Ayni zamonda qanday mahsulotga talab yuqori, uni muqobillaridan arzon narxda taqdim eta olish yoʻllarini izlab topish muhim. Innovatsion tadbirkorlik asosida yaratilgan mahsulot mahalliy va jahon bozorlariga mos boʻlishi kerak.
Har qanday loyihani amalga oshirishda ishchi kuchi, energiya, sarmoyaning kam sarflanishi eʼtiborga olinadi. Tabiiyki, biror yangi gʻoya muallifi mana shu jihatlarni hisob-kitob qila olmasligi mumkin. Bu borada biznes akselerator dasturlarining koʻmagi asqotadi. Ular rezidentlarga oʻz biznes modelini “charxlash”, zarur shartnomalarga ega boʻlish, savdoni amalga oshirishga koʻmak beradigan dasturni taklif qiladi. Yangi gʻoya bilan kelgan izlanuvchilarga akselarator yordam berib, gʻoyani loyihaga aylantirishga koʻmaklashadi. Uning rostdan ham iqtisodiy samara berishi, isteʼmolchilarga naf keltirishi isbotlansa, startap loyiha sifatida shakllanadi.
Yoshlarni innovatsion tadbirkorlikka keng jalb qilish va hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib kichik biznes loyihalarini amalga oshirishda tizimli mexanizmni joriy qilish maqsadida InnoX biznes inkubatori tashkil qilingan. Bu yoshlar gʻoyalarini kichik biznes loyihalariga (startap loyihalar) aylantirishga, mavjud kichik biznes loyihalarini esa oʻqitish orqali rivojlantirishga qaratilgan dastur.
Mazkur inkubatorlarda yoshlarni innovatsion tadbirkorlikka oʻqitish va oʻz kichik biznesini yoʻlga qoʻyishi uchun 4 oylik oʻquv kurslari tashkil qilinadi. Muvafaqqiyatli startap korxona egalari hamda xorijiy ekspertlar tomonidan yoshlarga hududlardagi muammo yechimiga qaratilgan bozorbop mahsulot tayyorlash, faoliyatini yoʻlga qoʻyish, mahsulot sotish, marketing boʻyicha saboq beriladi. Aniq natijaga qaratilgan startap loyihalar moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi.
Avvallari ilm-fan kishilari biror ilmiy ish, kashfiyot qilsa, uni tijoratlashtiradigan mexanizm qonunchiligimizda yoʻq edi. Endi nafaqat biror soha yetakchilari, balki yoshlar ham gʻoyalarini daromadli mahsulotga aylantiradigan yaxlit tizim yoʻlga qoʻyildi. Soha rivojiga qaratilgan eʼtibor sabab ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga yoʻl ochildi. Davlatimiz rahbarining “Tadbirkorlik va innovatsiyalar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” farmoni bilan innovatsion gʻoyalar va startap ekotizimni qoʻllab-quvvatlash infratuzilmasini yaratish maqsadida “UzVC” milliy venchur fondi tashkil etilgani soha rivojida muhim omil boʻldi.
Startaplarni rivojlantirish uchun mablagʻ ajratadigan bunday moliyaviy muassasalar gʻoyaning mahsulotga aylanishi, shu bilan birga, jahon bozorlariga chiqishiga ham xizmat qilmoqda. Har bir startapning istiqbolli yoki aksinchaligini tahlil qilish uchun investorda yetarlicha bilim boʻlmasligi mumkin. Venchur fond investitsiyalardan kapital yigʻadi va uni istiqbolli loyihalarga sarflaydi. Eng asosiysi, bu jarayonda loyiha mualliflari qarzdor sanalmaydi.
Jahon tajribasi koʻrsatadiki, innovatsiyani barcha birdek qabul qilishini kutish kerak emas. Yangi yondashuv boʻlgani va bozorda sinovdan oʻtmagani uchun tadbirkorlik subyektlari innovatsiyadan choʻchiydi. Sohadagi islohotlarning bosh maqsadi shu qoʻrquvni yengib, bozor tamoyillariga moslashishni taʼminlaydigan metodlarni amaliyotga tatbiq qilishdir. Bunda venchur fondlar yordamga keladi. Fondlar startaplarga sarmoya kiritgandan soʻng ular bilan faol muloqot qila boshlaydi. Bozor strategiyasini oʻrganib, biznes modellarni ishlab chiqadi. Shuningdek, resurslardan foydalanishni nazorat qilib, mahsulotning bozorga tez kirishini taʼminlaydi.
