Bu haqda Adliya vazirligining Jamoyatchilik bilan aloqalar boʻlimi maʼlum qildi.

Taʼkidlash joizki, 2020-yilning may oyida ham Fransiyadan 10 million AQSH dollari qiymatidagi aktivlar Oʻzbekistonga qaytarilgan edi.

Shu bilan birga, joriy yil 11-fevralda Shveysariya va Oʻzbekiston oʻrtasida muzokaralarning navbatdagi bosqichi boʻlib oʻtdi. Unda tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining koʻptomonlama trast jamgʻarmasini (Jamgʻarma) tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishdi. Mazkur Jamgʻarmadan Gulnora Karimovaga nisbatan jinoiy ish yurituvi doirasida toʻliq musodara qilingan aktivlarni qaytarish uchun foydalaniladi.

Shuningdek, Jamgʻarma Shveysariyada davom etayotgan jinoiy ish doirasida kelajakda musodara qilinadigan har qanday qoʻshimcha aktivlarni qaytarish uchun xam xizmat qiladi. Hozirgi kunda taxminan 131 million AQSH dollari qiymatidagi aktivlar Oʻzbekistonga qaytarilishga tayyor.

Jamgʻarma boshqaruv mexanizmi Shveysariya, Oʻzbekiston va BMT vakillaridan tashkil topadi. Shu orqali Shveysariya va Oʻzbekiston aktivlarni qaytarish jarayoniga toʻliq jalb etiladi. Jamgʻarma Oʻzbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga koʻmaklashadi va BMTning Barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik boʻyicha Oʻzbekistondagi dasturi (UNSDCF)ga mos loyihalar uchun moliyaviy resurslar ajratadi.

Ushbu loyihalar Jamgʻarma faoliyatida ishtirok etuvchi BMT tizimidagi tashkilotlar tomonidan boshqa ijrochi sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Barcha loyihalar BMTning qoida va nizomlari asosida tuzilgan Jamgʻarmaning monitoring
va baholash tizimiga muvofiq nazorat qilib boriladi. Fuqarolik jamiyati institutlari Jamgʻarma faoliyatida maslahatchilar sifatida ishtirok etadi.

Jamgʻarma oʻz faoliyatini Shveysariya va Oʻzbekiston oʻrtasida tomonlarga yuridik majburiyat yuklovchi Restitutsiya toʻgʻrisidagi kelishuv imzolanganidan soʻng boshlaydi. Ushbu kelishuv imzolanganidan keyin Jamgʻarma va uning faoliyati haqida qoʻshimcha batafsil axborot beriladi.

Bundan tashqari, Moskva shahar sudi tomonidan Oʻzbekiston sudlarining G.Karimova va uning sheriklariga nisbatan chiqargan hukmlari tan olindi va hozirda Rossiya tomoni bilan Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarish uchun musodara qilingan mol-mulklarni sotishni tashkillashtirish boʻyicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

Qaytarilgan mablagʻlar mamlakatimiz aholisi farovonligini yaxshilash uchun ijtimoiy sohaga sarflanadi.