Baxtga intilib yashash insoniyatga xos umumiy tuygʻu. Bobom aytardi: erkak kishining baxti – uyiga toʻrtta non koʻtarib kelishida! Xasta buvim derdi: toʻrt muchang sogʻmi, demak, eng baxtli odamsan! Otamning gapi: sizlarni (farzandlarimni) oʻqitib, ziyoli qildim, mendan ortiq baxtlisi yoʻq! Onam: sen va singillaringning oilasi tinchligi – eng katta baxtim! Turmush oʻrtogʻim deydi: bolalarimiz yaxshi inson boʻlib yetishsa, yomonlardan uzoq boʻlsa, qanday baxt-a! Kenja farzandim: eng oxirgi telefon modelini olsam edi! Toʻrt yoshli nabiramga baxt haqida tushuncha berib, “baxt nima ekan” deb soʻrasam, mohiyatini anglab-anglamay javob beradi: menga koʻp-koʻp shirinlik olib kelishingiz...
Koʻrinib turibdiki, har kim uchun baxt haqidagi tushuncha yoshi, sogʻligʻi, mavqei va, nihoyat, zamon hamda davrga qarab turlicha ifoda etiladi. Bizning avlod koʻrgan XX asrning soʻnggi choragida odam qora qozoni qaynab tursa, yangi ust-bosh kiysa, qish uchun koʻmir gʻamlab qoʻysa, chakka oʻtayotgan uy tomini taʼmirlab olsa, baxtiyor edi. Yaqin oʻtmishda hatto plastik kartadagi pulini ming mashaqqatda naqdlashtirgan yoki rasmiy kurs boʻyicha bankdan ur-toʻpalonda xorij valyutasini sotib olishni uddalagan borki, oʻzini baxtli sanardi.
Yana uzoqqa bormaylik. Sport, xususan, boks muxlislariga qarang. Ketma-ket yirik xalqaro musobaqalarning eng yuqori pogʻonalarini egallab, xalqimizga quvonch ulashib kelayotgan bokschilarimiz bir safar oltin emas, kumush yo bronza medalga ega chiqqudek boʻlsa, ayrim yurtdoshlarimiz norozi kayfiyatga tushib qolayotgani ham bor gap-ku.
Yoki futbol ishqibozlarini oling. Yigitlarimiz saralash turnirining navbatdagi bosqichiga chiqsa, mahallaga osh berishga tayyor muxlislar bor edi. Nihoyat milliy terma jamoa futbol boʻyicha jahon chempionatiga chiqdi. Millionlab sportsevarlar baxt nimaligini yana bir bor oʻz tanasida his qildi. AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida oʻtajak jahon birinchiligi guruhlari qurʼa orqali aniqlangach, avval bitta oʻyinda gʻalaba qozonsak ham mayli, degan muxlislar endi qoʻrqmasdan guruhdan chiqish haqida bashoratlarga berilib ketishdi.
Baxt shunday tushuncha, uning chek-chegarasi belgilab qoʻyilmagan – ishtaha tanovvul paytida keladi. Toʻgʻri, xalqimizda azaldan baxtlilik darajasiga taʼsir koʻrsatuvchi asosiy omillar sifatida, birinchi navbatda, farzandlar borligi, oʻzbek xalqining oilaviy qadriyatlarga sodiqligi, oiladagi samimiy munosabatlar va gʻamxoʻrlik, sogʻlom hayot kechirish imkoniyati hamda iqtisodiy farovonlik anglangan va eʼtirof etilgan.
Illo, bugun zamon tezlashdi, taraqqiyot jadallashdi, islohotlar koʻlami quloch yozdi. Shunga yarasha insonlar qarichi, maqsad va murodi, koʻzlagan marralari darajasi yuksaldi. Bunga soʻnggi yillarda davlatimizda yuritilayotgan odamlarni rozi qilish, turmush farovonligini oshirish, taraqqiy ettirish uchun har tomonlama keng imkoniyatlar yaratish siyosati asosiy omil boʻldi. Hozir hech kim yuqorida sanalgan erishuvlarga qanoat qilmaydi. Negaki, takror boʻlsa ham aytamiz: marra yuqorilab, maqsad kattalashib boradigan davrlarga keldik va bu tabiiy!
Baxt yoki baxtiyorlik balki ilmiy doiralarda qandaydir formulalar, aniq ilmiy taʼriflar bilan ifodalanar. Lekin kundalik sodda va murakkab muhitimizda uning oʻlchovi, vazni, boʻyi, eni, rangi kabi sifatlari mavjud emas. Bitta yagona shakli ham yoʻq. Ammo baxtning zalvori bor. Ana shu zalvor uni baxt sifatida umumiy nuqtada birlashtirib turadi.
