Oqibatda qariyb 50 yil avval suv bosgan uylarning xarobalari yuzaga chiqdi.
Popular Sciencening xabar berishicha, suv sathining pasayishda davom etayotgani tufayli Kallio qishlog'i xarobalari ko'rinib qolgan. 1970-yillarning oxirida Gretsiya poytaxtini suv bilan ta'minlash uchun Mornos va Evinos daryolaridan to'yinadigan suv omborini hosil qilish uchun qishloqdagi 80 ga yaqin uy suv ostida qoldirildi.
“Mornos ko'lining sathi 40 metrga tushib ketdi. Siz qaynotamning ikki qavatli uyining birinchi qavatini ko'rishingiz mumkin. Yaqin atrofda amakivachchalarimning sobiq uyi joylashgan”, dedi 67 yoshli Yorgos Yosifidis o'z intervyusida. U qariyb yarim asr avval uyini tashlab ketishga majbur bo'lgan qishloq aholisidan biri.
Yosifidisning ta'kidlashicha, qishloq xarobalari suv toshqinidan keyin, xususan, 1990-yillardagi xuddi shunday qurg'oqchilik paytida suv ustida paydo bo'lgan.
Gretsiya uchun issiq ob-havo kam uchraydigan hodisa emasligiga qaramay, bu yil harorat ko'rsatkichlari yangi rekordlarni o'rnatdi. Milliy observatoriya ma'lumotlariga ko'ra, 2024-yilning yozi kuzatuvlar tarixidagi eng issig'i, qishi esa eng ilig'i bo'ldi, deb xabar beradi korrespondent.net.