Tadbirkorning asosiy maqsadlaridan biri – xorij bozorlariga chiqish. Yaʼni mahsulotini mahalliy bozordan tashqari chet elga ham sotish orqali koʻproq daromad olishni koʻzlaydi. Asl tadbirkor shunday boʻlishi ham kerak. Chunki bu orqali nafaqat tadbirkorning oʻzi, balki mamlakat iqtisodiyoti manfaat koʻradi.

Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqotida ham ayni masala kun tartibiga qoʻyildi. Biznes vakillarining xalqaro maydonda oʻz oʻrnini egallashi, oʻzbek brendi ostidagi mahsulotlar chet el bozorlariga faol kirib borishini taʼminlash uchun qator ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Muammolar tahlil qilinib, aniq tashabbuslar ilgari surildi.

Oʻzbekiston Eksportchilar uyushmasi raisi Yorqin MALIKOV bilan soha vakillarini qiynab kelayotgan masalalar, ushbu yoʻnalishda yoʻllangan murojaatlar hamda ularning yechimlari boʻyicha ilgari surilgan tashabbuslar, mamlakatimizning eksport imkoniyatlari haqida suhbatlashdik.

— Jahon tajribasidan maʼlumki, biznes vakillariga qancha koʻp imkoniyat berilsa, erkin faoliyati uchun sharoitlar yaratilsa, davlat iqtisodiyoti shuncha rivojlanib boradi, — deya fikrini boshladi Yo. Malikov. — Bu rad etib boʻlmaydigan haqiqat va oxirgi yillarda yurtimizda ana shunday jarayon kechmoqda. Yaʼni tadbirkorlarni faol qoʻllab-quvvatlashning milliy va xalqaro talablar darajasidagi tizimi yaratildiki, buning natijasida qulay biznes muhiti shakllanganiga guvoh boʻlyapmiz.

Tadbirkorlar bilan anʼanaviy tarzda oʻtkazilayotgan ochiq muloqot ham oʻziga xos tajriba, jahonda muqobili yoʻq harakatga aylandi. Biznes vakillari murojaatlar orqali yuragida turgan dardlarini davlat rahbariga aytyapti, takliflarini bildirib, yangi tashabbuslarni ilgari suryapti. Bu juda katta imkoniyat. Masalan, oʻtgan yili tadbirkorlar tomonidan 13 mingdan ortiq murojaat yoʻllangan boʻlsa, bu yil 6 mingta murojaat kelib tushgan. Avvalgi yillarda aksariyat murojaatlar bank, kredit masalalari bilan bogʻliq ekanini kuzatganmiz. Joriy yilda esa tadbirkorlarni koʻproq soliq tizimidagi muammolar qiynayotgani koʻzga tashlandi. Davlatimiz rahbari ham shunga katta eʼtibor berib, qoʻshilgan qiymat zanjiridagi tartibni soddalashtirib, muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni bildirdi.

Har gal muloqotda ilgari surilgan tashabbuslar jadallik bilan hayotga tatbiq etilayotgani biznes vakillariga katta koʻmak beryapti. Aynan eksport yoʻnalishi haqida gapiradigan boʻlsam, muloqotlardan keyin berilgan imtiyozlar natijasida oxirgi ikki yilda korxonalarimiz tomonidan 25 milliard dollarlik mahsulot xorijga chiqarilgan. Joriy yilning ikkinchi choragida esa eksportimiz koʻlami oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga oʻsgani kuzatildi. Birgina bojxona hududida qayta ishlash tizimi soddalashtirilgani natijasida mazkur xizmatdan foydalanuvchi tadbirkorlar soni 2 barobar koʻpaygan. Bir yil ichida ushbu imkoniyat orqali 455 million dollarlik mahsulot eksport qilinib, shu tariqa 110 million dollarlik qoʻshimcha qiymat yaratilgan. Bu keskinlashayotgan geosiyosiy vaziyatlarga qaramay, mahalliy eksportchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash koʻlami kengayib borayotgani mahsuli.

Toʻgʻri, mahsulotni xorijga eksport qilish oson emas. Ammo avvalgi yillar bilan solishtirganda hozir bu ancha soddalashgan. Asosiysi, nafaqat yirik, balki kichik korxonalar ham buning uddasidan chiqyapti. Raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, oʻtgan yili mamlakatimizda eksport hajmi 19,3 milliard dollarni tashkil qilgan boʻlsa, shundan 13 milliard dollardan ortigʻi kichik va oʻrta biznesda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilgan.

Bu Oʻzbekistondan xorij bozorlariga chiqarilayotgan mahsulotlar soni oshib borayotganidan ham dalolat beradi. Shunga mos ravishda mamlakatimizning eksport geografiyasi ham kengaymoqda. Mahsulotlarimiz doimiy bozorlardan tashqari, yangi manzillar, Yevropa davlatlariga chiqyapti. Xalqaro hamkorlikdagi aloqalar, xorij davlatlari bilan doʻstona munosabatlar bunga yoʻl ochmoqda. Oʻtgan yili Oʻzbekistonning eksport geografiyasi 120 ta davlatni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilda bu raqam 160 dan oshgani buning isboti.

— Eksportchilarga davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar haqida gapirdingiz. Keling, buni amaliy misollar bilan tahlil qilsak. Eksportchi tadbirkor bugun qanchalik davlatga suyana oladi?

— Agar tadbirkorlar eksport yoʻanilishida berilayotgan barcha imtiyozlardan xabardor boʻlib, ularni faoliyatida qoʻllay olsa, juda katta qulayliklarni koʻradi. Afsuski, koʻpincha biznes vakillarining bundan xabari boʻlmaydi, ish jarayonida ayrimlari qiziqib ham koʻrmaydi. Shu bois, imtiyozlar faqat gapda, deydiganlar ham topiladi.

Vaholanki, eksportchi tadbirkorlarga yoʻl haqi, transport xarajatlarini subsidiya asosida qoplab berish, maʼlum davlatga eksport qilayotganda guvohnoma, sertifikatlarni olishdagi xarajatlarning katta qismini davlat toʻlab berishi kabi bir qator imkoniyatlar mavjud. Masalan, ipak, oziq-ovqat va boshqa qator mahsulotlar eksport qilinganda davlat tomonidan transport xarajatlari 70 foizgacha qoplab beriladi. Subsidiya beriladigan mahsulotlar roʻyxati tobora kengayib boryapti. Yaqinda mosh unini ana shu roʻyxatga kiritish boʻyicha ham ariza berdik. Boisi, tadbirkorlarimiz shunday mahsulot ishlab chiqaryapti va Koreyadan xaridorlar chiqib, 22 million dollarlik shartnoma imzolandi. Ammo ular yoʻlkira xarajatlari ancha qimmatga tushishini aytishdi. Agar mosh unini ham subsidiya beriladigan mahsulotlar qatoriga kiritsak, tadbirkor uni eksport qilishda katta mablagʻni tejab qoladi.

Yana bir masala, Yevropa davlatlariga mahsulot eksport qilinganda, xalqaro akkredatsiyadan oʻtgan laboratoriyalarga namunalar beriladi. Bu ham katta xarajat talab qiladi. Hozir ushbu xarajatlarning ham bir qismini davlat toʻlab beryapti. Tadbirkor biror chet davlatga borib, koʻrgazmada ishtirok etadigan boʻlsa, koʻrgazma pavilyonlariga toʻlanadigan mablagʻning bir qismi Eksportni rivojlantirish agentligi tomonidan qoplanyapti. Boshqa davlatlarda qilinadigan reklama xarajatlari uchun ham davlat belgilangan tartibda pul toʻlaydi.

