Suv yoʻqligi bahonasida shu kunga qadar biron tup nihol oʻtqazilmadi. Tuya oʻrkachli poyonsiz kengliklar, baland-past, tosh-shagʻaldan iborat, koʻz ilgʻamas dala-dashtlar qarovsiz, kimsasiz hududga aylandi...

Quva tumanidagi Karkidon suv ombori inshooti qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida 1967-yili qurilgan. Unga suv Isfayram soyi va Janubiy Fargʻona kanalidan kelib quyiladi. Inshootning toʻliq hajmi 216 million kub metrni tashkil etadi. Maksimal chuqurligi 70 metr.

Suv ombori atrofida oʻzlashtirilmagan 1,6 ming gektar adirlik bor. Undan shu kunga qadar maqsadli foydalanmay kelingan. Ilgari barpo etilgan dam olish maskanlari maʼnan eskirgan, qarovsiz, tashlandiq holatga kelib qolgandi. Bogʻ barpo etish istagidagilar suv yetishmasligidan aziyat chekkan...

Prezidentimiz oʻtgan yili Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida Quva tumanidagi suv ombori atrofidagi 250 gektar maydonda ekoturizm majmuasi, 100 dan ziyod dam olish, savdo-servis va koʻngilochar maskanlar, zamonaviy mehmonxona barpo etish borasida ishga solinmagan imkoniyat borligi va undan unumli foydalanish yuzasidan kerakli koʻrsatmalar bergandi.

Bu yerda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ulkan qurilish, bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari boshlanib ketdi. Sovuq etni junjiktirsa-da, adirlikda koʻchat ekish ishlari avjida. Koʻchat ortib borayotgan mashinalar karvoni, bogʻbonlar harakati bir dam boʻlsa-da, toʻxtagani yoʻq. Loyiha doirasida bu yerga 300 ming tupdan ortiq manzarali koʻchat oʻtqazish, bogʻ barpo etish anʼanasi quloch yoymoqda. Ekilgan daraxtlar unib-oʻsishi uchun ariq ochilib, yoʻl boʻyi yangicha hayot, koʻrk, obodlikka yuz tutmoqda. Keng paykallarga goʻyo yashil poyandoz toʻshalgandek koʻrkam, salobat baxsh etib turibdi.

— Qishlogʻimizga yangi hayot, koʻtarinkilik, tashabbus kirib keldi, — deydi “Tolmozor” mahalla fuqarolar yigʻinida yashayotgan Baxtiyor Uzoqov. — Adirlikda bogʻ barpo etganimga 14 yildan oshdi. Ammo suv taʼminotidagi taqchillik sabab koʻp qiyinchilikka duch kelayotgandik. Endi hammasi ortda qoldi. Dala-dashtlarni oʻzlashtirish borasida boshlangan tashabbus doirasida yangi quduqlar qazish, yoʻl va yoʻlaklar yotqizish, mavjudlarini taʼmirlash ishlari bajarilyapti. Tashabbusdan ruhlanib, 3,5 gektar yerda anor, behi, gilos bogʻlari yaratishga kirishdik, 15 ming tupdan ortiq olma, gilos, gulning sarxil koʻchatlari yetkazib berish borasida ishlayapmiz.

Suv ombori hududida ish boshlagan Karkidon dam olish maskanida yoʻlga qoʻyilishi moʻljallangan loyihalar yaqin yillarda hudud manzarasini tom maʼnoda oʻzgartirib yuboradi. 24 gektar maydonda “Sokin hudud” dam olish maskanini bunyod etishga kirishildi. Shu maqsadda hududda yer va iqlim sharoitiga mos noyob manzarali daraxt koʻchatlarini oʻtqazish ishlari jadal bajarilmoqda. “Yashil belbogʻ”larni suv bilan muntazam taʼminlash maqsadida 17 ta suv inshooti qazib, ekin maydonlarini tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimiga birlashtirilyapti.

— Bu yerda aholi dam olishi uchun moʻljallangan yangi maskanlar quriladi, — deydi Quva tumani hokimi Halimjon Umarov. — Zamonaviy mehmonxonalar bunyod etiladi, xorij tajribasi asosida gulzorlar yaratiladi. Hududda oʻziga xos landshaft barpo etish maqsadida iqlim sharoitimizga mos dekorativ daraxt va butalar joylashtirilmoqda, samarasiz bogʻlar oʻrnida intensiv bogʻlar barpo qilinadi. Yerga asosan yongʻoq, bodom kabi mevali daraxtlar ekiladi. Ularni sugʻorishda “Anor” nasos stansiyasi orqali tomchilatib sugʻorish yoʻlga qoʻyiladi. Sunʼiy suv havzasi ham quriladi. Hududga kirishda yoʻlning ikki tomoni koʻkalamzorlashtirilib, piyodalar yoʻlaklari yotqiziladi. Lavandazorlar tashkil etilib, nafaqat fargʻonaliklar, balki xorijliklar uchun ham chin maʼnodagi dam olish va turizm maskanlariga aylantiriladi. Ekilgan har bir daraxtning oʻz nomi, bogʻboni bor. Bu nav-nihollarni baravj rivojlantirish, suvsizlik va boshqa taʼsirlardan himoyalash imkonini beradi.

Avvallari bu yerning bir qismiga nasos yordamida suv olib chiqilgan. Suv inshootlarining quvvati mavjud ekin maydonlarini obi hayot bilan taʼminlash imkonini bermagan. Shu bois, ish samaradorligini oshirish maqsadida “Tolmozor”, “Sharqiy arsif” nasos stansiyalarini taʼmirlash, yangi quvvatlarni ishga solish hisobiga 2000 gektarga yaqin ekin maydonini suv bilan taʼminlash chorasi koʻrildi.

— Oʻtgan asrning 70-yillarida bu hududni oʻzlashtirish borasida saʼy-harakatlar boshlangan. Ammo suv ombori oʻzaniga yaqin hududda odatiy mevali koʻchatlar ekish bilan kifoyalanilgan, — deydi keksa bogʻbon Nurmuhammad Temirov. — Tepaliklarga suv olib chiqib, bogʻ, dam olish maskanlari, sayilgohlar barpo etish imkoni topilmagan. Bugun mehnat qilaman deganga barcha sharoit va imkoniyatlar muhayyo. Bogʻdorchilik, obodonlashtirish uchun muhim boʻlgan suv taʼminoti yaxshilandi. Ayni kunda 3,5 gektar yerda intensiv usulda bogʻ yaratishga kirishdik. Bu oddiy mevali bogʻlarga nisbatan ikki-uch hissa ortiq hosil beradi.

Karkidon suv ombori hududida mehmonxona, motel, dam olish maskanlari, koʻngilochar va suv sporti obyektlari, restoran, plyaj zonasini qamrab olgan zamonaviy loyihalar amalga oshiriladi. Shu maqsadda yoʻl yotqizish va yoʻl koʻrsatkichlari oʻrnatish, savdo va xizmat koʻrsatish tarmoqlari faoliyatini tashkil etish borasida tizimli ishlar qilinmoqda.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar shahar va qishloqlarga fayz-baraka, musaffolik olib kirmoqda. Odamlar yaratuvchanlik ishlari bilan andarmon. Hududlarda lola, kashtan, yapon saforasi singari manzarali daraxt koʻchatlarini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish, ninabargli daraxtlar va manzarali gul koʻchatlari yetishtirish, turlarni koʻpaytirishga alohida eʼtibor beril­yapti. Koʻchat ekish mavsumida narxlar barqarorligini taʼminlash uchun yuzdan ortiq yarmarka va savdo shoxobchalari tashkil etilib, ekiladigan daraxt navlarining manzilli dasturi shakllantirildi. Har bir koʻchatni ekish va parvarishlash boʻyicha oʻziga xos tavsiyalar berish yoʻlga qoʻyildi.

