Keyingi yillarda o'zbek jurnalistikasidagi tub burilish, sezilarli siljishlar so'z erkinligining amalda ta'minlanayotganidan dalolatdir. Bugun kim bilan gaplashmang, o'zbek jurnalistikasi faoliyati keyingi yillarda ancha jonlanganini ta'kidlaydi. To'g'ri, sohada hali echimini kutayotgan muammolar yo'q emas. O'z vakolatidan to'laqonli foydalana olmayotgan, xizmat doirasida turli tazyiqlarga duch kelayotgan jurnalistlar ham bor. Ularning huquqlarini himoya qilish, xizmat vazifasini emin-erkin ado etishi uchun bugun yurtimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida O'zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'SAROV bilan suhbatimiz shular xususida bo'ldi.

— Joriy yil 4 iyun kuni uyushmaning navbatdan tashqari konferentsiyasida shu paytga qadar amalga oshirilgan ishlar yuzasidan to'liq hisobot berildi. Siz bilan faoliyatingizning boshlanishi, qisqa muddatda qilingan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida gaplashsak.

— Avvalo, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan barcha ommaviy axborot vositalari xodimlarini kasb bayrami bilan muborakbod etaman. Biz faoliyatimizning ilk kunidanoq jurnalistlarning aytar so'ziga, uning salmog'iga e'tibor qaratishga kirishdik. Negaki, uyushmaning kelgusi ishlarini rejalashtirishda, albatta, jurnalistlar bilan yaqindan muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolar bilan birga ularning takliflari, murojaatlari, shikoyatlarini atroflicha o'rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda jurnalistlar bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqot qilish uchun uyushma alohida @jurnalist_uz_bot kanalini ishga tushirdi. Mazkur botga har kuni 10 dan ziyod murojaat kelib tushadi. Bu orqali ko'plab hamkasblarimizning soha rivojiga befarq emasligi, yuzlab yoshlarimiz bugungi zamonaviy jurnalistika ixlosmandi ekani ma'lum bo'lyapti. Murojaatchi yoshmi, faol jurnalistmi, ularga tezkor javob berishga harakat qilyapmiz. Aksariyat murojaatlar yoshlar tomonidan bo'lib, ular o'zlarining ijodiy ishlari gazeta va jurnallarda chop etilishi, jurnalistika fakul`tetida o'qishiga amaliy ko'mak berishimizni so'rashadi.

Bir misol. Jizzaxlik talaba Qodirjon eshonqulov bot orqali bizga murojaat qildi. U Jizzax davlat pedagogika institutining tarix fakul`tetida tahsil olsa-da, Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo'limi tomonidan tashkil etilgan jurnalistlar maktabiga tanlov asosida qabul qilingan. 6 oy davomida jurnalistikaning sir-asrorini o'rganib, bu sohaga mehri tushib qolgani bois viloyat teleradiokampaniyasida ishlash istagini aytdi. U bilan suhbatda darhaqiqat jurnalistik qobiliyati borligiga guvoh bo'ldik. So'ng Jizzax teleradiokompaniyasiga Qodirjonni ishga olish yuzasidan murojaat qildik. Murojaatimiz qabul qilinib, masala ijobiy hal bo'ldi. Ayni paytda Qodirjon ham o'qib, ham jurnalist sifatida faoliyat yurityapti. Bu kabi murojaatlar e'tibordan chetda qolmaydi.

Botning ahamiyati shundaki, yilning 2-yarmida qilinadigan ishlarimizni unga kelib tushayotgan jo'yali takliflardan kelib chiqqan holda muvofiqlashtirdik. Shu bilan birga, uyushma huzurida kasb etikasi bo'yicha jamoatchilik kengashi tashkil etilgan bo'lib, unda Xurshid Do'stmuhammad, Rasul Kusherboev, Karim Bahriev, Muattar Asqarova, Qamariddin Shayxov, Dilshod Mamaturdiev kabi taniqli jurnalistlar faoliyat yuritadi. Albatta, ular bilan ham kelgusi faoliyatimiz yuzasidan aniq rejalarni belgilab olganmiz.

Bugun uyushma faoliyati qayta jonlanayotgan pallada ko'pchilikda bir savol tug'iladi. U ham bo'lsa, a'zolik masalasi. Uzoq yillardan buyon to'xtab qolgan bu jarayon endi qanday davom etadi?

