Tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi va korxona jamoasini yaqinlashayotgan Mustaqillik bayrami bilan qutladi. Eng faol xodimlarga viloyat hokimligining sovgʻalari topshirildi.
Umumiy loyiha qiymati 7,2 million AQSH dollari boʻlgan ushbu “Fibra kabel” korxonasi tadbirkor Alisher Gʻofurovning oʻz mablagʻlari hamda xorijiy kredit hisobiga tashkil etilgan.
Loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushishi natijasida endi korxonada 45 turdagi bolalar oʻyinchoqlari bilan birga mamlakatimizda ishlab chiqariladigan 7 ta rusumdagi avtomobillarga metalldan 50 dan ortiq turdagi ehtiyot qismlar, kapot va qanotlar ishlab chiqariladi.
Korxonada bugungi kunda 300 nafar ishchi va xodimlar faoliyat koʻrsatmoqda. Shundan 250 nafari yoshlar.
Korxona tomonidan yiliga 7,8 mln. dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan. Ishlab chiqariladigan mahsulotlar Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston va MDH davlatlariga eksport kilinadi. Yiliga ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarining kamida 30 foizi — 2,5 mln. dollarlik qismi eksportga yoʻnaltiriladi.
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri