Yoshlikda qalbda qanday chaqnagan boʻlsa, keksayganda ham yurakning eng nozik qatlamini yoritib turadi. Bu muqaddas Vatan tuygʻusidir.
Vatan insonning bebaho maʼnaviy suyanchi, hayot yoʻlini yoʻnaltiruvchi maʼnaviy qutbidir. Inson dunyoga kelib, ongu shuurini anglab, shaxs sifatida kamol topishi, orzu- umidlarini roʻyobga chiqarishi uchun Vatanning oʻrnini hech narsa bosolmaydi. Shu bois, ajdodlarimiz Vatan soʻzini ulugʻlagan, uning shaʼni va sharafini himoya qilishni hayot mazmuniga aylantirgan. Ular yurt ravnaqi yoʻlida bor bilim, mahorat va kuchini ayamay, hatto jonini ham fido qilishga tayyor boʻlgan.
Bugungi avlodning omadi ana shu ulugʻ anʼanalar merosini mustaqil, ozod va erkin yurtda davom ettirayotganidir. Bugun biz, tinchlik va farovonlik bagʻrida yashayotganlar oʻz baxtimizning qimmatini chuqur his qilishimiz, erkinlik neʼmatidan yanada koʻproq bahramand boʻlishimiz shart.
Yaqin orada xalqimiz uchun eng ulugʻ va eng aziz sana — mustaqillikka erishganimizga 34 yil toʻlishi munosabati bilan yurtimizda umumxalq bayrami boʻlib oʻtadi. Bu farahli kunlarda biz, nuroniylar uchun bayram tadbirlarida ishtirok etish, yoshlar bilan Vatan haqida suhbat qurish, ular qalbida milliy iftixor chirogʻini yoqish eng katta sharaf va saodatdir. Zero, shoir aytganidek, “bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”.
Yurtimiz mustaqillikka erishgan kunlar umrimning ellik yoshdan oshgan davriga toʻgʻri keldi. Oʻsha tarixi ulugʻ, taqdiriy pallada menda bittagina orzu bor edi: taʼlim-tarbiya tizimi va davlat idoralarida orttirgan bilim, tajriba va hayotiy saboqlarimni yosh, mustaqil Vatanim ravnaqi yoʻlida sarflash.
Vaqt oʻtdi, yillar oldinga siljidi, lekin bu orzu hech qachon soʻnmadi. Mana, hozir 85 yoshga toʻlsam-da, hanuz el xizmatidaman. “Nuroniy” jamgʻarmasi va mahalla hayotida jamoatchilik yoʻnalishida faol ishtirok etib kelyapman. Yurt ravnaqi, xalq manfaati yoʻlidagi har bir qadamimdan, har bir ezgu saʼy-harakatimdan ruhiy quvonch va maʼnaviy qanoat topaman.
Men uchun eng katta baxt bugungi kunda Vatanimda kechayotgan ulkan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarga, hayotimning shu yoshida ham qurbim yetganicha hissa qoʻshib, bu jarayonning bevosita ishtirokchisi boʻlib qolishdir.
Oxirgi yillarda yurtimizdagi islohotlar surʼati va koʻlamini baholash uchun qiyos topish mushkul. Prezidentimiz davlat rahbarligi masʼuliyatini oʻz zimmasiga olgan ilk kunlaridanoq barcha sohalarda ulkan yangilanishlar jarayonini boshlab yubordi. Bu oʻzgarishlar, avvalo, xalqimizni yillar davomida qiynab kelgan ogʻriqli muammolarni bartaraf etishdan boshlandi.
Misol uchun, keksalar hayotidagi qator adolatsiz va qiyinchilik keltiruvchi holatlar oʻtmishda qoldi. Ilgari pensiyalar oʻz vaqtida toʻlanmas, toʻlansa ham plastik kartalardagi mablagʻni naqdlashtirish katta mashaqqatga aylanar edi. Nuroniylar mehnat qilishda davom etsa, pensiyaning toʻliq miqdorini olish huquqidan mahrum boʻlardi.
