Bu tashabbus, avvalo, yoshlarning kelajakka ishonchini mustahkamlash, mamlakat iqtisodiyotiga yangi kuch-quvvat berish demakdir.

Shahrisabz davlat pedagogika institutida har yili yuzlab yoshlar turli yoʻnalishda taʼlim olib, orttirgan bilim va koʻnikmasini amaliyotga tatbiq etib kelmoqda. Xususan, 2024/2025 oʻquv yilida institutimizni 2021 talaba tamomladi. Bitiruvchilarning 1613 nafari xotin-qizlar boʻlib, 159 nafari hozir bola parvarishi va tugʻuruq taʼtilida.

2024/2025 oʻquv yilida bitiruvchilarimiz orasida ish bilan taʼminlanganlar soni sezilarli darajada ortdi. Jumladan, 1170 yigit-qiz oʻz yoʻnalishi boʻyicha ish boshladi. Ularning koʻpi mutaxassisligi doirasida taʼlim-tarbiya, ilm-fan va boshqa sohalarda mehnat qilmoqda.

Yosh mutaxassislarning aksariyati maktablar, litsey va kollejlar, taʼlim markazlari, madaniyat muassasalari kabi muhim maskanlarda faoliyatini boshlagan boʻlsa, bir qismi xususiy sektor va oliy taʼlim tizimida oʻrnini topgan. 82 bitiruvchimiz bilimini oshirish maqsadida magistratura bosqichida taʼlimni davom ettirmoqchi yoki ikkinchi mutaxassislik boʻyicha oʻqimoqchi.

Bu koʻrsatkich mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, taʼlim-tarbiya tizimidagi izchil islohotlarning amaliy samarasidan dalolat beradi. Ayniqsa, oliy taʼlim muassasalari bilan ish beruvchi tashkilotlar oʻrtasidagi yaqin hamkorlik, mehnat yarmarkalari muntazam tashkil etilishi, amaliyot bazalari kengaytirilishi bitiruvchilar bandligini taʼminlashda gʻoyat muhim.

Taʼlim tizimidagi islohotlar, jumladan, oliy taʼlim muassasalari bilan mehnat bozori oʻrtasidagi hamkorlik, bitiruvchilarni kasbiy faoliyatga tayyorlash, bandligini taʼminlashda katta oʻrin tutmoqda. Institutimizda ushbu yoʻnalishda ham salmoqli ishlar qilinmoqda. Ish beruvchilar bilan uchrashuvlar, seminarlar tashkil etilishi, amaliyot bazalarini kengaytirish, mahalliy hamda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani, mehnat yarmarkalarini oʻtkazish kabi tashabbuslar tufayli bitiruvchilar oʻz yoʻnalishi boʻyicha ish topish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Bu esa yoshlarning nafaqat kasbiy tayyorgarligini oshirish, balki ish bilan taʼminlanish darajasini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qilyapti.

Institutda oʻtkazilgan “karyera kunlari” mehnat yarmarkalarida Qashqadaryo viloyatidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim maktablari, xususiy oʻquv markazlari hamda turli tashkilotlar boʻsh ish oʻrinlari taqdimotini oʻtkazdi. Mehnat yarmarkalarida 92 bitiruvchi bilan ishga joylashtirish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Prezidentimizning 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, bandligini taʼminlashda dasturulamal boʻlyapti. Ushbu qaror yoshlarga nafaqat ish oʻrinlari ochish, balki ularni mehnatga yoʻnaltirish, kasbiy jihatdan shakllanishini qoʻllab-quvvatlash hamda jamiyatda munosib oʻrin egallashiga koʻmaklashmoqda.

Qarorning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, u bitiruvchilar uchun mehnat bozoriga kirish jarayonini soddalashtirib, yangi imkoniyat va istiqbollarni yuzaga chiqarmoqda. Shu asosda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Oʻzmilliybank” AJ hamkorligida “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshirilmoqda. Mazkur dastur yoshlarning bilim va salohiyatini yuzaga chiqarish, orzularini amalga oshirishga xizmat qilmoqda.

“Kelajakka qadam” dasturi doirasida yoshlar malakali mutaxassislardan maslahat olib, turli soha boʻyicha amaliy koʻnikmasini oshirish imkoniga ega boʻladi. Dastur bitiruvchilarning ish bilan taʼminlanishini ragʻbatlantirish barobarida tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, startap loyihalarini amalga oshirish va innovatsion gʻoyalarni hayotga tatbiq etishda qoʻllab-quvvatlaydi.

Shu bilan birga, loyiha yoshlar orasida ijtimoiy faollikni oshirish, oʻzini anglash va shaxsiy rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Bitiruvchilar nafaqat mehnat bozorida raqobatbardosh kadr sifatida shakllanadi, balki ularning mustaqil fikrlash va innovatsion qarorlar qabul qilish qobiliyati ham rivojlanadi. Amalga oshirilayotgan ushbu dastur yoshlar uchun amaliy tajriba orttirish imkoniyatlarini yaratib, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlamoqda.

Joriy yil 24-mart kuni Shahrisabz davlat pedagogika instituti va “Kelajakka qadam” markazi oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlovchi memorandum imzolandi. Loyiha doirasida oliy taʼlim muassasasining bitiruvchi kurs talabalari bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, turli yoʻnalishlarda qisqa muddatli kurslar taqdim etildi. Kurslar nazariy bilim bilan amaliy koʻnikmalarni uygʻunlashtirgan holda tashkil etildi. Bu esa talabalarning kelajakdagi kasbiy faoliyatida mustahkam poydevor vazifasini oʻtamoqda.

“Kelajakka qadam” markazi yoshlarning kasb-hunar egallash va amaliyotda qoʻllash imkoniyatini kengaytirib, mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar sifatida shakllanishiga hissa qoʻshmoqda. Bu tashabbus bitiruvchilarni nafaqat malaka oshirish, balki tadbirkorlik va innovatsion loyihalarni amalga oshirishga ham undaydi, mustaqil hayotga qadam qoʻyishini ragʻbatlantiradi.

Hozirga qadar institutimizning 32 bitiruvchisi innovatsion biznes gʻoyalari bilan markazga murojaat qilgan. Ulardan 20 nafarining loyihasi moliyalashtirilishga loyiq, deb topildi hamda 4 milliard soʻmdan ziyod kredit ajratildi.

Ushbu tashabbus bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash imkonini yaratish barobarida, hudud iqtisodiyoti va mehnat bozoriga ham sezilarli hissa qoʻshdi. Moliyalashtirilgan loyihalar orqali 47 ta yangi ish oʻrni ochildi. Bu esa yoshlar tadbirkorligi rivojlanishi hamda mahalliy ijtimoiy-iqtisodiy faollik oshishiga xizmat qilmoqda.

Mazkur tashabbus natijasida bitiruvchilar mustaqil ish boshlash, oʻz hududida ish oʻrinlari yaratish va iqtisodiy faollikni oshirishga ham hissa qoʻshmoqda. Shu tariqa “Kelajakka qadam” dasturi amaliy koʻnikma, tadbirkorlik tajribasi va moliyaviy imkoniyatni birlashtirgan holda yoshlarning kelajakdagi muvaffaqiyatli faoliyatini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, markaz huzurida faoliyat yuritayotgan biznes inkubatorlar yigit-qizlarning innovatsion gʻoyalarini ragʻbatlantiradi va ularni bozor sharoitida samarali ish yuritishga tayyorlaydi. Mutaxassislar iqtisodiy tahlil, soliq va huquqqa oid masalalar hamda biznes boshqaruvi boʻyicha foydali maslahatlar berib, yoshlarning loyihalari samarali amalga oshirilishini taʼminlamoqda.

Natijada markaz faqat faoliyatga yoʻnaltirib qolmay, yoshlarning amaliy koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Ayniqsa, mahalliy sharoitga mos biznes modellarini ishlab chiqish va iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan loyihalar markazning ustuvor yoʻnalishlaridir.

Bugun shunday markazlarning imkoniyatidan foydalangan holda yoshlar oʻz biznesini boshlash, yangi ish oʻrinlari ochish va jamiyat hayotida faol ishtirok etish imkoniyatiga ega. Bu esa ularning kelajakdagi muvaffaqiyatli faoliyati va tadbirkorlik salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Yosh avlod taʼlim-tarbiya, ilm-fan va ijtimoiy hayotning barcha jabhasida jamiyat taraqqiyoti uchun hal qiluvchi kuchdir. Yigit-qizlarning bilimli, maʼnaviyatli va tashabbuskor boʻlib voyaga yetishi kelajagimizning muhim kafolati. Shahrisabz davlat pedagogika instituti bitiruvchilari bugun hayotning turli jabhasida faoliyat yuritib, bilim va salohiyatini amaliyotda namoyon etmoqda. “Kelajakka qadam” kabi dasturlar esa yoshlarning nafaqat ish bilan taʼminlanishiga, balki kasbiy va shaxsiy rivojlanishiga keng yoʻl ochmoqda.

Jamshid SHONAZAROV,

falsafa fanlari nomzodi, dotsent