Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, ziyoratchilar istiqomat qilishi rejalashtirilgan Madina shahridagi “Zam-zam Pullman”, Makka shahridagi “Roshidiya”, “Abraj al-Dana”, “Laba Darna”, “Ruba al-Hijaz” mehmonxonalari atroflicha ko‘zdan kechirilmoqda.

Har bir xonada yotoq choyshablarining ozodaligi, yuvinish xonasidagi sharoitlar, sovutkich, muzlatkich, stol-stul, jurnal stoli, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz, Qur’oni karim, telefon, televizor va zamonaviy mebellar bilan jihozlanganligiga alohida e’tibor qilindi.

Shuningdek, oshxonadagi stol-stullar, ovqat tarqatish joylari va tibbiy bo‘limdagi o‘rinlar soni, jihozlar holati, dori-darmon saqlash ombori hamda ziyoratchilar uchun xizmatlar sifatini yanada oshirishga katta diqqat qilindi. Bundan tashqari, ziyoratchilarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi belgilar foyelar, koridorlar, qavatlar va liftlarga o‘rnatildi.

"Ishchi guruhi tayyogarlik ishlarini ziyoratchilarimizning ilk guruhi muborak zaminga yetib borgunga qadar davom ettiradi. Maqsadimiz yurtdoshlarimiz shinam sharoitlarda haj amallarini ixlos ila ado etib, ona-Vatan va farzandu arjumandlar bag‘riga eson-omon olib kelishdir", deyiladi xabarda.