Goʻzallik saloni mutaxassisi mijozining yuz terisini kuydirib qoʻydi

    Holatni oʻrgangan Raqobat qoʻmita toʻplangan hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yubordi.

    “ENVIRON PG” MCHJga tegishli “Estelle” goʻzallik salonida “sariq piling” oqibatida mijozining yuz terisini (80 foizi) koʻydirib qoʻydi.

    Bu holat ogʻir davolash jarayoni hamda moliyaviy yuklamalarga sabab boʻlganidan shikoyat qilib, fuqaro Raqobat qoʻmitasiga murojaat qildi.

    Qoʻmita tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish va tahlil ishlari natijasida qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Xususan:

    • “Estelle” goʻzallik saloni tomonidan tibbiy litsenziya talab qilinadigan kosmetologik xizmatlar hech qanday tegishli ruxsatnomalarsiz amalga oshirilgani;
    • Piling xizmati koʻrsatgan xodimning oliy tibbiy maʼlumotga egaligi tasdiqlanmagani;
    • Koʻrsatilgan protseduralar belgilangan sifat va xavfsizlik standartlariga javob bermasligi maʼlum boʻldi.

    Jabrlanuvchi koʻrgan ogʻir oqibatlar va “Estelle” goʻzallik saloni faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 190-moddasi — litsenziya yoki boshqa ruxsatnoma talab qilinadigan faoliyatni tegishli hujjatlarsiz amalga oshirish alomatlari mavjudligi inobatga olingan holda, Qoʻmita tomonidan toʻplangan hujjatlar belgilangan tartibda huquqiy baho berilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborildi.

    «Raqobat qoʻmitasi eslatib oʻtadiki, tibbiy litsenziyasiz tibbiy xizmatlarni, xususan kimyoviy piling kabi murakkab kosmetologik protseduralarni amalga oshirish nafaqat qonunbuzarlik, balki isteʼmolchilar sogʻligʻi va xavfsizligiga nisbatan masʼuliyatsiz munosabat sifatida baholanadi.
    Fuqarolardan kosmetologik va tibbiy xizmatlardan foydalanishda ehtiyotkorlik va hushyorlik, hamda faoliyat yurituvchi subyektlarning litsenziyasi va mutaxassislarning malakasiga albatta eʼtibor qaratishlarini soʻraymiz«, deyiladi xabarda.