Ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 2025-yil 2-sentyabr kuni Pekin shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirokidagi muzokaralari boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida “Bir ma­kon, bir yoʻl” tashabbusi doirasida juda samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini alo­hida taʼkidlash joiz. Davlatlararo, huku­matlararo, idoralararo qator bitimlar sar­moyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun zarur huquqiy asos yaratmoqda. Ikki mamla­kat kompaniyalari ishtirokida sanoat koope­ratsiyasi, infratuzilmani modernizatsiyalash, transport, farmatsevtika, telekommunikatsiya, yuqori texnologiyali sanoat parklari loyi­halari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Qadimiy Ipak yoʻlini qayta tiklash va rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasida mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni mustah­kamlash borasida amalga oshirilayotgan chora- tadbirlar ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iq­tisodiy aloqalar koʻlamini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buyuk ipak yoʻ­lini qayta tiklashga qaratilgan ushbu gʻoya tarixan qisqa davrda koʻplab tarafdorlari­ga ega boʻlgan holda xalqaro hamkorlikning yangi modeliga aylandi. Chunki Xitoyning Markaziy Osiyo, Yevropa va Afrika minta­qasida joylashgan 70 dan ortiq mamlakatni oʻzaro bogʻlovchi mavjud iqtisodiy yoʻlaklar­ni yanada takomillashtirish, yangi transport va savdo yoʻllarini yaratishni koʻzlagan bu xalqaro tashabbusi yurtimizning barcha dav­latlar va mintaqalar bilan oʻzaro manfaatli, teng huquqli hamkorlikni rivojlantirish maqsadlariga toʻla mos keladi.

“Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi aynan mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni qoʻl­lab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, tovarlar, kapital, xizmatlar va texnologiyalarning erkin harakatini bosqichma-bosqich amalga oshirish maqsadida savdo va investitsiyalar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, shu­ningdek, keng koʻlamli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, transport va kommunika­siyalar sohasidagi mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish, davlatlarning tran­zit salohiyati va energiya tizimlarini ri­vojlantirish kabi dolzarb masalalar yechi­miga qaratilgan.

Bu tashabbus dengizga toʻgʻridan toʻgʻri chi­qish yoʻliga ega boʻlgan davlatlar bilan ham, qitʼaning ichkarisida joylashgan mamla­katlar bilan ham integratsiya loyihalari­ni amalga oshirishni nazarda tutadi. “Bir makon, bir yoʻl” 2013-yilning sentyabr va oktyabr oylarida XXR Raisi Si Szin­pinning Qozogʻiston va Indoneziyaga tash­riflari davomida uzoq muddatli strategik rejalar sifatida ilk bora ilgari surildi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad Buyuk ipak yoʻli doirasida qoʻshni davlatlar bilan ham­korlikda “iqtisodiy zanjirni qurish” hi­soblanadi. Ushbu maqsadga erishish yoʻlida hamkorlikning toʻrtta yoʻnalishi — siyosiy maslahatlashuvlar, transport infratuzilma­si, savdoni osonlashtirish va pul muomalasi masalalari qamrab olindi. Xitoyning har tomonlama strategik sherigi sifatida Oʻz­bekiston “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusini birinchilardan boʻlib qoʻllab-quvvatladi.

Xitoy tashabbusi dastlabki qamrovidan farqli ravishda ancha kengaydi, geografik jihatdan dunyoning deyarli barcha mintaqala­rini qamrab oldi. Tashabbus tarafdorlari boʻlgan mamlakatlar mintaqaviy jihatdan noyob tabiiy resurslar, ishlab chiqariladi­gan mahsulotlar, yangi innovatsion ishlanma­lar, malakali ishchi kuchi va inson kapitali, texnologik imkoniyatlar borasida yuqori sa­lohiyatga egadir.