— O'zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi 1957-yilda tashkil topgan bo'lsa, shu paytgacha 3800 dan ziyod jurnalist a'zolikka qabul qilingan. 2001 yildan boshlab a'zolik to'xtatilgan edi. Uyushmaning 2019-yil iyul oyidagi konferensiyasida a'zolikka qabul qayta tiklangach, a'zolik guvohnomasi, ko'krak nishonlari yangidan tayyorlandi. O'tgan yili koronavirus pandemiyasi tufayli bu jarayon yana to'xtab qoldi.

Xullas, 20 yil deganda yangi a'zolarni qabul qilish jarayoni “Ovozi tojik” va “Nurli jol” gazetalari tahririyatidan boshlandi. U erda xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdik. Har ikkala jamoaga zamonaviy kompyuter to'plamlari sovg'a qilindi. Uyushma a'zoligiga qabul qilingan “Ovozi tojik” gazetasi bosh muharriri Sherpo'lat Vakilov, mas'ul kotib A'lam Narziev, Nurli jol” gazetasi bosh muharriri G'ulomzokir Yusupov va bo'lim muharriri Jannat Moldashevaga a'zolik guvohnomasi hamda ko'krak nishoni topshirildi.

— So'nggi vaqtlarda jurnalistlarga xizmat vazifasini ado etayotgan paytda turli tazyiqlar o'tkazilayotganiga guvoh bo'lyapmiz. Bunday holatlarda jurnalistlarning himoyasi ta'minlanmagani soha vakillarining uyushma faoliyatidan qoniqmasligi, noroziligiga sabab bo'layotgan edi. Shu ma'noda, endilikda uyushma tomonidan jurnalist shaxsini himoya qilish bilan bog'liq qanday chora-tadbirlar ko'rilyapti?

— Darhaqiqat, jurnalistlarimiz bilan sodir bo'layotgan holatlarga tezkor munosabat bildirilmasligi to'g'ri tanqid qilinib kelinayotgan edi. Aslida, nafaqat jurnalist, balki har qanday fuqaro davlat idoralaridan o'zini qiziqtirgan ma'lumotlarni olishi mumkin. Bu Konstitutsiyamizning 29-moddasida belgilab qo'yilgan. 30-moddada esa har bir davlat organi, mansabdor shaxs fuqaroni qiziqtirgan ma'lumotni taqdim etishi shartligi, axborot so'ragan shaxsga ma'lumot taqdim etmagan mansabdor javobgarlikka tortilishi belgilangan.

Shu o'rinda Prezidentimizning viloyatlarga tashriflari chog'ida tobora an'anaviy tus olayotgan jurnalistlar bilan uchrashuvlarga to'xtalmoqchiman. Davlatimiz rahbari, aholining turmush tarzi, islohotlarning hayotga tatbiq etilishini o'rganish asnosida mavjud muammolar yuzasidan ular bilan muloqotga kirishayotganing o'zi so'z erkinligining amaldagi ko'rinishi, deyish mumkin. Bugun yurtimizni chet davlatlar asosan so'z erkinligi qaror topayotgan mamlakat sifatida e'tirof etayotgan ekan, bu jurnalistlarimizga yanada shijoat berishi tabiiy. Qolaversa, Prezidentimiz soha vakillariga katta ishonch bildirayotgani har bir jurnalistni faollikka undaydi. Birgina misol. Prezidentmizning joriy yil Farg'ona viloyatiga tashrifi chog'ida jurnalistlar bilan uchrashuvini eslaylik. “Sizlar menga ko'makchi, elkadoshsiz. YUtug'imizni ham, kamchiligimizni ham xalqimizga adolat bilan etkazuvchi kuch deb bilaman. Sizlardan bitta narsani iltimos qilaman, izlanishdan eringmanglar, adolatni xalqqa etkazishdan qo'rqmanglar. Ortingizda Prezident bor. U zamonlar o'tib bo'ldi. endi orqaga yo'l yo'q. Faqat adolat, adolat, faqat haqiqat! Qancha ko'p haqiqatni etkaza olsak, shuncha ko'p manfaat bo'ladi. To'g'ri, bugun kimdir sizlarni yomon ko'rar. Lekin siz yozgan gaplarni yoqtirmagan rahbarlar baribir to'g'rilaydi o'sha muammoni. Baribir adolat mezoni o'rnatiladi. Bu degani islohotlarimiz, Murojaatnomada aytilgan gaplar rost ekanku, qilsa bo'lar ekanku, degan ibora paydo bo'ladi”, degan gaplar har bir jurnalistga kuch bag'ishlashi barobarida zimmasiga ulkan mas'uliyat ham yuklaydi.

Yoki fevral oyida Namangandagi shunday uchrashuvni olaylik. O'shanda Prezident OAVni to'rtinchi emas, balki birinchi hokimiyat deb hisoblashini ma'lum qilib, “Avvallari sizlarga bosh vazirmas, o'rinbosarlari ham emas, qabulxonasidagilar ham salom berishga salgina og'rinardi, salomlashgisi kelmasdi. Hozir zamonamizning zayli bilan, jamiyatimizdagi o'zgarishlar bilan, xalqimizning talabi bilan, xalqimiz ongining o'sib borishi nuqtai nazaridan, xalqimiz emin-erkin yashashi nuqtai nazaridan sizlar ham o'sayapsizlar, shu bilan birga, sizlar davlat idoralari rahbarlarini o'stirayapsizlar”, deganining o'ziyoq jurnalistlarga ichki bir jasorat bag'ishlagani aniq.

Ammo afsuski, aksariyat jurnalistlarimiz o'z huquqlarini yaxshi bilmaydi, natijada axborot olish chog'ida turli tazyiqlarga uchraydi. endilikda uyushma shunday holatlar yuzaga kelganida tezkor munosabat bildiribgina qolmay, vaziyatni oxirigacha o'rganib, mavjud muammoning ijobiy echim topishiga yordam beradi. Masalan, 8 iyun kuni Andijonda “effekt.o'z” internet nashri muxbiriga qilingan qo'pollikka biz shunchaki munosabat bildirmadik, balki uchta aniq masalani ko'ndalang qo'ydik.

Birinchisi, mana shunday holatlarni uyushma qat'iy qoralashini ma'lum qildik. Ikkinchidan, Bosh prokuraturadan mazkur holatni o'z nazoratiga olishini so'radik. Uchinchidan esa, Andijon shahar hokimligidan bu holat yuzasidan rasman xizmat tekshiruvi o'tkazilishi va vaziyatni keltirib chiqargan holat bo'yicha rasmiy munosabat berilishini talab qildik. Har uchala masala inobatga olinib, ayni paytda holat huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan atroflicha o'rganilyapti. Shuningdek, Samarqandda “Tafsilot.o'z” muxbiriga nisbatan kuch ishlatilgani bo'yicha ham tezlik bilan o'z munosabatimizni bildirdik. “Mening yurtim” telekanali muxbiri va Ishtixon tumani hokimligi matbuot xizmati xodimi o'rtasidagi holatdan ham omma keng xabardor bo'ldi. Biz bildirgan munosabat yuzasidan viloyat hokimligi axborot xizmati tomonlar o'zaro murosa yo'lini tanlagani haqida bayonot berdi. Bunga javoban biz murosa yo'lini hurmat qilishimizni, lekin jurnalist bilan uchrashib, vaziyatni xolis o'rganib chiqishimizni bildirdik. Voqeaning ertasigayoq uyushmaning Samarqand bo'limi rahbari, senator, taniqli jurnalist Farmon Toshev muxbir bilan holat yuzasidan suhbat o'tkazdi. Uning hokimlik matbuot xizmati xodimiga hech qanday da'vosi yo'qligiga ishonch hosil qilindi. Aytmoqchimanki, bu kabi holatlar endilikda muntazam uyushma nazoratida bo'ladi.

Jurnalistga tazyiq o'tkazilgan holatlarda unga huquqiy yordam ko'rsatish maqsadida biz Advokatlar palatasi bilan memorandum imzolashni maqsad qilganmiz. Bu orqali qaysi hududda bo'lmasin, jurnalistga tazyiq o'tkazish holati yuz bersa, unga, avvalo, huquqiy yordam ko'rsatib, advokat bilan ta'minlash masalasi ko'zda tutilyapti. Shuni aytish kerakki, biz nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda jurnalistlar bilan bog'liq yuz berayotgan voqealarga ham munosabat bildirib kelyapmiz.

— Prezidentimizning 2017-yil 10-avgustdagi “O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida jurnalistlarga taqdim etilishi nazarda tutilgan imtiyozlar masalasi hanuz amalga oshmay kelayotgani haqida nima deya olasiz?