Shuningdek, kundalik hayotimiz uchun zarur boʻlgan gaz, suv, elektr taʼminoti, yoʻllar holati va mahalla infratuzilmasidagi koʻplab nosozliklar aholini qiynar, odamlar fikrida “bu masalalar yechilmaydi” degan beixtiyor ishonchsizlik hukm surardi. Bugun esa ana shu muammolarga tizimli yechim topilmoqda, xalqning kundalik hayotidagi qulayliklar ortib, kelajakka ishonch yanada mustahkamlanmoqda.
Butun xalqimiz taqdiriga daxldor boʻlgan ishsizlik, kambagʻallik kabi ogʻir muammolarga yechim topilishiga bir paytlar umidimiz ham soʻnib borayotgandek tuyular edi. Ana shunday vaziyatda davlatimiz rahbari “Xalqimiz olis kelajakda emas, bugun baxtli yashashga haqli” degan ulugʻ maqsadni ilgari surdi. Bu gʻoya inson qadrini barcha narsadan ustun qoʻygan, hayotning har bir jabhasini qamrab olgan islohotlar jarayonini boshlab berdi.
Natijada bugungi kunda ilgari, asosan, xomashyo yetkazib beradigan oʻlka sifatida tanilgan yurtimiz endi sanoati izchil rivojlanayotgan, iqtisodiy qudrati yil sayin ortib borayotgan davlatga aylanmoqda. Yurtimiz qiyofasi yangilanib, shahar va qishloqlarimiz obod va fayzli maskanlarga aylanmoqda. Mahallalarimizdagi zamonaviy infratuzilma, obod yoʻllar, koʻkalamzor bogʻlar xalqimiz hayotiga yangi ruh, yangicha kayfiyat olib kirmoqda.
Eng quvonarlisi, yoshlarimiz uchun taʼlim olish, yaxshi kasb-hunar egallash, zamonaviy sharoitlarda ishlab, toʻkis va farovon hayot kechirish imkoniyatlari tobora kengaymoqda. Bu faqat statistik raqamlarda emas, balki kundalik hayotimizda yaqqol namoyon boʻlayotgan voqelik. Men bunga oʻz farzandlarim va nabiralarim misolida, qolaversa, mahalla va tumanimiz yoshlari hayotida koʻp bora guvoh boʻlib kelyapman.
Dilbandlarimizning baxtli qiyofasi, orzulari roʻyobga chiqqaniga shohid boʻlish biz, keksalar uchun beqiyos baxt va iftixordir. Bu qalbimizga quvonch, hayotimizga maʼno, umrimizga umr qoʻshadi. Ertangi kunga ishonch va umidimiz yanada mustahkamlanadi.
Albatta, bunday fayzli, obod va baxtli kunlarga yetganimiz uchun har qancha shukrona aytsak arziydi.
Bugungi kunda keksalarga eʼtibor faqat moddiy yordam yoki imtiyozlar bilan cheklanib qolmayapti. Asosiysi, ularning jamiyatdagi oʻrni va qadri yanada yuksalmoqda. Nuroniylarimiz davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi, oʻz tajribasini yoshlar bilan oʻrtoqlashishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu orqali nafaqat yoshlar tarbiyasida, balki maʼnaviy muhitda ham ijobiy oʻzgarishlar roʻy bermoqda.
Shuningdek, urush va mehnat faxriylarining qadrini ulugʻlash, xotirasini abadiylashtirish maqsadida turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda. Sayohatlar, ziyoratlar, sport va madaniyat muassasalaridagi bepul xizmatlar — bularning barchasi keksalarimizga “siz bizga keraksiz, siz biz uchun azizsiz” degan ulkan maʼnoni ifodalaydi.