Soʻnggi yillarda temir yoʻllardan, den­giz portlaridan va raqamli infratuzil­malardan foydalanish boʻyicha hamkorlik kengayishi kuzatildi. Shuningdek, savdo- iqtisodiy va moliyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda ham­korlik boshlandi.

Yurtimizning xalqaro munosabatlardagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga koʻtaril­di. Oʻzbekiston tomonidan oʻzaro manfaatli hamkorlikni taʼminlashga xizmat qiladigan koʻp tomonlama munosabatlarni kengayti­rish boʻyicha ilgari surilgan barcha taklif va tashabbuslar mintaqadagi ijtimoiy-iqti­sodiy barqarorlik hamda ishonchni mustah­kamlashda muhim rol oʻynamoqda.

Hozirgi kunda Oʻzbekiston — Xitoy oʻr­tasidagi oʻzaro savdo-iqtisodiy va inves­titsiyaviy hamkorlik munosabatlarini ri­vojlantirish, transport sohasidagi mavjud imkoniyatlardan birgalikda va toʻlaqonli foydalanish, aloqalarni yanada kengaytirish nafaqat mintaqaviy, balki global darajada barqarorlikka erishishda muhim omildir.

Erkin savdoni kengaytirish, infratuzil­ma rivojiga eʼtibor qaratilayotgani ikki mamlakatning faol hamkorligini kuchaytir­moqda. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatlar­dagi mavjud resurslardan toʻlaqonli foy­dalanish, xalqaro taʼminot zanjirlarini mustahkamlash va iqtisodiy integratsiyala­shuvni kuchaytirishga qulay sharoit yaratadi. Shunga mos ravishda savdo-iqtisodiy, texno­logik va moliyaviy-investitsiyaviy hamkor­lik jadallashmoqda. Oʻzbekiston 200 ga yaqin davlat bilan savdo aloqalariga ega boʻlsa, 2025-yilning yanvar-iyun oylarida mamla­katimiz umumiy tashqi savdo aylanmasining 17,7 foizi aynan Xitoy ulushiga toʻgʻri ke­ladi. 2024-yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 14 milliard dollardan oshdi. Sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berish orqali bu koʻrsatkichni 20 milliard dollarga yetka­zish vazifasi turibdi.

Davlat rahbarlarining joriy muzo­karalari jarayonida Xitoy — Qirgʻizis­ton — Oʻzbekiston strategik temir yoʻli qurilishining amaliy bosqichi boshlan­gani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu transport yoʻlagining ishga tushishi mam­lakatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy ham­korlikning yanada rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu loyiha minta­qalararo aloqalarni mustahkamlashga yor­dam berib, Markaziy Osiyo davlatlarining transport yoʻlaklarini diversifikatsiya qilish va mintaqaning xalqaro transport- tranzit markazi sifatida raqobatbardosh­ligini oshirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari Xitoyga rasmiy tashrifi doirasida “China Gold”, “China Coal Resources”, “China Datang Corporation”, “Tianjin Rail Transit Group”, “Poly Changda”, “Tianjin Urban Construction”, “Jinchuan Group”, “China Synfuels”, “Jinchuan”, “ST Wonderful”, “Mizuda”, “World Agriculture”, “Dongzhu Ecology” va boshqa mahalliy yetak­chi kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda energetika, geologiya, qishloq va suv xoʻjaligi, kimyo, zargarlik sanoati, ja­moat transportini modernizatsiyalash, inf­ratuzilmani rivojlantirish va turizm so­halarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Xitoy mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish dasturlarini amalga oshirish, raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va sanoatning eksport salohiyatini yuksal­tirishda faol ishtirok etmoqda. Bu jarayon­da Xitoyning yetakchi sanoat kompaniyalari bilan uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli aloqalarni, birinchi navbatda, yuqori tex­nologiyaga asoslangan tarmoqlarni rivoj­lantirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Buning natijasida investitsiya loyihalari portfeli 60 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda. 2024-yilda umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq 64 ta loyiha ishga tushirildi. Mamlakatimiz hududla­rida qoʻshma texnoparklar va maxsus industrial zonalar faoliyat yuritmoqda, “BYD” elektromobillarini ishlab chiqarish kengay­tirilmoqda.

