Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi va Yahudiy xalqi tarixi markaziy arxivi (Quddus) oʻrtasida arxiv ishi sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum videokonferens-aloqa formatida imzolandi.

Har ikki davlat oʻrtasidagi tarixiy shakllangan doʻstona munosabatlarni inobatga olib, ushbu arxiv muassasalari oʻrtasida Ishtirokchilarning oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatish istagidan kelib chiqib, quyidagilar toʻgʻrisida oʻzaro anglashuvga erishildi:

arxiv hujjatlaridan foydalangan holda ochiq arxiv hujjatlari toʻgʻrisida maʼlumot va kasbiy tajriba almashish boʻyicha ish olib borish, oʻzaro ilgʻor texnik va dasturiy taʼminotdan foydalangan holda mutaxassislarni oʻqitish va malaka oshirish yoʻnalishlarida hamkorlik qilish;

arxiv hujjatlarini aniqlash va ularning nusxalarini oʻz davlatlari qonunchiligiga muvofiq hamda oʻz vakolatlari doirasida kelishuvga asosan taqdim etib borishda bir-birlariga koʻmaklashish;

oʻzbek va yahudiy xalqlari tarixi hamda madaniyati bilan bogʻliq ochiq turdagi arxiv hujjatlarini oʻz ichiga olgan arxiv fondlarini tavsiflash va oʻrganish boʻyicha hamkorlik qilish, arxiv manbalari toʻgʻrisida maʼlumotlarni oʻzaro almashish va hujjatlarning mavzuli roʻyxatlarini tuzish;

oʻzaro manfaatdorlik asosida Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, Oʻzbekiston Respublikasidagi yahudiylar diasporasi tarixi, Isroil Davlatiga koʻchib borgan oʻzbekistonliklar tarixi va boshqalar boʻyicha qoʻshma ilmiy tadqiqot loyihalarini oʻtkazish hamda kelishilgan mavzu asosida hujjatli koʻrgazmalar, seminarlar va anjumanlarni tashkil qilish.