Tadqiqotlarga koʻra, Grenlandiya muzliklari qaytarib boʻlmas darajada erib ketdi va global isishni sekinlashtirishga urinishlar uning parchalanishini toʻxtata olmaydi.
“Muz qatlami endi yangi dinamik holatdadir. Agar biz 20-30 yil avvalgi holatga oʻxshash iqlimga qaytadigan boʻlsak ham, baribir muzliklarni boy bergan boʻlamiz”, deydi Ogayo shtati universiteti professori Yan Xau.
Grenlandiyada har yili okeanga 280 milliard tonnadan ortiq muz qatlami erib tushadi va bu dunyo dengiz sathining koʻtarilishiga eng katta hissa qoʻshadi, - deydi Ogayo shtat universitetining tadqiqotchisi Mixalya King.
Soʻnggi yillarda muzliklarning erishi shu qadar katta boʻldiki, bu dengiz sathini koʻtarilishiga olib keladi. Asr oxiriga kelib dengiz sathi 3 futdan koʻproq koʻtarilib, qirgʻoqlarining katta maydonlarini suv ostiga qoʻyishi mumkin.
AQSH aholisining qirq foizi dengiz sathining koʻtarilishiga moyil boʻlgan qirgʻoq mintaqalarida istiqomat qiladi. “Masalan, Florida shtatidagi kabi joylar borki, bu yerda suvning bir metrga koʻtarilishining oʻzi koʻplab yer maydonlarini qamrab olishi mumkin. Agar boʻron va shunga oʻxshash hodisalar yuz bersa, bu yana-da ogʻirlashadi”, deydi King.
Grenlandiyaning muzlik qatlami 2019-yilda rekord darajadagi 532 milliard tonna muzni yoʻqotdi, birgina iyul oyida 223 milliard tonna muz erigan. Taqqoslash uchun 2003 va 2016-yillar orasida muz qatlami yiliga oʻrtacha 255 milliard tonna muzni yoʻqotdi.