Gripp kasalligidan soʻng organizm qancha vaqtda tiklanadi?

    Kuz-qish mavsumi — grippga chalinish holatlari koʻpayadigan davr. Qolaversa, ushbu kasallikning simptomlaridan koʻra asoratlari xavfliroq.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi kasallik va undan tuzalish muddatlari haqida maʼlumot berdi.

    Shu bois isitma meʼyorlashib, yoʻtal va burun oqishi toʻxtagach, kasallikdan toʻliq tuzaldim, deb oʻylash — yanglish xulosa.

    Negaki, grippning oʻtkir bosqichidan soʻng jismoniy va ruhiy toliqqan, suvsizlangan hamda koʻp quvvat yoʻqotgan organizmning tiklanish davri boshlanadi. Bu vaqtda tanada holsizlik, charchoq va zaiflik kuzatiladi.

    Tahlillarga koʻra, grippning yengil shaklida organizm taxminan yetti-oʻn kun ichida tiklanadi. Xastalikning oʻrta ogʻir bosqichida bu muddat oʻn-oʻn toʻrt, baʼzan 21 kungacha choʻziladi. Grippning ogʻir shaklini toʻliq yengib, quvvatga kirish uchun esa uch oy vaqt kerak.

    Bu har kimda har xil kechadi. Tiklanish muddati bemorning kasallik boshlanishidan avvalgi immuniteti holatiga bogʻliq. Chunki virus surunkali xastaliklarni qoʻzgʻatib yuborishi mumkin.

    Bundan tashqari, gripp asoratlari nafaqat otit va sinusit, balki virusli pnevmoniya, meningit, yurak ishemik kasalliklari, bronxial astma va surunkali bronxitni ham keltirib chiqarishi mumkin.

    Bu, viruslarga qarshi kurashish natijasida immunitet zaiflashib, ichki aʼzolar faoliyati buzilishi bilan izohlanadi. Shuningdek, xastalik chogʻida infeksiyalar tufayli asab tizimi zararlanadi. Oqibatda bemor toʻliq oyoqqa turganidan keyin ham toksinlarning miyaga taʼsiri uzoq davom etadi.

    Shu sababli bemor holsizlik, jizzakilik, bosh ogʻrigʻi, uyqu buzilishi, xotira susayishi va ish qobiliyati pasayishidan aziyat chekadi.

    Oʻz navbatida, muolaja jarayonida foydalanilgan dori-darmonlarning jigar, buyrak va ovqat hazm qilish tizimiga ayrim nojoʻya taʼsirlari sezilishi ehtimoli mavjud.

    Shu tufayli grippdan tuzalgan bemorlarga jismoniy faollik va stressdan saqlanish, immunitetni mustahkamlash, toʻgʻri ovqatlanish, vitamin terapiyasi, ichak mikroflorasini tiklashga qaratilgan dori-darmon muolajaci, massaj va fizioterapiya mashqlari tavsiya etiladi.