Bu yil bahor mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 125 million tup koʻchat ekish rejalashtirilgan. Aholiga kamida 10 million tup mevali va manzarali daraxt koʻchati tekin tarqatiladi. Shu yil 2-fevral kuni chiqindilar bilan ishlash tizimi va ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Uning doirasida kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt koʻchati ekishni maqsad qilganmiz. Bu umummilliy harakatning natijasi har bir mahallada koʻrinishi kerak, bu savobli ishni havas bilan qilish kerak”, deya taʼkidladi.

Oʻtgan yili kuz oylarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 85 million dona koʻchat oʻtqazildi. Koʻplab tashkilotlar, mahallalar, umuman, keng jamoatchilik bu savobli ishda jonbozlik koʻrsatdi. Xalqimiz azaldan bu kabi ishlarni chin koʻngildan, hashar yoʻli bilan amalga oshirib kelgan. Bejiz “Hashar — elga yarashar”, demaydi dono xalqimiz. Ammo sanoat tarmoqlari keng rivojlanib borayotgan bugungi tezkor zamon daraxt ekish, parvarishlash ishlarini ham tizimli yoʻlga qoʻyish hamda muntazamlikni talab etadi. Mana shu ezgu gʻoyani amalga oshirish maqsadida 2021-yil 10-dekabrda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-­quvvatlash vazirligi hamda Ekologiya va atrof-­muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi oʻrtasida “Har bir mahallada daraxtlarni parvarishlash uchun haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qaror imzolandi.

Qoʻshma qarorga asosan, har bir mahallada daraxt parvarishlashga haq toʻlanadigan jamoat ishlariga 1 nafardan ishsiz va band boʻlmagan fuqaro jalb qilinishi belgilab olindi. Ushbu xayrli va masʼuliyatli vazifa mahalla faollari maslahatiga koʻra, daraxt parvarishi boʻyicha tajribaga ega, ammo hozir ishsiz boʻlgan fuqarolarga yuklatilmoqda.

Daraxt parvarishlovchi xodimning bir oylik maoshi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1,2 barobari miqdorida etib belgilanadi. Bunday xodimlar mahalla hududida mavjud koʻp yillik mevali va manzarali daraxt, butalarning hisobini yuritadi. Mahalla hududida joylashgan xonadonlarda istiqomat qiluvchi uy egalariga tomorqasidagi daraxtlarni parvarishlash yuzasidan tavsiyalar beradi, koʻmaklashadi. Shu bilan birga, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tabiiy omillar yoki oʻsimlik zararkunandalari, kasallik taʼsirida zararlangan, quriyotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, insonning hayoti va sogʻligʻi, yuridik va jismoniy shaxslarning mol­mulki, xavfsizligiga tahdid solayotgan daraxt va butalarni kesish hamda yangidan ekish, ularning turlari boʻyicha taklif ishlab chiqadi.

Daraxtlarga shakl beradi, sugʻoradi, mavsumga mos ravishda oqlaydi. Mineral va mahalliy oʻgʻitlar solish, kimyoviy ishlov berish orqali parvarishlaydi, yaʼni agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida oʻtkazadi. Daraxtlar ostini toza saqlash, tushgan xazonlarni toʻplash ham ularning zimmasiga yuklatilgan. Boshqacha aytganda, endi mahallalardagi har bitta daraxtning oʻz egasi bor. Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan daraxt parvarishlovchi fuqarolar uchun 10 ming dona maxsus kiyimga buyurtma berildi. Mahallaning har bir fuqarosi daraxt parvarishlash boʻyicha masʼul insonni uzoqdan tanib olsa, qanday yaxshi! Ushbu xayrli tadbir mahalladagi fuqarolar, ayniqsa, yoshlar uchun daraxtlarning qarovsiz, himoyasiz, egasiz emasligini yaxshiroq anglashda katta ahamiyat kasb etadi.

Shu yilning yanvar­fevral oylarida mahallalardagi 5001 nafar fuqaro daraxt parvarishlashga jalb qilindi hamda Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan daraxt parvarishlovchi fuqarolarga 4,5 milliard soʻm mablagʻ oylik ish haqi sifatida toʻlab berildi. Bu raqam yil davomida koʻpaya boradi hamda hududlarda oʻz natijasini koʻrsatadi. Ushbu tizim orqali mahallalarda daraxtlar soni koʻpayadi, ekilganlari qarovsiz qolmaydi, ekologik muhit yaxshilanadi. Qolaversa, band boʻlmagan, ishsiz fuqarolarga oʻz mahallasida ish oʻrni yaratiladi.

Ushbu ishlar yurtimizning obod boʻlishi, ekologik toza hududga aylanishi uchun, albatta, oʻz hissasini qoʻshadi. Ammo sohani yanada rivojlantirish va bu borada xorijiy tajribani ham oʻrganish maqsadga muvofiq. Masalan, Nyu-­Yorkda har bir daraxt uchun personal kartochka tayyorlanadi va u orqali daraxt toʻla nazorat qilinadi. Nyu­Yorkdagi barcha daraxt xaritaga kiritilgan va ularning iqtisodiy foydasi hisoblab chiqilgan. Har bir daraxtning oʻz raqami va internetda sahifasi bor. Daraxt turi, surati, tana diametri va aniq koordinatalari koʻrsatilgan. Agar yurtimizda ham shu tajriba qoʻllansa, oʻzboshimchalik bilan daraxtlarni kesishga chek qoʻyilardi.