Ayniqsa, “Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmasin” shiori ostida amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat yolgʻiz keksalar, balki butun jamiyatda insoniylik va hamjihatlik ruhini mustahkamlamoqda. Chunki keksalarga ehtirom bu oʻz oʻtmishingga, oʻz ildizingga boʻlgan ehtiromdir.
Mustaqilligimizning 34 yillik bayrami arafasida biz, nuroniylar Vatanimizda kechayotgan oʻzgarishlardan faxrlanamiz va yoshlarimizga shuni tilardik: bugungi tinch va farovon hayotni, erkinlik va mustaqillik neʼmatini himoya qiling, unga munosib boʻling, uning yanada gullab-yashnashini taʼminlang. Chunki kelajak sizning qoʻlingizda, yurtimizning ertangi taqdiri sizning maʼnaviy barkamolligingiz va Vatanga sadoqatingizda.
Shukrona bilan aytamizki, bugungi kunda Vatan tuygʻusi, millat iftixori va birdamlik ruhi har bir yurtdoshimiz qalbida yanada yogʻdulanmoqda. Biz, nuroniylar ana shu ezgu yoʻlda doimo duo va amal bilan yoshlarimizga yelkadosh boʻlamiz.
Ayni vaqtda kechayotgan yangi bosqichdagi keng koʻlamli islohotlar va yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek tarixiy jarayonlarda ishtirok etish barcha vatandoshlarimiz uchun ulkan sharaf va iftixordir. Biz, yoshi ulugʻ nuroniylar bunday ulugʻ maqsad yoʻlida faol ishtirok etishdan mamnunmiz. Prezidentimiz oʻz nutqlarida yosh avlodni barkamol, bilimli va el-yurt uchun fidoyi insonlar qilib tarbiyalashda nuroniylar tajribasiga suyanishini koʻp bora taʼkidlagan. Bu soʻzlar barcha nuroniylar qalbiga kuch-quvvat, ishonch va ragʻbat bagʻishlaydi.
Shu ezgu maqsad yoʻlida biz hayotiy tajribamiz, bilim va salohiyatimizni yoshlar tarbiyasiga yoʻnaltirib kelyapmiz. “Bir nuroniy — oʻn yoshga masʼul” hamda “Nuroniy har bir oilaga masʼul” kabi loyihalar shu yoʻnalishdagi ishlarimiz samarasidir. Bu tashabbuslar nuroniylar uchun yoshlar hayotiga yaqindan kirib borish, ularning maʼnaviy olamini boyitish va yuksak insoniy fazilatlarini mustahkamlash imkonini yaratmoqda. Shu bilan birga, ular qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Koʻplab yoshi ulugʻlar qatorida men ham ushbu loyihalarda faol ishtirok etib kelyapman. Oʻzimga biriktirilgan yoshlar bilan suhbatlar jarayonida, avvalo, ularning hayotiy maqsadlari, orzu-intilishlari va kelajak rejalarini diqqat bilan tinglayman. Shu asosda ularga toʻgʻri yoʻl topish, toʻsiqlarni yengib oʻtish va jamiyatda munosib oʻrin egallashda maslahat va amaliy yordam berishga harakat qilaman.
Bu yoʻlda qator davlat va nodavlat tashkilotlar biz bilan hamkorlikda ishlayotgani muhim ahamiyatga ega. Ularning koʻmagi tufayli yoshlar bilan ishlash samarasi ortyapti, koʻplab ijobiy natijalar qoʻlga kiritilmoqda.
Ayniqsa, “Bir nuroniy — oʻn yoshga masʼul” loyihasi amaliy samara bermoqda. U nafaqat yoshlar kamolotiga xizmat qilmoqda, balki ikki avlod oʻrtasidagi mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlashda ham muhim oʻrin tutmoqda. Shu bilan birga, nuroniylarning jamiyatimizda kechayotgan islohotlarda faol ishtirokini taʼminlash, oilalarda ahillik va totuvlikni saqlash, tinchlik va osoyishtalik muhitini mustahkamlashga katta hissa qoʻshmoqda.
Eng asosiysi, loyiha yoshlar qalbida milliy qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini chuqur singdirishda samarali vositaga aylandi. Biz, nuroniylar bu yoʻlda bor bilim va tajribamizni ayamaymiz, chunki bugungi yoshlar ertangi kunning masʼuliyatli vakili, yurtimiz taqdiri egalari hisoblanadi.
Oʻz navbatida, ertangi yorugʻ kelajagimiz yoʻlida fidoyilik va tashabbuskorlik bilan ishlayotgan nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash, ularning umriga umr qoʻshish va boy hayotiy tajribasidan yoshlar kamolotida keng foydalanish doimiy eʼtiborda turibdi. Shu maqsadda nuroniylarning ijtimoiy faolligini ragʻbatlantirish yoʻlida qator amaliy choralar koʻrildi. Jumladan, “Faxriy murabbiy” ordeni va “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni taʼsis etildi, shuningdek, tuman va shaharlarda “Nuroniylar maskani” majmualari tashkil qilindi.
Bu tashabbuslar nafaqat keksalarga munosib eʼzoz, balki jamiyat maʼnaviy muhitini boyitishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, katta tajribaga ega nuroniylar, uzoq yillar turli sohalarda samarali mehnat qilgan obroʻ-eʼtiborli faxriylar salohiyati yoshlar tarbiyasida beqiyos manbadir. Ularning hayotiy saboqlari va maʼnaviy boyligini yosh avlodga yetkazish orqali jamiyatimizdagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligi oshadi, yoshlarni faollikka undaydi, qalbida Vatan tuygʻusini yuksaltiradi.
Shu bilan birga, tarixdan toʻgʻri xulosa chiqarib, yorugʻ kelajakka intilish hissini kuchaytirishga zamin yaratiladi. Bu esa mustaqil, taraqqiyparvar va maʼnaviy yetuk avlodni shakllantirish yoʻlidagi muhim omillardan biridir.
Ayniqsa, bugungi murakkab globallashuv jarayonlari kechayotgan davrda bu masalalar tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bebaho boyligimiz boʻlgan tinchligimizni asrab- avaylash, odamlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni bugungi tinchlik va osoyishtalik qadriga yetishga oʻrgatish, yot gʻoya va mafkuralar taʼsiridan asrash, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ona yurtga mehr va sadoqat tuygʻusini kuchaytirish “Nuroniy” jamgʻarmasi atrofida birlashgan biz, keksa avlod vakillarining muqaddas burchidir.
Shuningdek, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, diniy qadriyatlardan yoshlar tarbiyasida unumli foydalanish, jamiyatda jinoyatchilik va diniy mutaassiblikning oldini olish maqsadida “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida turli maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Sport sohasida ham yoshlar tarbiyasiga xizmat qiladigan ishlar qilinyapti. Respublika va xalqaro maydonlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan faxriy chempionlar, sportchi-polvonlar ishtirokida mahallalarda “Unutilmas chempionlar” va “Faxriy polvonlar” mavzularida uchrashuvlar uyushtirilmoqda. Bu tadbirlar yoshlar qalbida gʻayrat, iroda va maqsad sari intilish tuygʻusini uygʻotmoqda.
Kasb-hunarga ega boʻlmagan yoshlar bilan bir qatorda sport, fan va boshqa sohalarda yuqori natijalarga erishgan, shuningdek, oʻzini oʻzi ish bilan taʼminlagan nogironligi boʻlgan shaxslar hamda paralimpiya musobaqalari sovrindorlari ishtirokida “Matonat va jasorat” maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning hayotga intilishini kuchaytiradi, ularni bilim olish, kasb-hunar egallash va hayot yoʻlida dadil qadamlar tashlashga ruhlantiradi. Bu har bir yosh kamolotida muhim turtki vazifasini oʻtaydi.