Energetika, jumladan, qayta tiklana­digan energiya, neft-gaz, kimyo, avtomobil­sozlik, elektrotexnika, qurilish material­lari ishlab chiqarish, telekommunikatsiya, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi kabi yoʻnalishlarda faol inves­titsiyaviy hamkorlik mavjud. Buning nati­jasida milliy iqtisodiyotning tarmoq va sohalarida Xitoy kapitali ishtirokidagi qoʻshma korxonalar tobora koʻpayib, hozirgi kunda samarali faoliyat koʻrsatib kelmoq­da. Xususan, Xitoy kapitali ishtirokida 3700 dan ortiq qoʻshma korxona faoliyat yuri­tayotgan boʻlib, bu mamlakatimizdagi chet el kapitali ishtirokidagi mavjud barcha kom­paniyalar umumiy sonining qariyb 25 foi­zini tashkil etadi. Infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, “yashil” energiya sohalarida yirik qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Uglevodorod xomashyosini qazib olish va qayta ishlash boʻyicha yuqori texnologik lo­yihalarni mamlakat ichida va tashqi bozor­larda amalga oshirishga ixtisoslashgan dunyo­ning eng yirik energetika kompaniyalaridan biri “China National Petroleum Corporation” (CNPC) hisoblanadi. Ushbu kompaniyaning mamlakatimizga kiritgan toʻgʻridan toʻgʻri in­vestitsiyalari hajmi 5 milliard dollardan oshdi. Istiqbolda mazkur kompaniya bilan investitsiyaviy hamkorlik portfelini yanada kengaytirish va yer osti tabiiy gaz saqlash inshootlarini qurish, infratuzilmani mo­dernizatsiyalash, zamonaviy metrologik stan­dartlar hamda innovatsion yechimlarni joriy etish loyihalarini ilgari surish maqsad qilingan.

Mamlakatlar oʻrtasida savdo, sanoat koo­peratsiyasi, transport-logistika, innova­siya, “yashil” va raqamli iqtisodiyot infra­tuzilmasini rivojlantirish kabi muhim yoʻnalishlarda hamkorlikni faollashtirish savdo-iqtisodiy salohiyatni yanada mustah­kamlashga xizmat qilmoqda. Shu maqsadda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Raisi Si Szinpinning Pekin shahri­da boʻlib oʻtgan muzokaralari yakunida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan koʻplab ikki tomonlama hujjat­lar imzolandi. Oʻzbekiston va Xitoy oʻrta­sidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bilan bogʻliq keng koʻlamli masalalar, imzo­langan hujjatlar va erishilgan kelishuvlar Oʻzbekiston — Xitoy munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Shu­ningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, “Oʻzbekiston — 2030” strate­giyasi va “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusini oʻzaro bogʻlash, ilm-fan, tibbiyot, taʼlim va turizm sohalaridagi sheriklikni kengay­tirish, texnik-iqtisodiy va muvofiqlikni baholash sohasidagi hamda inson resursla­rini rivojlantirish va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash, “yashil” energetika, qishloq xoʻjaligi va inf­ratuzilma kabi sohalarda ilgʻor innovatsion loyihalarni amalga oshirish masalalarida­gi hamkorlikni jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratilishi mintaqaviy darajada­gi aloqalarni faollashtirishda muhim rol oʻynaydi.

Bir soʻz bilan aytganda, oʻzaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, mamlakatlarning qulay investitsiyaviy va biznes salohiyatidan samarali foydalanish asosida savdo-iqtiso­diy faoliyatni jadallashtirish istiqbolda mintaqaviy darajadagi iqtisodiy oʻsishni barqarorlashtirish va taraqqiyotni ragʻbat­lantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Jasurbek OTANIYOZOV,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor