Mamlakatimizning qaysi hududlariga suv tizimi yetib borgan, qaysi mahallalarda esa ichimlik suvi yoʻq? Yaʼni aholining suvga boʻlgan ehtiyoji qay darajada qondirilgan? Uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish vazirligida boʻlib oʻtgan tadbirda shu va shu kabi savollarga aniq va puxta javob topish, buning uchun esa joylardagi mavjud holatni “mahallabay” kesimida jiddiy oʻrganish lozimligi taʼkinlandi. Qayd etildiki, faqat bunda qogʻozdagi hisobot va maʼlumotlar bilan cheklanmay, haqiqiy holatni joyiga borib oʻrgangan holda xulosa berish zarur boʻladi.
Ayni vazifani amalga oshirish maqsadida Uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish vaziri topshirigʻigi koʻra, viloyatlar kesimida hududiy ishchi guruhlari, ularning maʼlumotini umumlashtirish va muvofiqlashtirish uchun esa Yigʻma ishchi guruhi tashkil etildi.
Muhimi, shakllantiriladigan maʼlumotlar hududlardagi mavjud suv inshootlarini inventarizatsiyadan oʻtkazish va yangidan barpo qilinadigan koʻp qavatli uylarni oʻzida jamlagan zamonaviy shaharchalarni suv bilan taʼminlashning real imkoniyatlarini koʻrsatadi, deya taʼkidlandi tadbirda.
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Qurilish vazirligi va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ mutaxassislari hamda tegishli mutasaddi tashkilot va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhlari bugundan bu boradagi ishlarni boshlab yuborishadi.