Nomzodlar dasturini obdon o‘rganaman. Chunki mening tanlovim shaxsiy bo‘lgani bilan uning natijasi, samarasi nafaqat men, balki oilam, farzandlarim, o‘quvchilarim, mamlakatim kelajagi uchun juda katta ahamiyatga ega. Shu ma’noda, bu galgi saylovda ham faol bo‘lishga harakat qildim. O‘z pozitsiyamdan kelib chiqib, munosib nomzodga ovoz berdim.
Yosh pedagogman. Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar – yoshlar siyosati, ta’lim tizimidagi yangilanishlar meni behad quvontiradi. O‘quvchilik, talabalik yillarimizni eslayman: uyma-uy “ko‘tarimchilik” qilib yurib, kiyim-kechak sotgan yoki oliygoh maoshi bilan oilasi ta’minotini qila olmay xorijga yollanma ishchi sifatida ketgan o‘qituvchilar bo‘lgani haqiqat.
Shukrki, biz yangi O‘zbekiston islohotlari davrida o‘z faoliyatimizni boshladik. Bugun mamlakatimizda o‘qituvchilarga e’tibor kuchaygan. “Zamonaviy pedagog” imiji yaratildi. Darsliklar rivojlangan davlatlar tajribasi asosida tubdan yangilanmoqda. Sharoit va imkoniyatlar bizni o‘z ustimizda ishlashga, salohiyatimizni namoyon qilishga undaydi. Meni quvontirgani, bizga motivatsiya beradigan, zavq bilan dars berishga undaydigan sabablar bisyor. Mana shu zavq pedagogga quvvatdir. Zavqlanib o‘tilgan dars mazmunli bo‘ladi, o‘quvchilarga bilim beradi. Maoshimizga qo‘shimcha ustamalar olayotganimiz ham davlatimizning bizga g‘amxo‘rligi isbotidir. Inson qadr topsa, qalbi shukronalikdan fayziyob bo‘ladi, yangilanishlar, tashabbuslar uyg‘onadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish bilan bog‘liq normalar mustahkamlangani bizni yanada ruhlantirdi. Bosh qonunimizga ko‘ra, o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy-madaniy salohiyatini saqlash va boyitishning asosi sifatida e’tirof etilishi, davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishiga g‘amxo‘rlik qilishi barchamizni quvontirdi. Bu jamiyatimizda ustoz-pedagoglarning sha’ni va obro‘sini yanada yuksaltirish, hurmat-ehtirom ko‘rsatish kabi azaliy qadriyatlarimiz bardavomligini ta’minlashga zamin yaratadi.
O‘zbekiston yangi yo‘lni boshladi. Islohotlar yanada katta quvvatda davom etishi kerak. Farzandlarimning, o‘quvchilarimning orzu va maqsadlari, qolaversa, bizning kelajagimiz yorug‘ligi yetakchi lider tashabbuslariga, qo‘llab-quvvatlashiga bog‘liq. Men ana shunday tamoyildan kelib chiqib, o‘z tanlovimni qildim.
Saylov jarayoni ko‘tarinki ruhda o‘tganiga barchamiz guvoh bo‘ldik. Kun issiq bo‘lishiga qaramay, saylov uchastkalarining salqinlatkich, ichimlik suvlari bilan ta’minlagani, faollarning har bir fuqaroga alohida yondashuvi va e’tiboridan ruhlandik. Ovoz berish jarayoni tartibli rejalashtirilgan. Jarayonda talabalar, ilk marta saylovda qatnashayotgan yoshlardan to nuroniy otaxon va onaxonlargacha faol qatnashdi. Hatto o‘zaro suhbatlardan ularning nomzodlar faoliyati, dasturlari bilan yaqindan tanishganini sezib, quvonasiz. Yurtdoshlarimizning saylovdagi faol ishtirokini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga nisbatan yuksak munosabati deyish mumkin.
Mashhura OTAJONOVA,
Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi 16-maktab o‘qituvchisi