Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan tashkil etilgan ushbu tantanali tadbirga ijodkor ziyolilar, harbiylar, talaba-yoshlar, hamyurtlarimiz taklif etildi. Xuddi shu kuni jazirama ob-havo ham tantanaga xayrixoh boʻlganidek, mayin shamol maydon uzra esa boshladi. Anvoyi gullar, sharqiragan billur favvoralar, har tarafda hilpirayotgan koʻplab bayroqlar bayramga yana-da koʻtarinkilik bagʻishlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangraydi. Ona-diyorimizning bosh qoʻshigʻini tadbirda ishtirok etayotgan barcha qatnashchilar baralla, joʻrovozlikda ijro etdilar.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Oʻzbekiston xalq shoiri, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tobora yangilanib borayotgan Oʻzbekistonimizda yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularni buyuk ajdodlarimizga munosib, yurtparvar, gʻururli, sadoqatli insonlar etib kamolga yetkazish, bilim va maʼrifat olishi yoʻlida zarur barcha imkoniyat va sharoitlar eshigini keng ochib berish masalasi ustuvor ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.
Ulgʻayib kelayotgan avlodda ezgu va olijanob fazilatlarni kamol toptirishda jonajon Oʻzbekistonimizning muqaddas ramzlari betakror oʻringa egadir. Tadbirda taʼkidlanganidek, mana bir necha yildirki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi, bayrogʻi, madhiyasi qabul qilingan kunlarni ayricha shodumonlikda, koʻtarinki ruhda, yana-da baland kayfiyatda nishonlash anʼanasi shakllandi. Bu esa koʻksida Vatan degan nomni olib yurishni yuksak sharaf bilgan barcha hamyurtlarimiz maʼnaviy hayotida oʻziga xos ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
2-iyul kuni ham yurtimiz fuqarolari uchun unutilmas sanaga aylangan. Bundan roppa-rosa 29 yil muqaddam mamlakatimizning “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzi ekani ustuvor oʻrin egallaydi. Gerbimiz madhiyamiz, bayrogʻimiz kabi erkimiz, baxtimiz, gʻururimiz, porloq istiqbolimiz, oʻzligimiz timsoli hamdir.
Vatan tarixi, xalqimizning ezgu orzu-umidlari, begʻubor intilishlarimiz aks etgani bois ham barchamiz gerbimizdan kuch-qudrat olamiz. Unda tasvirlangan har bir timsol qalbimizga tutashdir. U tobora sayqal topib boraveradi. Purviqor togʻlar adolat va gʻurur, barchaga barobar nur sochayotgan quyoshimiz – soʻnmas harorat, obodlik, bagʻrikenglik, toʻkinlikka ishora. Gerbdagi “Oʻzbekiston” soʻzi har birimizning yuragimizdan oʻrin olgan, eng qadrli soʻz, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Davlat ramzlari Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalqimiz hamjihatligi yoʻlida barchamizni birlashtirishi bilan ham qadrlidir.
– Vatan timsollari biz uchun gʻurur va or demakdir, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchisi Jahongir Usmonov. – Ularni muqaddas bilish, eʼzozlash chin insoniy, ham vatanparvarlik burchimizdir.
– Ajdodlarimiz bugungidek yorugʻ va farovon, ozod va saodatmand kunlarning orzusida armon bilan oʻtganlar, – dedi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursanti Abbosbek Mustafoyev. – Gerbimiz bayrogʻimiz, madhiyamiz kabi gʻoyat chiroyli, qalbga juda yaqindir. Unda shonli tarix, istiqlolga erishgan yorugʻ kunlarimiz, nurli kelajak oʻz aksini topgan. Vatan ramzlari bizlarni ulugʻ maqsadlar sari hamisha daʼvat etib turadi.
Tantanali tadbirda ona-Oʻzbekistonimiz, mustaqilligimiz, yoshlarga koʻrsatilayotgan ulkan mehr va eʼtibor, bunyodkor xalqimizni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar yangradi. Harbiy badiiy jamoalar, estrada yulduzlari, yozuvchi va shoirlar, taniqli sanʼatkorlarning chiqishlari kechaga yana-da tantanavor ruh bagʻishladi.