Shaxs, jamiyat va bashariyat uchun ifodasi turlicha, ammo maqsad-muddaosi bitta baxt tushunchasi mavjud. Mutafakkir Jaloliddin Rumiy “Odamning eng baxtli lahzasi boshqalarga yaxshilik qilgan damlaridir”, deydi. Abu Nasr Forobiy esa “Inson yuksak kamolotga erishuv yoʻlida harakat qilgandek, aqliy bilimga ham harakat qilsa, hech shubhasiz, oʻzi intilayotgan soʻnggi darajadagi baxt-saodatga erishadi” hikmatini ilgari suradi. Ahamiyat bersangiz, bu oʻrinda zalvor boshqa rakursda namoyon boʻlyapti.
Baxt har bir inson izlaydigan orzu. Uni faylasuf oʻtkir fikri, olim ilmi, sodda kishi oddiy soddaligi, davlatmand hashamatli uyi, kambagʻal esa pastqam kulbasidan izlaydi. Baxtiyorlik - maʼnaviy hodisa. Uni inson qalbi bilan, ichki huzurlanishi bilan his qiladi.
Bugun zamon shiddati oʻzgardi, bu oldimizga qoʻygan maqsad va talablarimizga ham taʼsir qildi, dedik. Bu yerda xalqimizning oʻziga ichki ishonchi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yangi oila qurgan farzandim uchun yangi uy solaman, kvartira sotib olaman, otam uchun avtomobil xarid qilaman, IELTSdan eng yuqori ball olib, nufuzli taʼlim dargohida oʻqiyman, zoʻr mutaxassis boʻlib, dunyoning yetakchi kompaniyalarida ishlayman, deb harakat qilayotgan va bu maqsadlariga erishayotgan hamyurtlarimizning bugun son-sanogʻi yoʻq.
Yangi Oʻzbekistonda yetishib kelayotgan “oltin avlod” tiynatida “men kuchliman” degan kayfiyat hukmron. Maʼnaviy toʻqlik bilan oziqlangan shijoatli avlod oʻzida uygʻonayotgan vatanparvarlik xislatlarini dunyoga namoyish qilyapti.
Xalqaro miqyosda baxtni, baxtiyorlikni oʻlchashning qator shakllari qoʻllaniladi. Masalan, oʻtgan yili mart oyida BMTning jahon mamlakatlari farovonligi darajasini oʻrganuvchi markazi World Happiness Report Oʻzbekistonning baxtli mamlakatlar reytingidagi oʻrni haqida maʼlumot berdi. Mamlakatimiz aholisi baxtli mamlakatlar reytingida 53-oʻrinni egalladi. Hisobotda Qirgʻiziston 75-oʻrin, Rossiya 72-oʻrin, Moldova 80-oʻrin, Armaniston 87-oʻrin, Tojikiston 90-oʻrin, Gruziya 91-oʻrin, Ozarbayjon 106-oʻrin va Ukraina 111-oʻrinda qayd etilgan.
World Happiness Report xalqaro tadqiqot loyihasi boʻlib, u butun dunyo mamlakatlaridagi odamlarning baxtlilik darajasini oʻlchaydi. Reytingni tuzishda mamlakatning iqtisodiy salohiyati (aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot), sogʻliqni saqlash sifati (oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi), erkinlik va xavfsizlik darajasi kabi mezonlar, shuningdek, aholining davlat va uning siyosatiga ishonchi darajasi kabi ijtimoiy jihatlar hisobga olinadi.
“Hammamizga ayonki, Mirzo Ulugʻbek bobomiz bundan olti asr muqaddam insoniyat uchun yulduzlar xaritasini yaratgan edi. Bugun esa biz hozirgi va kelajak avlodlarimiz uchun baxtli hayotga olib boradigan yoʻl xaritasini yaratishimiz lozim.
Mana shu haqiqatni chuqur his etib, barchamiz birlashib harakat qilsak, har qanday yuksak marrani zabt etishga qodirmiz, biron-bir kuch bizni oʻz yoʻlimizdan qaytara olmaydi. Bir boʻlsak, yagona xalq, yagona millat boʻlib olgʻa intilsak, koʻzlagan ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz!
Men bu yoʻlda mard va olijanob xalqimizga ishonaman! Oʻzbekistonning beqiyos kuchi va imkoniyatlariga, aziz yoshlarimizning azmu shijoatiga ishonaman!”
Davlatimiz rahbarining oʻtgan yil dekabr oyi soʻnggida Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasi aynan shu daʼvat bilan yakunlanadi. Uning maʼnosini anglagan har bir yurtdoshimiz esa baxtli hayotga olib boradigan “yoʻl xaritasi”ning hammualliflari qatoridan joy olishi mumkin.
Xulosa oʻzingizdan.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri