmadi. Ayni paytda universitetda nafaqat shaxmat, balki sportning boshqa turlari boʻyicha ham bellashuvlar tashkil etish anʼana tusini olgan.
Bu bejiz emas. Chunki aqliy va jismoniy mehnat uygʻunlashganda insonning tafakkur tarzi ijobiy tarafga oʻzgaradi. Noodatiy, yangicha fikrlay boshlaydi. Buni yaxshi anglagan universitet rahbariyati tashabbusini talabalar ham faol ishtiroki bilan qoʻllab-quvvatlayapti. Ayniqsa, shaxmat toʻgaragi doim yigit-qizlar bilan gavjum. Gʻolib ishtirokchilarning salmoqli pul mukofoti olayotgani sababli yigit-qizlar nazdida shaxmat shunchaki oʻyindan jiddiy mashgʻulot darajasiga koʻtarilmoqda.
— Talabalarimiz orasida shaxmat oʻynashni favqulodda yaxshi koʻradiganlar koʻpligiga guvoh boʻlyapmiz. Ular har hafta oʻtkaziladigan musobaqalarda faol qatnashib, salohiyatini namoyish etyapti, — deydi universitet dekani Akbar Nurmatov. — Navbatdagi musobaqada ham katta hayajon va shiddat bilan dona surishdi. Bir jihatni alohida aytishim kerak, shaxmat oʻynash borasida talaba qizlarning yigitlardan aslo qolishmasligini koʻrdik. Ular mahoratda ham, topqirlikda ham tengqurlari orasida peshqadamligini isbotladi.
Musobaqa natijalariga koʻra, yigitlar va qizlar oʻrtasida uchtadan oʻrin sohiblari aniqlanib, kubok va pul mukofoti bilan taqdirlandi.
— Musobaqa juda qiziqarli oʻtdi. Vaqt qanday oʻtgani sezilmadi. Qizgʻin raqobatda kechgan bellashuvda bolalikdan shaxmat oʻynab yurganim, dadamdan oʻrganganlarim har doimgidek qoʻl keldi, — deydi musobaqa gʻolibi Suhrob Avvalboyev. — Universitetimizda bunday bellashuvlar, tadbirlar koʻp oʻtkaziladi. Darsdan boʻsh vaqtimizda madaniy hordiq chiqarish, bilimimizni yanada oshirish imkoniga egamiz.