Gruziya parlamenti Bosh vazir Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi yangi hukumat tarkibini tasdiqladi

    Gruziya parlamenti deputatlari Bosh vazir Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi hukumat tarkibiga, shuningdek, hukumat dasturiga ishonch bildiruvchi qarorni ko'pchilik ovoz bilan qo'llab-quvvatladi.

    Parlament majlisi qonun chiqaruvchi organ saytida translyatsiya qilindi.

    Kobaxidze va u vakillik qilgan Vazirlar Mahkamasi uchun 84 deputat yoqlab ovoz berdi, 10 nafari qarshi chiqdi. Yangi hukumatga ishonch bildirish uchun 150 nafardan 76 nafari ovoz berish kerak edi.

    Gruziya konstitutsiyasiga ko'ra, parlamentda ovoz berishdan keyin bosh vazir ikki kun ichida prezident tomonidan tayinlanadi. Hukumatning yangi rahbari lavozimiga kirishgach, ikki kun ichida vazirlarni tayinlaydi. Bundan tashqari, agar prezident belgilangan muddatda bosh vazirni tayinlash to'g'risidagi qarorni imzolamasa, u bari-bir tayinlangan hisoblanadi.

    29-yanvar kuni Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili o'z lavozimini tark etayotganini ma'lum qildi. Shuningdek, u 2021-yildan buyon Irakliy Kobaxidze boshqarib kelayotgan hukmron partiya raisi lavozimini egallash taklifini olganini aytgandi. 1-fevral kuni hukmron “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasining qurultoyi Garibashvili siyosiy uyushma rahbari etib sayladi, Kobaxidze esa bosh vazirlikka nomzod sifatida ko'rsatilgan. Kobaxidzening keyinroq jurnalistlarga ma'lum qilishicha, hukumatning yangi tarkibida faqat bitta o'zgarish bo'ladi – parlament spikeri o'rinbosari Irakliy Chikovani mudofaa vaziri lavozimiga Djuansher Burchuladze o'rniga keladi, deb xabar beradi tass.ru.