Bugungi islohotlar aks etgan obod mahallani ko‘rib kelamiz, yangilanishlar odamlar kayfiyatiga qanday ta’sir etayotganiga guvoh bo‘lamiz, tadbir bahona yurtdoshlarimiz bilan dildan suhbatlashamiz, degan fikr o‘tdi xayolimdan. Bu mahallaga taxminan o‘n yillar ilgari borganman. U paytlar mahalla Toshkent viloyati tarkibida edi, shahar bilan tutash bo‘lsa-da, farq katta: eski va ta’mirtalab hovlilar, chang ko‘chalar, umidsizlikka tushgan odamlar, qo‘yingki, qarovsiz joy sifatida xotiramda qolgan.
Gulbog‘liklarning aytishicha, salkam yarim asrdan beri mahallada toza ichimlik suvi yo‘q. Biz chekka-chekka hududlarning ham zamonaviy shaharlarga monand qiyofa kasb etayotganiga, toza ichimlik suvi bilan ta’minlanayotganiga, hovliyu ko‘chalar obod, odamlar hayoti ijobiy tomonga o‘zgarayotganiga ko‘nikib borayotgan bir paytda Toshkent shahri tarkibiga kirgan mahalla ahlining hanuz yer osti suvidan foydalanishi chindan achinarli. Mahalla endi-endi obodlikka yuz tuta boshlapti: Gulbog‘da “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
– Mahallamizda katta o‘zgarishlar bo‘lyapti. Biz yashaydigan Nafosat ko‘chasi asfalt qilindi, elektr simi uchun yangi ustunlar o‘rnatildi, – deydi Xosiyat Orziqulova. – Bizni quvontirgani, toza ichimlik suvining kelishi bo‘ldi. Mahallaga ko‘chib kelganimizga salkam ellik yil bo‘ldi. Shuncha vaqtdan beri yer osti suvidan ichib keldik.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizning 14 ta hududida tanlab olingan mahallalar qatorida Bektemir tumanidagi Gulbog‘ mahallasida ham Respublika ishchi guruhi, Xalq qabulxonalari, sohaviy tashkilotlar vakillari, Toshkent shahri va Bektemir tumani sektor rahbarlari, a’zolari, mahalladagi “beshlik”dan tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan xonadonbay yurib, aholi muammolarini o‘rganish va hal etish ishlari boshlandi.
Gulbog‘da turli millat vakillari istiqomat qiladi. 1 354 nafar (66%) qozoq, 597 nafar (29%) o‘zbek, 76 nafar (0,03%) koreys, 11 nafar (0,001%) tatar millatiga mansub aholi bor.
Press-tur ishtirokchilari dastlab 66-oilaviy poliklinikada aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayoni bilan tanishdi. Hududga tutash maydonda mehnat yarmarkasi, shuningdek, mahalla ahli uchun arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari tashkil etildi.
– Oilamiz katta, shunga yarasha bozorlik qilamiz, – deydi Boqiya Qambarova. – Mahallamizda tez-tez tashkil etiladigan bu yarmarkadan har safar kerakli mahsulotlar sotib olamiz. Bozor yoki do‘konlarda bir kilo kartoshka narxi 4-5 ming so‘m atrofida. Bu yerdan esa sara kartoshka kilosini 3,5 ming so‘mdan, piyozni 2 ming so‘mdan oldim. Qarang, istagan sabzavot va mevalarni olsangiz bo‘ladi. Ta’bingiz va cho‘ntagingizga qarab tanlayverasiz. Baqlajon, bulg‘or qalampiri, sabzi, piyoz, sarimsoq piyoz, meva-chevadan tortib, yog‘, guruch, ungacha bor. Bir qopdan kartoshka, piyoz va un sotib oldik. Bizga anchaga yetadi. Bozorga qatnab yotmaymiz. Ham vaqtimiz, ham naqdimiz tejaldi.