– Og'riqli masala. Bu borada gapirganda, avvalo, ushbu qarorning 2-bandi, ya'ni uyushmaga bino ajratish masalasi hamon echim topmaganini aytishni istardim. Ayni qarorning 4-bandida esa, “Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari uyushma bilan birgalikda ehtiyojmand va faol jurnalistlarni imtiyozli ipoteka kreditlari asosida uy-joy yoki yer uchastkalari bilan ta'minlash ishlarini belgilangan tartibda yo'lga qo'ysin”, deyilgan. Ammo qarorning mazkur bandi ijrosi ham to'liq ta'minlanmadi. Bu borada uyushma tomonidan Toshkent shahri hokimligiga bir necha marta murojaat qilingan bo'lsa-da, masala echim topmagan. Qarorda ko'rsatilgan mana shu muhim bandlar ijrosini ta'minlashga erishish asosiy maqsadimiz. Qolaversa, uyushma a'zolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy ro'yxatga olish bo'yicha uyushmaning vakolatli tashkilotlar qatoriga kiritilishini taklif qilmoqchimiz. Shuningdek, jurnalistlarning sog'lig'ini tiklash masalasi ham endilikda ijobiy hal etiladi. Uyushma tomonidan jurnalistlarimiz bu yil “Oqtosh” oromgohiga dam olishga yuboriladi. Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanida iste'dodli yosh jurnalistlar uchun seminar tashkil etiladi.

Yana bir masala. Milliy matbuot markazini tom ma'noda jurnalistlar uyiga aylantirmoqchimiz. To'g'ri, bu erda ko'p qulayliklar mavjud, asosiysi, kutubxona, jurnalistlar bir piyola choy ustida suhbat qurishlari uchun imkoniyat bor. Lekin moddiy-texnik bazaning boy emasligi tufayli jurnalistlarni keng qamrab ololmayapti. Agar yetarlicha imkoniyat yarata olsak, chet davlatlardagi singari jurnalistlar ishdan so'ng muayyan mavzu yuzasidan suhbatlashishlari, fikr almashishlari mumkin bo'ladi.

— Jurnalistika sohasida, ayniqsa, matbuotda malakali, etuk kadrlar masalasi birlamchi. Sohani etuk kadrlar bilan ta'minlashda nimalarga e'tibor qaratish lozim?

— Kuni kecha uyushma bilan O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o'rtasida hamkorlik memorandumini imzoladik. Memorandumda bitiruvchi talabalarning ishga kirishiga ko'maklashish, ularning tahririyatlarda namunali amaliyot o'tashi, tajriba oshirishi uchun “Ustoz-shogird” an'analarini tiklash masalalarini o'z zimmamizga oldik. endilikda taniqli, tajribali jurnalistlarning mahorat maktablari tashkil qilinadi. Ular uyushmadan maosh olishi evaziga bo'lajak jurnalistlarga kasb mahorati, jurnalistika sirlarini o'rgatib boradi. Zero, nazariya qachonki amaliyot bilan chambarchas bog'langanidagina kadrlar salohiyati boricha namoyon bo'ladi. Shu tariqa yosh jurnalist kadrlarning malakasi, tajribasini oshirish, professionalligiga erishishimiz mumkin.

2022-yilda SHanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar media tuzilmalari vakillari ishtirokida Toshkentda xalqaro forum o'tkazishni rejalashtirganmiz. Bundan tashqari, joriy yilda Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston, Turkiya va Hindiston jurnalistlari uyushmalari bilan hamkorlik memorandumini imzolash, Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya jurnalistlari uyushmalari bilan kelishilgan holda bir guruh jurnalistlarni shu davlatlarga xizmat safariga yuborish ko'zda tutilgan. Bularning barchasi jurnalist kadrlar salohiyatini oshirish, ularni zamon talablariga javob beradigan darajaga olib chiqish maqsadida tashkil etilmoqda, albatta.

— Mualliflik huquqini himoya qilish borasida qanday ishlar va chora-tadbirlar rejalashtirilyapti?

— Mualliflik huquqini himoyalash eng dolzarb masalalardan. Bu, asosan, video va audiokontentga taalluqli. O'zingiz o'ylang, kimdir birovning mulkini o'g'irlasa, uni o'g'ri deymiz. Jurnalist mehnat qilib, tunlari bedor bo'lib yaratgan ijodiy mahsulotni shundog'icha ko'chirib olish ham o'g'rilik, qo'pol qilib aytganda, qaroqchilik desa ham bo'ladi. SHu ma'noda, plagiatlikka qarshi kurashish, mualliflik huquqini himoya qilish ham rejamizga kiritilgan. Bu borada jiddiy ish olib boramiz.

— Boshqa soha vakili bo'lsa-da, jurnalistikada samarali qalam tebratayotgan, muvaffaqiyatlarga erishayotgan, erkin jurnalist sifatida faoliyat ko'rsatayotganlarga nisbatan uyushmaning munosabati qanday?

– Qonunchiligimizda jurnalist so'ziga ta'rif berilgan. Jurnalist muayyan bir tahririyatning shtatida turgan hamda jurnalistik ma'lumotga ega bo'lgan shaxs. Bu amaldagi qonunda belgilab qo'yilgan tushuncha. Biz jurnalist shaxsiga shu tushuncha bo'yicha qaraymiz. Xo'sh, siz aytayotgan axborot tarqatuvchilarni biz qanday qabul qilamiz? Ular bilan qanday hamkorlik qilish nazarda tutilyapti?

Qonunchiligimizda 2007 yilgacha mustaqil jurnalist degan tushuncha bor edi. 2007 yilda “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”gi qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi natijasida mustaqil jurnalist instituti barham topdi. Mustaqil jurnalist tushunchasiga qonunchilikda aniq ta'rif berilmagan bo'lsa-da, axborot tarqatish bilan bog'liq shaxslar tushuniladi. Jumladan, blogerlar ham shunday, OAV shtatida turmaydi, jurnalistik ma'lumotga ega emas. Lekin 2019 yilda uyushmaning a'zolikka qabul bo'yicha tasdiqlangan nizomiga ko'ra, mustaqil jurnalistlar va blogerlar ham a'zolikka qabul qilinadi. Negaki, endi yangi-yangi axborot tarqatuvchilar paydo bo'laveradi, vaynerlar, blogerlar kabi. Ishonchli, tasdiqlangan axborotni tarqatar ekan, biz ularni o'zimizning hamkorimiz sifatida qabul qilamiz. Jumladan, taniqli bloger, yurist Zafar Solijonovga Qoraqalpog'istonning Mo'ynog'ida amalga oshirilayotgan ishlar bo'yicha bloger nuqtai nazaridan alohida maqola tayyorlashni topshirdik. YAna bir bloger Bahodir Ahmedovni yurist sifatida ishga taklif qilyapmiz.

— Bugun o'zbek matbuotining haminqadarligi haqida bot-bot qulog'imizga eshitilib turgan fikrlarga munosabatingiz...

– O'zbek matbuoti ildizi baquvvat, zabardast matbuot. Zero, Mahmudxo'ja Behbudiydan boshlab Ziyo Said, Ziyod Esenboev, Ne'mat YOqubov, Mahmud Sa'diy, Abdulla Po'latov singari uning tamal toshini qo'ygan kuchli jurnalistlar bor. O'z vaqtida so'zning kuchi, qudrati bilan matbuotning jamiyatdagi o'rnini yaqqol ko'rsata olgan bunday faxriy jurnalistlardan ozmi-ko'pmi saboq olgan, ularning mahorat maktabida chiniqqan jurnalistlarimiz bugun ham oramizda faoliyat yurityapti. Faqat ularning ulkan tajribasii, mahoratidan unumli foydalana olish, bugungi jurnalistikada ham aks ettira bilish darkor.

— Bu yilgi bayram odatdagilaridan nimasi bilan farqlanadi? Jurnalistlarga ko'tarinkilik, shijoat bag'ishlash uchun qaysi jihatlarga e'tibor qaratilyapti?

— Bu yil Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni juda ko'tarinki, yangicha ko'rinishda nishonlanmoqda. Shu paytga qadar har yili faol jurnalistlarni taqdirlash uchun 10 ta asosiy, 15 ta rag'batlantiruvchi mukofot belgilanar edi. Bu yil mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan 30 ta mukofot ajratildi. Bayram o'tgani bilan uning shukuhi ketmaydi. Jurnalistlar o'rtasida muntazam ravishda sport musobaqalari o'tkazib boriladi. Uzoq yillar tahririyatlarda ishlab, bugun keksalik gashtini surayotgan otaxon-onaxon jurnalistlarning holidan ham muntazam xabar olib turiladi. Ularning barchasining ro'yxatini shakllantirdik. Shuningdek, mustaqillik bayramiga qadar hududlardagi barcha tahririyatlarga borib, ularga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish, moddiy-texnik bazasini boyitishga homiylar orqali bo'lsa-da ko'maklashishni maqsad qilib turibmiz.

Rahmat, sizni ham kelayotgan bayram bilan tabriklab, faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

“Yangi O'zbekiston” muxbiri

Munojat MO'MINOVA suhbatlashdi.