Ishsizlik inson manfaatlariga to'g'ridan-to'g'ri ta'sir qiladigan yirik ijtimoiy-iqtisodiy muammolardan biri hisoblanadi. Ish joyini yo'qotish ko'p kishilar uchun oilaviy turmush darajasining pasayishi, shaxsiy hayotining notinchligini keltirib chiqaradi, kishiga jiddiy ruhiy ta'sir ko'rsatadi.
Shu sababli mamlakatimizda keyingi yillarda doimiy daromad manbaiga ega bo'lmagan va ishsiz aholining, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning qiziqishlarini o'rganish orqali ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o'rgatuvchi o'quv markazlariga yo'naltirish hamda o'qishni tamomlagan bitiruvchilarning bandligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Bu ishlarni olib borishda mahalla tizimlari asosiy tayanchga aylandi. Mahallalardagi mavjud bo'sh ish o'rinlari hamda xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning mavsumiy ishchilarga bo'lgan talabini aniqlash orqali ishsizlar, birinchi navbatda, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va xotin-qizlarni bo'sh ish o'rinlariga joylashtirish hamda haq to'lanadigan jamoat ishlariga jalb qilishga katta ahamiyat berilyapti.
Shuningdek, mahallada istiqomat qiluvchi aholining oilaviy tadbirkorligini rivojlantirish, jumladan, ularning hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqadan samarali foydalanish, kichik ishlab chiqarish, xizmat ko'rsatish va boshqa turdagi faoliyatni yo'lga qo'yishi uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar olishda ko'maklashilmoqda. Natijada, mahallasidan uzoqlashmagan holda, kichik biznes tashkil etib, o'zi, oilasi va hududidagi kam ta'minlangan oilalar a'zolarini ish bilan band qilayotgan insonlar soni ortib boryapti.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash va kambag'allikni qisqartirish bo'yicha davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari to'g'risida”gi Farmoni o'z vaqtida qabul qilingani bilan ahamiyatlidir.
Nega desangiz, joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlarimiz chog'ida ko'plab yoshlar, xotin-qizlar bilan suhbatlashamiz, muloqot qilamiz. Ochig'i, ularning aksariyatida tadbirkorlik bilan shug'ullanishga, biznesni boshlashga bo'lgan qiziqish yuqori. Ko'zlari yonib turibdi, qalbi orzularga to'la. Lekin ularning biror ishni boshini tutishiga, o'z loyihasini amalga oshirishiga imkoniyati yo'q, qurbi etmaydi.
Yuqoridagi farmon bilan ana shunday insonlarga ko'maklashish tizimini yanada faol tashkil etish ko'zda tutilgan. Xususan, mahallaning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, kooperatsiya asosida tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yish istagini bildirgan etakchi tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratish, tadbirkorlik bilan mustaqil shug'ullanish tajribasiga ega bo'lmagan fuqarolarning ularga biriktirilayotgani ayni muddao bo'ldi.
Eng muhimi, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish, uy sharoitida dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, urug'chilik, ko'chatchilik, gulchilik kabi faoliyat turlarini yo'lga qo'yishga ko'maklashilayotgani ko'plab yoshlar, xotin-qizlar bandligini ta'minlashda katta ahamiyat kasb etadi.
Mazkur hujjat bilan 2022-yil 1-yanvardan boshlab har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash va kambag'allikni qisqartirish masalalari bo'yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi ta'sis etilayotgani ham muhim yangiliklardan biridir. Ular mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni xonadonbay o'rganadi, aholining bandlik darajasi, oilalarning daromad manbalari, tomorqa erlaridan foydalanish holati hamda daromadli mehnatga bo'lgan intilishi va ehtiyojlarini tahlil qiladi.
Shuningdek, mahalladagi ish bilan band bo'lmagan aholining tadbirkorlik va doimiy daromad keltiruvchi faoliyat bilan shug'ullanishini yo'lga qo'yish maqsadida ularga issiqxona qurish, tomorqasini sug'orish uchun vertikal sug'orish quduqlarini burg'ilash, qishloq xo'jaligi kooperativiga a'zo bo'lish, asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish, bino va inshootning ijara to'lovi hamda kasb-hunar va tadbirkorlikka o'qishi uchun subsidiyalar olishda ko'maklashadi.
Hujjatga muvofiq, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko'rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati negizida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tashkil etilgani ham muhim voqelik bo'ldi. Agentlik huzurida tashkil etiladigan “Mahallabay ishlash shtabi” esa bir yil muddatga doimiy faoliyat yuritadi.
Albatta, mamlakatimizda mehnatga layoqatli kishilarning bandligini ta'minlash, fuqarolar turmush farovonligini oshirish, hayot darajasini yuksaltirish masalasiga katta e'tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki ishsizlik o'z ortidan ko'plab muammolarni yetaklab keladi. Shu bois, har bir insonning turmush darajasini yanada yaxshilash, mahallalarda odamlar uchun munosib sharoitlarni yaratish hozirgi paytda har qachongidan ham muhimroq.
Shu jihatdan aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko'maklashish, ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta'minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish bugun kechiktirib bo'lmas vazifadir. Ushbu farmon esa mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish orqali kambag'allikni qisqartirish, respublika, viloyat, tuman va shaharlarda ko'rsatiladigan davlat xizmatlari va manzilli moliyaviy qo'llab-quvvatlash instrumentlarini bevosita mahalla darajasiga tushirishga xizmat qiladi.
Ana shunday sa'y-harakatlar sabab bugun yangi O'zbekistonda katta o'zgarishlar, yangiliklar ko'z o'ngimizda yuz bermoqda. Ilgari ishsiz va daromad manbaiga ega bo'lmagan yoshlar, xotin-qizlar bugun doimiy ish joyiga, daromad manbaiga ega bo'lib xotirjam hayot kechirmoqda. Jamiyatga, davlatga, mahalla-ko'yga, qishlog'iga, yurtiga foydasi tegyapti. Bu Prezidentimiz o'z vazifasiga kirishgan ilk kunlardanoq xalqni rozi qilish, odamlarni baxtli va farovon yashashlari uchun barcha choralarni ko'rib kelayotganliklari tufaylidir.
Bu jarayonlarda barchamizdan faollik talab etiladi. Xususan, hujjat ijrosini ta'minlash uchun yoshlarning, ayollarning qiziqishlari, layoqatlarini hisobga olib, banklardan kreditlar olish tartibi bilan tanishtirishimiz, issiqxona qurish istagidagi yoki chorvachilik, parrandachilik bilan shug'ullanmoqchi bo'lgan fuqarolarga amaliy yordam berishimiz darkor. Shundagina tizimli ishlar o'z samarasini beraveradi.
Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati









