Hamyurtimiz Avstriyaning Esterxazi saroyida beriladigan konsertda musiqachilar safida ishtirok etadi

    Madaniyat 3 Iyul 2020 1947

    Avstriyaning Ayzenshtadt shahri Esterxazi saroyida 19-sentyabr kuni “Vena mumtozlari” sifatida eʼtirof etilgan Gaydn, Shubert va Betxoven musiqalariga bagʻishlangan konsert boʻlib oʻtadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Ayzenshtadt sayyohlik uyushmasi maʼlumotiga asoslanib.

    Unda poytaxtimizning V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi bitiruvchisi, mohir pianinochi Roman Rabinovich taniqli Esterxazi saroyida uch nafar pianinochilar tarkibida mashhur kompozitorlar asarlarini ijro etadi.

    «Musiqa ixlosmandlari Esterxazi saroyida oʻtkazilishi kutilayotgan betakror kechada soʻnggi yillarda Gaydn, Betxoven va Shubert ijod namunalari ustida izlanishlar va ijodiy faoliyat olib borgan uch nafar taniqli yosh musiqachilar ijro mahoratidan bahramand boʻlishadi», deb yozadi Avstriya internet manbasi.

    Qayd etish joiz, asli oʻzbekistonlik yosh isteʼdod sohibi AQSH, Kanada, Rossiya va Yevropa davlatlari musiqa ixlosmandlari qalbini zabt etishga muvaffaq boʻlgan. U Artur Rubinshteyn nomidagi 12-Xalqaro fortepiano ustalari tanlovi gʻolibi hisoblanadi.

    Oʻtgan yili AQSHning “The New York Times” nashrida chop etilgan maqolalardan birida vatandoshimiz ijro mahoratiga baho berilib, “Joʻshqin hissiyotlarga boy” deya taʼriflangan edi.