“Hanshin Engineering & Construction Co Ltd.” kompaniyasi Qoʻqon shahrida Koreya sifati va texnologiyasi asosida 5 000 xonadonli K-Town turar-joy majmuasini barpo etilishi rejalashtirilgan. Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Fargʻona viloyati vakillari Koreyaning maʼmuriy poytaxti Sejongda ushbu kompaniya tomonidan barpo etilgan obyektlarni koʻzdan kechirib, kompaniyaning salohiyati hamda qurib bitkazgan obyektlarining sifatini oʻrgandi.

Hanshin kompaniyasi tomonidan Sejong hududida jami 12,5 mingta xonadondan iborat 13 ta turar-joy majmuasi loyihasi amalga oshirilib, ulardan 11 tasi foydalanishga topshirilgan.

Har bir majmuada 20 qavatdan 50 qavatgacha boʻlgan koʻp qavatli uylar eng ilgʻor qurilish standartlari asosida, “yashil makon” tamoyillari va aholi ehtiyojlari toʻla inobatga olingan holda qurib bitkazilgan.

Majmualarni loyihalashda ularning har biridan bolalar maydonchalari, sport maydonchalari, sayr yoʻlakchalari, dam olish hududlari, yashil maydonlar, velosipedlar saqlash joylari, yerosti avtoturargohlar, zamonaviy chiqindi qutilari oʻrin olgani, yangi qurib bitkazilgan majmualar hududiga koʻp yillik daraxtlar olib kelib oʻtqazilgani eʼtibor tortdi.

Yashash uchun tayyor holatda uy egalariga taqdim etilgan xonadonlar 59, 84 hamda 115 kvadrat metr maydondan iborat boʻlib, har birida turmush uchun kerakli eng kichik jihatlar ham hisob qilingan. Eng kichik xonadonda ham yotoqxona, mehmonxona, bolalar xonasi, ikkita sanuzel, kirxona, garderob xonalari, oshxona, kichik balkon oʻrin olgan.

Hanshin kompaniyasi rahbari Choy Mun Kyu viloyat hokimiga Qoʻqonda amalga oshirish rejalashtirilayotgan loyihada nafaqat Sejongdagi majmualarga tatbiq etilgan har bir standart oʻrin olishini, balki yashovchilar uchun yanada koʻproq qulayliklarni koʻzda tutilishini maʼlum qilishdi.

Ertaga Fargʻona viloyati hokimligi hamda “Hanshin Engineering & Construction Co Ltd.” kompaniyasi oʻrtasida Qoʻqon shahrida barpo etiladigan turar-joy majmuasi boʻyicha investitsion hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.