Gurlanda zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqariladi

    Xorazm viloyati Gurlan tumanida zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishga moʻljallangan yangi korxona qurilishi boshlandi.

    1,75 gektar maydonda qad rostlaydigan “Avar Woods” masʼuliyati cheklangan jamiyatda MDFni qayta ishlash va DSP ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

    Loyiha qiymati 2,5 million AQSH dollari boʻlgan korxonaga xorijdan zamonaviy uskunalar olib kelinayapti.

    Yiliga 200 ming dona MDF ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi loyihani oʻz muddatida amalga oshishi uchun “Agrobank” Gurlan filiali tomonidan 2 million dollar imtiyozli kredit ajratilgan.

    Hozirgi bunyodkorlik jarayonida ushbu qurilish materiallariga ehtiyoj tobora oshib bormoqda. Yangi korxonada ishlab chiqariladigan qurilish materiallari ichki ehtiyojni qoplash bilan bir qatorda xorijga ham eksport qilinadi.

    Mazkur korxona viloyatda bu borada yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biriga aylanishi mumkin, deya fikr bildirmoqda mutaxassislar.

    Yangi korxonada yuzdan ortiq ish oʻrinlari yaratiladi.

    Roʻzimboy HASAN,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri