“Gurvak” qovuni geografik ko'rsatkichlari ro'yxatdan o'tkaziladigan birinchi mahsulotga aylanishi mumkin

    Bu qovun navi gilli-qumli, biroz sho'rlangan tuproqda va faqat Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog'istonda o'sadi.

    Xorazm viloyatining Urganch shahrida O'zbekistonning g'arbiy mintaqalari uchun alohida e'tiborga molik qishloq xo'jaligi mahsuloti — noyob qovun navlari uchun geografik ko'rsatkich belgisini berish masalasini muhokama qilishga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi.

    Loyiha USAIDning agrobiznesni rivojlantirish va Hilfswerk International hamda Yevropa Ittifoqining “Markaziy Osiyo — Invest V” dasturi, Avstriya taraqqiyot agentligi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Markaziy Osiyoda agrobiznes va savdoni rivojlantirishda kichik va o'rta hajmdagi agrobiznes korxonalarning raqobatbardoshligi va salohiyatini oshirish uchun mintaqaviy integratsiya — CANDY V” loyihalari hamkorlikda FAOning “Barqaror oziq-ovqat tizimlarini geografik ko'rsatkichlar orqali mustahkamlash” loyihasi ishtirokida amalga oshirilmoqda.

    O'zbekistonning Xorazm viloyati qadimdan qovun etishtirish hududi sifatida mashhur hisoblanadi — bu yerda qovunning 125 ga yaqin navlari yetishtiriladi. Bunda “Gurvak” navi muhim o'rin tutadi, bu nav, ayniqsa, nozikta'b istemolchilar tomonidan qadrlanadi va hatto, bu qovun sharafiga mintaqada shu nomdagi festival o'tkaziladi. “Gurvak” gilli-qumli hamda biroz sho'rlangan tuproqda va faqat Xorazm viloyati va Qoraqalpog'istonda o'sadi. Bu qovun to'q yashil rangda va yumaloq shaklda, yupqa po'stga ega. “Gurvak” qovuniga xos bo'lgan beqiyos ta'm uni ushbu hududlarning o'ziga xos “tashrif qog'ozi”ga aylantirgan.

    — Ikki oshpaz bir xil taomni tayyorlaydi, lekin ulardan biri uni yanada mazali qiladi va bunga ko'p omillar ta'sir qiladi, masalan, tuz solish vaqti, msalliqlarni qanday nisbatda taqsimlagani va hokazo, — deydi davra suhbati ishtirokchisi, fermer Xudoybergan Allaberganov. — Bizda ham xuddi shunday — bu kabi shirin va mazali qovun navlarini boshqa hech qayerda uchratmaysiz va buning asosiy sababi ota-bobolarimiz o'rgatgan usul bo'yicha yerga ishlov berib, qovun yetishtirganimiz hisoblanadi. Bundan tashqari, Amudaryo deltasidagi tuproqning o'ziga xos tarkibi ta'sir qiladi va bu yerda hatto suv ham boshqacha.

    “Gurvak” qovuni geografik kelib chiqishi tufayli mahsulot sifati va o'ziga xos xususiyatlarga ega bo'lishning yorqin namunasidir. Dunyoga mashhur Provans zaytun moyi, Xitoy va Lion ipaklari, Samarqand qog'ozi, Bordo, Luara va Burgundiya vinolari bunga yorqin misol bo'la oladi. O'zbekiston Respublikasining “Geografik ko'rsatkichlar to'g'risida”gi yangi qonuniga ko'ra, kelib chiqish joyi bilan chambarchas bog'liq bo'lgan an'anaviy mahsulotlar O'zbekistonda “geografik ko'rsatkich” maqomiga va intellektual mulk obyekti sifatida huquqiy himoyaga ega bo'lishi mumkin. Qonun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) ko'magida “Ma'muriy tizimni mustahkamlash orqali barqaror geografik ko'rsatkichlarni boshqarish va qo'llab-quvvatlash” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.

    — FAO mamlakatda geografik ko'rsatkichlarni targ'ib qilishga qaratilgan ikkita loyiha doirasida O'zbekistonda yordam ko'rsatadi, — deydi FAOning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o'rinbosari Sherzod Umarov. — Birinchisi, loyiha doirasida biz O'zbekiston Respublikasining “Geografik ko'rsatkichlar to'g'risida”gi Qonunini ishlab chiqishda ko'mak berdik. Bu loyiha muvaffaqiyatli yakunlandi. “Barqaror oziq-ovqat tizimlarini geografik ko'rsatkichlar orqali mustahkamlash” mavzusidagi ikkinchi loyiha esa alohida mahsulotlar uchun amalda bo'lgan geografik ko'rsatkichlarni keng tatbiq etishga qaratilgan. Shu bilan birga, loyiha doirasida samarali marketing strategiyasi ishlab chiqilmoqda hamda qishloq xo'jaligi bozorini axborot bilan ta'minlash ko'zda tutilgan. Bularning barchasi qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksportini rag'batlantirishga xizmat qiladi.

    “Gurvak” qovuni yangi qonun asosida geografik ko'rsatkichlari ro'yxatdan o'tkaziladigan birinchi mahsulotga aylanishi mumkin. Davra suhbati ishtirokchilari mashhur Xorazm qovunlariga yangi maqom berish eksportni ko'paytirish, agroturizmni rivojlantirish, shuningdek, “Made in Uzbekistan” brendini targ'ib qilishga yordam berishini ta'kidladilar.