Gripp o‘tkir yuqumli virusli kasallik bo‘lib yuqori nafas yo‘llarining zaharlanishi bilan xarakterlanadi.

Gripp kasalligiga mavsumiylik xos, asosan kuz-qish-bahor oylarida ko‘p uchraydi. Ushbu mavsumlarda kasallikning ortishiga havo haroratining pasayishi, yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanish kasalliklari, organizmdagi vitaminlar tanqisligi, xonalardagi odamlar zich yashashi sabab bo‘ladi.

Gripp viruslarni tarqatuvchi asosiy manba kasallangan bemor odam bo‘lib, u betoblikning 2-3 kunlarida atrofidagilar uchun juda xavfli bo‘ladi. Kasallik ko‘pincha xavo-tomchi yo‘li bilan yuqadi. Bemor aksa urganda, yo‘talganda, gaplashganda so‘lak tomchilari bilan gripp viruslarini atrof-muxitga tarqatadi.

Gripp bilan barcha yoshdagi kishilar kasallanadi, ayniqsa zaif (nimjon) bolalar, keksa yoshdagi kishilar, homiladorlik hamda surunkali xastaliklari bo‘lgan, tamaki chekuvchi shaxslarga tez yuqadi va ularda og‘ib o‘tib, ko‘pgina og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin.

Kasallik et uvishishi, tana haroratining (39-40 0S gacha) ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, mushaklardagi og‘riqlar bilan boshlanadi. Keyinchalik tanglay murtaklarining qizarishi, bosh aylanishi, ishtahasizlik, burun bitishi, og‘riqli yo‘tal kuzatiladi. Bu holat 2-7 kungacha davom etib, davo muolajalari hamda yaxshi parvarish qilinsa, bemor o‘zini yaxshi his qila boshlaydi.

Xalq orasida grippning o‘zi emas, balki uning asorati yomon degan fikr bejiz aytilmagan. Ba’zilar gripp kasalligiga e’tiborsizlik bilan qaraydi, ya’ni oyoqda yurib o‘tkazadi yoki o‘z bilganicha noto‘g‘ri davo muolajalarini qiladi. Bunday holatlarda kasallikning asoratlanishi:

o‘pka to‘qimalarni yallig‘lanishi (zotiljam),

miya pardasining yallig‘lanishi (meningit),

miya pardasi va moddasining yallig‘lanishi (meningoensefalit),

quloqning yallig‘lanishi (Otit),

Burun yondosh bo‘shliqlarning yallig‘lanishi (Sinusit) kabi og‘ir asoratlar kuzatiladi.

Kasallikni oldini olish choralari:

Uyushgan jamoalarda (maktab, konsert zallari, ish joylari, kinoteatrlar, umumiy transport vositalari) 4 qavatli dokadan tikilgan niqobda yurish tavsiya qilinadi. Yashash xonalarini vaqti-vaqti bilan shamollatib, isiriq tutatib turish kerak bo‘ladi;

ko‘proq ochiq havoda sayr qilish;

grippga qarshi vaksina bilan emlanish.

Gripp kasalligiga qabul qilinadigan davo muolajalari faqat shifokor tavsiyasiga ko‘ra bo‘lishi kerak.

Oilada biror kishida gripp kasalligiga shubha bo‘lganda uni ishga, maktabga, maktabgacha ta’lim-tarbiya muassasalariga, jamoat joylarga yubormaslik, bemorni atrofdagilardan alohidalash.

Yashash xonalarini vaqti-vaqti bilan shamollatish, isiriq tutatish;

Har bir shaxs kun tartibiga rioya qilishi, harakatli mashqlar, tanasini quyoshda toblash, suv muolajalari bilan tanani muntazam ravishda chiniqtirishi;

Mavsumiy meva va sabzavotlardan vaqtida ko‘proq-ko‘proq iste’mol qilib turishi;

Mavsumga mos kiyinish;

Gripp kasalligi bilan kasallangan bemorlarga va sog‘lom insonlarga suyuqliklar (malina, smarodina, limon va asal qo‘shilgan choy, issiq sut, na’matak damlamasi) ichish tavsiya etiladi.

Kundalik turmushda yuqorida aytib o‘tilgan tavsiyalarga amal qilinsa, har birimiz gripp kasalligining oldini olishda o‘z  hissamizni  qo‘shgan  bo‘lamiz va o‘zimizni hamda atrofdagi hamyurtlarimizni gripp hamda yuqori nafas yo‘llarining o‘tkir respirator xastaliklaridan asragan bo‘lamiz.

Nargiza NURULLAYeVA,

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati

Toshkent shahar boshqarmasi OAV va jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi vrach epidemiologi