Sodda qilib aytsak, mahallada yurishga joy yo‘q. Sababi, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari boshlangan. Masalan, Obod va Ziyonur ko‘chalarida aholi xonadonlari tashqi devorlari bo‘yab berilyapti. Turkiston ko‘chasida esa ichimlik suvi keltirish uchun ishlar boshlangan. Bir ko‘chada ariqning yuzi “ochilyapti”. Shox-shabba, axlatlardan tozalanyapti. Yana bir ko‘chada chiroqlar o‘rnatilyapti, ustunlar ko‘tarilyapti. Gaz quvurlari va uskunalari ta’mirlanmoqda, bo‘yalmoqda. Bundan tashqari ichki yo‘llar asfalt qilinmoqda. Xullas, har bir ko‘chada tizimli ishlar ketmoqda.
– Bektemir tumaniga qo‘shilgan yangi mahallalardan biri Gulbog‘ bo‘lib, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 12,9 kilometr quvur tortilishi belgilangan, – deydi tuman suv tarmoqlari bo‘limi boshlig‘i Ravshan Jabborov. – Buning uchun davlat budjetidan 8,9 milliard so‘m yo‘naltirilgan. Bugungi kungacha 12,6 kilometr uzunlikda quvur tortildi. Ishlar avgust oyi so‘nggida yakuniga yetadi, natijada yer osti suvida foydalanib kelgan 500 dan ortiq xonadonga toza ichimlik suvi kirib boradi.
Ishchi guruh vakillari tomonidan xonadonlar uyma-uy yurib o‘rganildi, natijada fuqarolarning sog‘liqni saqlash, moddiy yordam, bandlik, subsidiya, kredit, uy-joyni ta’mirlash va boshqa masalalar bo‘yicha muammolari aniqlanib, hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Mahallada aholi bandligini ta’minlash va oilalarni tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida 22 fuqaro ishga joylashtirildi, 15 fuqaroning o‘zini-o‘zi band qilishi uchun chora-tadbirlar ko‘rildi, 9 fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi, 3 fuqaroga esa tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi uchun subsidiya asosida maishiy texnika olib berildi. 50 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.
Sherali Kalikulov va Saulye O‘rozaliyevalar oilasi “Temir daftar”ga kiritilgan. Oilada uch farzand kamolga yetmoqda. Saulye Toshkent davlat pedagogika universitetining tarix fakultetiga shartnoma asosida o‘qishga kirgach oilaning bor daromadi ham kamaydi. Sherali turmush o‘rtog‘ining o‘qishiga xayrixoh, niyatni yaxshi qildi. Ikki oy avval Respublika ishchi guruhi tomonidan xonadonlarni o‘rganish chog‘ida ularning ham imkoniyatlari o‘rganildi. Natijada subsidiya asosida pech va xamir tayyorlash uskunasi berildi. Kuniga 300 donaga yaqin non, qo‘shimchasiga somcha pishirib sotishni yo‘lga qo‘ygan xonadonga baraka kirdi. Shu tariqa ular ish bilan band bo‘ldi.
– Oilamiz budjetiga kuniga nondan 200 ming daromad kelmoqda. Somsa pishirishni endi boshladik. Birinchi kuni olgan daromadimiz 50 ming so‘m bo‘ldi. Bekor yurgandan harakat qilib, ro‘zg‘orimizni but qilganimiz yaxshi ekan, – deydi Saule O‘rozboyeva. – O‘zimizning mahalladan tashqari Abay, Iyk ota kabi qo‘shni mahallalarga ham nafimiz tegyapti. Odamlar xursand, rahmat aytib ketadi.
Bundan tashqari, og‘ir turmush sharoitida yashovchi 48 fuqarol xonadonida ta’mirlash ishlari belgilanib, hozirda 24 xonadonda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Ha, Gulbog‘da katta ishlar boshlanibdi. Hademay ko‘chalaru xonadonlar obodlikka yuz tutadi.
B.Yunusova.
Suratlarni H.Yo'ldoshev olgan.