Olim biror loyihani ishlab chiqib, uning iqtisodiy samaradorligini isbotlasa bas. Uni mahsulotga aylantirish uchun yillab sarson boʻlmaydi. Tadqiqot oʻtkazish, mahsulotning ilk namunasini yaratish uchun biror korxona eshigida sargʻaymaydi. Puxta oʻylangan tizim bois barchasi tartib bilan ketma-ket amalga oshaveradi. Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida venchur fondlar tomonidan oʻttizga yaqin startap loyihaga investitsiya kiritildi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonida milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari va ularni rivojlantirish, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, shuningdek, kapital bozorini takomillashtirish orqali moliyaviy resurslarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Bugungi kunda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan startap ekotizimini rivojlantirish, loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida bir qancha tanlovlar eʼlon qilingan. Joriy yilning birinchi yarim yilligida jami 100 ga yaqin loyiha moliyalashtirishga tavsiya etildi. Startap ekotizimni targʻib qilish hamda ishtirokchilarning loyihalarni shakllantirishga oid bilimlarini oshirish maqsadida “Parvoz” va “Startup Pitstop” dasturlari amalga oshirib kelinmoqda.
Masalan, oqshoq, yaʼni mayda siniq guruchdan yuqori qiymatli mahsulot tayyorlash loyihasini olaylik. Sirdaryolik olimlar uni un holiga keltirib, soʻngra yana butun don koʻrinishida qayta ishlashdi. Mana shu birgina yangicha yondashuv sabab uning qiymati bir necha barobar oshadi.
Bunday yondashuvlar geologiya sohasida ham yuqori samara beradi. Hozirgi vaqtda tarkibida nikel boʻlgan chiqindilar gidrometallurgiya usuli bilan qayta ishlanadi. Ushbu usul chiqindilarda nikel miqdori 7,5 foizdan kam boʻlmagan taqdirda rentabel hisoblanadi. Mazkur jarayonda koʻp miqdorda kimyoviy reagentlar sarflanadi va oʻz-oʻzidan qattiq, suyuq hamda gazsimon chiqindilarni zararsizlantirish muammosi paydo boʻladi. Yaqinda moliyalashtirilgan startap loyiha kimyoviy reagentlardan foydalanmasdan, tarkibida kamida 1,05 foiz nikel boʻlgan chiqindilarni ham qayta ishlash imkonini beradi. Natijada sanoat korxonalarida toʻplanadigan chiqindilarni qayta ishlash hamda eksportbop va ichki bozorda talab yuqori boʻlgan yangi mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida kichik tadbirkorlarning “oyoqqa turib olishi” va faoliyatini kengaytirishi uchun mutlaqo yangi yondashuv joriy etilishi, soha vakillarini tadbirkorlikka oʻqitish, ularga loyiha tayyorlab berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor, biznesiga sheriklar topish boʻyicha yaxlit ekotizim yaratilishi taʼkidlandi. Shu maqsadda tashkil etilgan Biznesni rivojlantirish banki tashabbuskorlarning biznes loyihalarini ishlab chiqishga koʻmaklashadi. Yangi loyihalarga zarur mutaxassislar jalb qilinadi. Tadbirkorlar uchun buxgalteriya, soliq, audit, marketing, huquqiy va boshqa konsalting xizmatlari koʻrsatadi. Bu “tesha tegmagan” loyihalarni amalga oshirib, nafaqat mahalliy, balki jahon bozorlaridan ham munosib oʻrin egallash istagidagilar uchun katta imkoniyat. Shuningdek, ilmiy natijadorlikni yanada yuqori pogʻonaga olib chiqadi.
Koʻplab rivojlangan mamlakatlarda yunikorn, yaʼni kapitalizatsiyasi 1 milliard dollardan oshgan startaplar trend darajasiga chiqqan. Oʻzbekistonda ham aynan shunday startaplar boʻlishiga ishonamiz. Boisi, soha rivojiga qaratilgan islohotlar tobora jadallashyapti.
Olimjon TOʻYCHIYEV,
Innovatsion rivojlanish agentligi direktori