Bayram arafasida bu xonadonda yashovchilar safiga bir yoʻla 3 egizak qoʻshildi. Oʻttiz besh yoshni qarshilagan Maqsudaxon bir muddat avval Guliston shahar tibbiyot birlashmasining akusherlik kompleksiga yotqizilgan edi.
Bu yerda tugʻuruq jarayoni mahoratli shifokorlar nazorati ostida muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Natijada bir yoʻla uch egizak qizaloq — Fotimaxon 2,2 kg, Zuhraxon 2,5 kg, Zahroxon 2,2 kg vazn bilan dunyoga keldi.
Ayni paytda onaning ham, chaqloqlarning ham salomatligi yaxshi. Tajribali mutaxassislar nazorati ostida parvarish jarayoni davom ettirilmoqda. Egizaklar oʻz uyiga qaytgach, Maqsuda Karimova jami olti nafar farzand tarbiyasi bilan shugʻullana boshlaydi.
Eslatib oʻtamiz, bir oy muqaddam ayni shu tibbiyot muassasasi — Guliston shahar tibbiyot birlashmasining akusherlik kompleksida Boyovut tumanining Yangi avlod mahallasida istiqomat qiluvchi Irodaxon Mamatqulova ham uch egizakni dunyoga keltirgan edi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.