Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi va “SwissLab” Tibbiy laboratoriyasi 6 ming kishi uchun laboratoriya tahlili oʻtkazishni, ularni sogʻligʻi bilan bogʻliq boʻlgan muammolarni oʻrganib, amaliy yordam berish maqsadida xayrli ishga qoʻl urdi.

Milliy palataning Hududlarni qoʻllab-quvvatlash dasturi doirasida bir qator hududlar aholisi orasidan ijtimoiy yordamga muhtoj qismi bepul tashxislash paketlari (vaucherlar) bilan taʼminlandi. Mazkur paketlarga bemorlarni kardiologiya, urologiya va terapiya yoʻnalishlari boʻyicha skrining tekshiruvidan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan laboratoriya tahlillari kiradi.

— Loyihaning dastlabki bosqichida tashxislash paketidan Sirdaryo viloyat aholisi foydalanishi biz uchun katta baxt, — deydi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasining Sirdaryo viloyat boʻlimi boshligʻi Farxod Shernazarov. — Endi Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi hamda “SwissLab” tibbiy laboratoriyasi xodimlari tashabbusi bilan tashkil etilgan chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvlarda kasalliklar erta aniqlanadi. Eng muhimi, bu oʻtkazilayotgan chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruv tadbiri har bir inson uchun foydali.

Hududiy boʻlim boshligʻi aytganidek, bugungi kunda inson, insonlarni salomatligiga, qolaversa skriningdan oʻtkazish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi oʻzining Hududlarni qoʻllab-quvvatlash dasturi doirasida aholini, eng avvalo, uning ijtimoiy koʻmakka muhtoj qismini skrining tekshiruvlardan oʻtkazish masalasiga asosiy eʼtiborni qaratdi.

Natijada, “SwissLab” kompaniyasi (Oʻzbek-Shveysariya qoʻshma korxonasi) mutaxassislari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, joriy yilning mart-aprel oylari davomida 6 ming kishini laboratoriya tahlilidan oʻtkazish ishlariga bel bogʻladi. Qoʻshma loyihaning maqsadi va vazifasi, eng avvalo yuqori sifatli skrining tekshiruvlarni oʻtkazish, insonlarda uchrayotgan yondash kasalliklarni erta bosqichda aniqlashdan iborat. Shuning uchun ham, bu imkoniyatdan foydalanish istagini bildirgan fuqarolar soni kundan kunga Sirdaryoda ham oshib bormoqda. Muhimi, aholimiz vakillari qaysi qatlam vakillaridan boʻlishidan qatʼi nazar, sogʻ-salomat boʻlsa bas.

Muhimi, ular sogʻ-salomat boʻlishsa, yondosh kasalliklardan barvaqt qutilsa, zarur boʻlsa mutaxassislar yordamida zarur yordamni olishsa shuning oʻzi katta baxt, deydi mutaxassislar.

Gʻulom PRIMOV,

Sirdaryo viloyat

Sogʻliqni saqlash boshqarmasi

Matbuot xizmati xodimi.