— “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida boshlangan koʻkalamzorlashtirish ishlariga baholi qudrat hissa qoʻshishga harakat qilyapmiz, — deydi Quva tumanidagi koʻchatchilikka ixtisoslashgan “Vodiy gullari” fermer xoʻjaligi rahbari Alijon Tojiboyev. — Bahorgi mavsumda intensiv bogʻ barpo qilmoqchi boʻlgan hamyurtlarimizga 500 ming tupdan ortiq olma, gilos, oʻrik, shaftoli, nok koʻchati hamda 400 ming tupga yaqin 300 turdagi turfa gul niholi, Karkidon suv ombori hududida tashkil etilayotgan “Yashil belbogʻ” loyihasi uchun esa ninabargli koʻchatlar yetkazib beryapmiz.

Koʻchatchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari bilan bir qatorda aholi tomorqalarida ham mevali va manzarali koʻchatlar yetishtirish anʼanasi rivojlanmoqda. Turk, Yangihayot, Tolmozor, Qaqir, Boyiston, Guliston, Yangichek, Qoraqum mahallalari koʻchatchilikka ixtisoslashtirildi.

“Qaqir” mahalla fuqarolar yigʻinida bu borada ibratli ishlar ommalashmoqda. Mahalladagi 1300 oila tomorqasidan unumli foydalanib, mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini yetishtirib keladi. 180 xonadon issiqxonasida mavsumiy gul va manzarali daraxt koʻchatlari parvarishlanyapti. Istiqbolli rejalar dasturiga koʻra, koʻchatchilikka ixtisoslashtirilgan yana 300 ta issiqxona faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Yoʻl cheti, aholi xonadonlari oldida tartib bilan ekilgan turfa mevali va manzarali daraxt koʻchatlari har qanday kishi eʼtiborini tortadi.

Tomorqada manzarali koʻchat yetishtirish va parvarishlashda Akbarjon Zokirovning tajribasi katta. U har bir qarich yerdan unumli foydalanishga harakat qilib kelyapti.

— Yigirma sotix yerda koʻchat yetishtiramiz, — deydi tomorqachi. — Oʻtgan mavsumda 30 mingdan ortiq gul va mevali daraxt koʻchati yetkazib berdik. Ayni kunda sarxil archa, naʼmatak koʻchatlari parvarishlayapmiz. Lola daraxti va limuza manzarali gul koʻchatlari yetishtirishni yoʻlga qoʻyganmiz. Bu bir mavsumda 200 million soʻmdan ziyod daromad olish imkonini beradi.

Ish koʻlami shunchaki koʻchat ekish bilan poyoniga yetayotgani yoʻq. Unda har bir daraxtni ekish, suv bilan taʼminlash, parvarishlash, hasharot va boshqa zararkunandalardan himoyalash bilan bogʻliq masalalarga eʼtibor qaratilmoqda.

— “Yashil makon” umummilliy loyihasining bu yilgi bahor va kuz mavsumida viloyatimizda 15,2 million tup manzarali, mevali daraxt va buta koʻchati ekish rejalashtirilgan, — deydi Fargʻona viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi boshligʻi Bahromjon Jumanov. — Ekilgan koʻchatlar tegishliligi boʻyicha yer egalari tomonidan muhofaza qilinadi. Nihollar qurib qolishining oldini olish, oziqlantirish, sugʻorish, turli kasalliklarga qarshi kimyoviy ishlov berish va parvarishlashga masʼullar biriktirilmoqda. Keyingi uch yilda Fargʻona viloyatida 45 million tup koʻchat va buta ekilib, yashillik darajasi 38 foizdan oshdi. Yaqin istiqbolda bu bogʻlar hududida aholi uchun hordiq chiqarishga moʻljallangan yashil tabiat maskanlari bunyod etish maqsad qilingan. Bundan tashqari, 17 ta chiqindi poligoni atrofida terak va tol koʻchatlari ekilib, maxsus ihotazorlar barpo etishga alohida ­eʼtibor berilyapti.

Hududlarni obodonlashtirish, koʻrkam bogʻ-rogʻlar yaratish xalqimizga xos fazilatlardan. Bu qadim anʼanalar keyingi yillarda yanada rivojlanib, taraqqiy etayotgani, yangi tashabbuslarga qanot boʻlayotgani bilan eʼtiborli.

Rasuljon KAMOLOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri