Har bir qadoqda eksportyor korxona va issiqxona nomi, manzili yoziladi

    Agrosektor 30 Yanvar 2021 2987

    Rossiya va Qozogʻiston talabiga koʻra pomidor va qalampir mahsulotlarining har bir qadogʻi ustida eksportyor korxona va mahsulot yetishtirilgan issiqxonaning nomi, manzili yoziladi.

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Durdona Ochilova maʼlum qildi.

    Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi xorijiy davlatlarga eksport qilinishi rejalashtirilgan pomidor va qalampir mahsulotlarida “Pomidor jigarrang bujmayish virusi” kasalligi uchrashining oldini olish boʻyicha doimiy ravishda fitosanitar chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

    Maʼlumki, “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi hamda “Rosselxoznadzor” xizmati oʻrtasida olib borilgan qator muzokaralar natijasida

    2020-yilning 18-dekabridan eksport jarayonlari davom etmoqda.

    Rossiya va Qozogʻiston talabiga asosan, endilikda, pomidor va qalampir mahsulotlarining har bir qadogʻi ustida eksportyor korxona va mahsulot yetishtirilgan issiqxonaning nomi, manzili, mahsulot nomi koʻrsatilishi lozim deb hisoblanadi.

    Mahsulot yetishtirilgan dala va issiqxonaning virusdan xoli ekanligini tasdiqlovchi tahlildan soʻng, roʻyxatga koʻshilib, keyingi eksport jarayonlarida qayta tekshiruvlardan oʻtkazilmaydi.