Fransiya, Italiya, Ispaniya, Yaponiya, Xitoy kabi davlatlarda ham oʻzbek milliy liboslari, jumladan atlas va adrasdan yaratilgan bejirim liboslar va oʻzbek doʻppilariga talabgorlar koʻpchilikni tashkil etadi.
Guliston shahridagi Tadbirkorlar va hunarmandlar markazida Modalar uyi ochilishi marosimi va “Milliy liboslar” koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtdi. Unda Sirdaryo viloyati tuman-shaharlaridan yigirmaga yaqin modelyer, dizayner va tadbirkor xotin-qizlar ishtirok etdi.
— Bugungi tanlov men uchun katta bir maktab boʻldi, — deydi Shirin shahridan hunarmand Moʻtabar Andayeva. — Tajribali, bir-biridan ajoyib liboslar yaratgan mahoratli dizayner va modelyerlarning yaratgan liboslarini koʻrib, yangi-yangi gʻoyalar tugʻildi. Kelgusida bu gʻoyalarni albatta oʻz liboslarimda aks ettiraman.
“Milliy liboslar” koʻrik-tanlovida ishtirok etgan bir qator modelyer, dizayner va tadbirkor ayollar Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutida tashkil etilgan “Oʻzbek milliy liboslariga mehr uygʻotish va ommalashtirish kiyim va kiyinish madaniyatini yuksaltirish” boʻyicha oʻquv seminarlarida malaka oshirib kelgan, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi matbuot xizmati.