Unda unumdorligi past boʻlgan va foydalanilmayotgan qishloq xoʻjaligi maydonlari haqida tanqidiy fikrlar bildirgandi. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida avtomobil yoʻllari va dala oʻrtasidagi yerlardan foydalanish boʻyicha “Toʻraqoʻrgʻon tajribasi”ga toʻxtalgandi.
Bu borada Toʻraqoʻrgʻonda qanday ishlar amalga oshirilayotgani bilan qiziqdik. Tumanda 87 nafar fermer xoʻjaliklari tomonidan 2021-yil hosili uchun 4880 gektar maydonga boshoqli don ekinlari ekib parvarish qilinmoqda. 4269 gektar maydonga chigit qadash rejalashtirilgan. Shu bilan birga, chigitga hamkor qilib 1670 gektar maydonda soya oʻstiriladi. Ayni kungacha 3802 gektar yoki 89,1 foiz maydonga chigit ekib boʻlindi, jarayon qizgʻin davom etmoqda. 521 gektar bogʻ-tok qator oralariga eksportbop hamda ozuqabop sabzavot, poliz, kartoshka, sarimsoqpiyoz ekilmoqda.
Tumanda 2032 gektar yaylov va aborotdan chiqqan maydonlarni aborotga kiritish uchun 10 ta tashabbuskorga ajratib, tuman hokimining qarori bilan biriktirib berilgan. Bugungi kunda 400 gektardan ortiq maydonlar tekislanib, 150 gektaridan ortigʻiga eksportbop mevali koʻchatlar oʻtqazildi.
- Mashinalar qatnaydigan yoʻllar va dala oʻrtasidagi yerlardan unumli foydalanish doimiy eʼtiborimizda, - deydi tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Toʻlqinjon Botirov. - Misol uchun, tumandagi Namangan ilmiy tajriba stansiyasi ekin yerlarining yoʻl boʻylarida chigit bilan hamkor sifatida 7 xil ekin - soya, karam, sarimsoqpiyoz urugʻlari nish urmoqda. Hududdagi “Zumrad ibrat” fermer xoʻjaligi yoʻl boʻyiga dala shiyponi hamda yengil tipdagi issiqxona tashkil etilib, ichiga limon koʻchatlari hamda koʻkatlar ekilgan. “Sharq zamin yogʻdusi” fermer xoʻjaligi yoʻl yoqasidagi maydonda koʻchat qalamchalari koʻkarib turibdi. Bu, albatta, kutilganidan koʻproq hosil natijasini olish mumkinligini anglatadi.
Kuni kecha viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov tumandagi “Shahand Aʼzamiy”, “Buramatut gulshani” fermer xoʻjaliklari dala maydonlarini koʻzdan kechirdi. Gʻoʻza va soya urugʻlari qoʻshqator qilib ekilgan yerlarda oʻsimliklar bir tekis unib chiqishni boshlagan. Mutaxassislarning fikricha, bir gektar maydondan 15 sentnerdan soya hosili olinsa, 7,5 million soʻm qoʻshimcha daromad topish mumkin. U avgust-sentyabr oylarida oʻrishga tayyor boʻladi.
- Viloyat rahbari hududimizning “Qorovultepa” massividagi yangi yerlarni koʻzdan kechirdi. Bu joyda “Namangan toʻqimachi agro klaster” fermer xoʻjaligi tomonidan 500 gektar maydon oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan, - deydi Toʻraqoʻrgʻon tumani hokimi Zulayho Mahkamova. - Hozirgacha 135 gektariga ishlov berilib, 10 gektarga bodom, 6 gektarga oʻrik ekildi. Yana 100 gektar yer ekishga hozirlanyapti. Eng muhimi, yillab muammo boʻlgan sugʻorish masalasi hal etildi. 1,5 kilometr masofadan koʻtarma nasos orqali ob-hayot keltirilyapti. Tomchilatib sugʻorish orqali suvning tejamkorligi taʼminlanadi. Yerlarga esa grek yongʻogʻi, oʻrik, bodom, xandon pista koʻchatlari joylashtirilib, ular hosil bergunga qadar qator oralariga paxta va soya ekiladi.
Yerni eʼzozlash, har qarichidan unumli foydalanish orqaligina manfaatdorlikka erishish mumkinligini tumandagi barcha fermer va dehqonlar tushunib yetishgan va astoydil mehnat qilishmoqda.
Orifjon JOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.