Ana shunday ezgu ishlarga faol hissa qoʻshayotgan nuroniylar mehnatini munosib ragʻbatlantirish doimiy eʼtiborda turibdi. Xususan, “Bir nuroniy — oʻn yoshga masʼul” tamoyili asosida samarali faoliyat yuritayotgan va yoshlar hayotida ijobiy natijalarga erishgan nuroniylar “Nuroniy” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirib kelinmoqda. Bu, oʻz navbatida, nuroniylarning jamiyat hayotida yanada faol boʻlishiga va yoshlar bilan ishlashda yangi tashabbuslarni ilgari surishiga xizmat qilmoqda.
Bu kabi eʼtibor va ragʻbat biz, faxriylarni, shubhasiz, yanada faol boʻlishga undaydi. Men ham doimo harakat va izlanishdaman. Amaliy ishlarim qatorida oʻz tajribam va hayotdan olgan saboqlarimni yoshlarga kengroq yetkazish, farzandlarimizning yurtimiz yaqin tarixiga oid bilimlarini boyitish maqsadida soʻnggi yillarda bir necha kitob yozdim. Ularni homiylar koʻmagida nashr etib, tumanimizdagi turli madaniy-maʼrifiy muassasalarga tarqatdim.
Maqsadim shuki, oʻgʻil-qizlarimiz ona Vatan tarixi va ota-bobolarining ezgu orzu-umidlari haqida chuqurroq bilim va tushunchaga ega boʻlsin. Ishonchim komilki, bu ularning oʻzligini chuqur anglashi, ulkan yaratuvchilik va bunyodkorlik ishlariga kamarbasta boʻlishiga muhim turtki boʻladi.
Hayot davom etar ekan, ana shunday ezgu umidlar bilan yoʻgʻrilgan harakatlardan toʻxtamaymiz. Biz, nuroniylarga bildirilayotgan yuksak ishonch va eʼtiborga javoban boy hayotiy va kasbiy tajribamiz bilan yurtimiz obodligi, farovonligi va gullab-yashnashi yoʻlida kuch-gʻayratimizni ayamaymiz.
Mustaqilligimizning 34 yili davomida amalga oshirilgan ulkan islohotlar, erishilgan tarixiy natijalar va yangicha fikr tarzi xalqimizning hayot darajasi, tafakkuri va kelajakka ishonchini mutlaqo yangi pogʻonaga koʻtardi. Ayniqsa, Prezidentimizning xalq bilan ochiq muloqotga tayangan, inson qadrini barcha narsadan ustun qoʻygan, har bir qaror va tashabbusida milliy manfaatlar va xalq farovonligini ustuvor bilgan davlatchilik siyosati samarasi yurtimiz hayotining barcha jabhasida namoyon boʻlmoqda.
Nuroniylarga yuksak eʼtibor, keksalarning boy hayotiy tajribasini yoshlar tarbiyasida qoʻllashga boʻlgan ishonch va ragʻbat biz, keksa avlod vakillari uchun katta iftixordir. Prezidentimiz ilgari surgan “Xalqimiz bugun baxtli yashashga haqli” degan ulugʻ gʻoyani amalga oshirishda har birimiz oʻzimizning maʼnaviy burchimiz va javobgarligimizni toʻliq his etamiz.
Biz, nuroniylar xalqimizning birdamligi, yurtimiz tinchligi va farovonligi yoʻlida doimo faol boʻlamiz. Chunki yangi Oʻzbekiston qurilishi barchamizning umumiy saʼy-harakatimiz va kelajak avlodlar oldidagi eng katta merosimizdir. Shu yoʻlda biz oʻz hayotiy tajribamiz, maʼnaviy quvvatimiz va Vatanga muhabbatimizni ayamay, yanada yuksak marralarga erishishga intilamiz.
Obid AHMEDOV,
Chilonzor tumani nuroniylar
jamoatchilik kengashi raisi oʻrinbosari