Haqiqat qaror topdi

    Rishton tumani “Pandigon” MFYda yashovchi S.Rahimovning tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yoʻllagan murojaati oʻrganildi.

    Maʼlum boʻlishicha, isteʼmolchi bu yil 14-marti kuni tumandagi “Omadli yurt farovonligi” MCHJga qarashli aviakassadan Namangan (Oʻzbekiston) — Yekaterinburg Kolsovo (Rossiya) yoʻnalishida uchadigan aviareysga 2 965 000 soʻmga chipta sotib olgan.

    Lekin u oradan ikki kun oʻtib, mazkur reys bekor qilingani toʻgʻrisida xabar topgach, aviakassaga kelib chipta uchun toʻlagan puli qaytarilishini soʻraydi. Aviakassa xodimlari pulni isteʼmolchiga qaytarishni paysalga solib kelgan.

    Mutaxassislarning amaldagi qonunchilik talablari boʻyicha tushuntirish olib borishi natijasida isteʼmolchiga bekor boʻlgan aviareys chiptasining puli toʻliq qaytarilishiga erishildi.

    Rishton tumani “Navbahor” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Sh.Xolmatov ham tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.

    Fuqaroning maʼlum qilishicha, u oʻtgan yili may oyida “Xusanboy hoji oʻgʻli Dilmurod” xususiy korxonasidan Quvasoy shifer zavodida ishlab chiqarilgan 200 dona shifer xarid qilgan. Shu yilning boshida tomga yopilgan shiferlardan 30 tasi yorilib, sifatsiz holga kelib qolgan.

    Isteʼmolchining murojaatida koʻrsatib oʻtilgan vajlarni oʻrganib chiqish jarayonida Quvasoy shifer zavodi mutaxassislariga yuzaga kelgan holat, amaldagi qonunchilik asoslari, isteʼmolchi huquqlari yuzasidan tushuntirish berildi.

    Natijada “Xusanboy hoji oʻgʻli Dilmurod” xususiy korxonasiga qarashli doʻkonda sotilayotgan sifatli shiferdan 30 donasi isteʼmolchiga yetkazib berildi, deyiladi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmati xabarida.