Yoki yana bir misol, boshqa davlatda savdo uyi ochish uchun olingan binoning 50 foizi davlat hisobidan qoplanayapti. Hatto, savdo uyi uchun olinadigan omborxonaning ham 50 foizini davlat toʻlab beradi. Qarang, eksportchi tadbirkorlar uchun qancha imkoniyat mavjud. Agar buni real summalarda tahlil qilsangiz, biznes vakili tejab qolayotgan xarajatlar koʻlami yaqqolroq namoyon boʻladi.

Bu birgina yoʻnalishdagi imtiyozlar, xolos. Sohaning deyarli har bir tarmogʻida ishbilarmonlarga shunday imkoniyatlar nazarda tutilgan. Ularni oʻrganib borish, foydalana bilish biznes vakillarining oʻziga ham bogʻliq. Yaʼni bugungi tadbirkor koʻproq oʻz ustida ishlab, juda faol boʻlishi kerakligini zamon talab qilyapti. Bunga ikki xil nazar bilan qarasak boʻladi. Avvalo, hozir raqobat juda kuchli va tadbirkor doim hushyor boʻlib, boshqalardan ikki qadam oldinda yursagina, yutuqqa erishadi. Boshqa tomondan, hozirgi tadbirkor ish yuritish, biror mahsulotni ishlab chiqarishga ilm bilan yondashishi kerak boʻlyapti. Koʻr-koʻrona ish boshlash bilan oldinga yurolmaydi.

— Bu jarayonda Oʻzbekiston Eksportchilar uyushmasining oʻrni va roli qanday? Yaʼni tadbirkorlar uyushma koʻmagini qanchalik sezishmoqda?

— Bugungi kunda  uyushmamiz davlat va tadbirkor oʻrtasidagi vositalachilardan biri, desak xato boʻlmaydi. Faoliyatimizning asosiy yoʻnalishi eksportchi ishbilarmonlarni qoʻllab-quvvatlash, yurtimizda ularga berilayotgan imtiyozlardan foydalanishlarida huquqiy va amaliy jihatdan koʻmaklashish, yangi bozorlarni ochish, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishga hissa qoʻshishdan iborat. Shu maqsadda uyushma 4 mingdan ortiq mahalliy eksportchini birlashtirib, doimiy muloqotni yoʻlga qoʻygan. Ularning orasida deyarli barcha tarmoq tadbirkorlari bor.

Tadbirkorlarimiz yetishtirgan, ishlab chiqarayotgan mahsulotlar uchun muqim bozorlar topishga harakat qilyapmiz. Turli davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatganmiz. Muntazam tarzda yangi bozorlar izlaymiz. Soʻnggi vaqtlarda arab davlatlariga chiqishni boshladik. Qolaversa, Indoneziya, Misr orqali Afrika davlatlariga kirib borishga intilyapmiz. Boisi, Afrika davlatlarida 1 milliarddan oshiq aholi bor, bu juda katta bozor, degani. Ushbu davlatlarda xizmat safarida boʻlganimizda, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan qurilish mollari, quritilgan meva-sabzavotlar, ipak toladan tayyorlangan mahsulotlarimizga katta qiziqish bildirilayotganini koʻrib, kuzatdik.

Oʻzbekistonda eksportbop tovarlar juda koʻp. Faqat ularni koʻproq davlatga namoyish eta olishimiz kerak. Bu borada doimiy tarzda oʻtkazib kelinayotgan xalqaro koʻrgazma, forumlarlarning alohida oʻrni bor. Bular birdaniga natija bermasa ham, poydevor qoʻyib boriladi, yangi hamkorliklarga asos boʻladi, katta shartnomalarga yoʻl ochadi. Asosiysi, bu tadbirlar tadbirkorlarning oʻz mahsulotini xorijliklarga namoyish etishida katta maydon boʻlib xizmat qiladi. Masalan, Eksportchilar uyushmasi tomonidan 2020-yil boshida yurtimiz tarixida birincha marta oʻtkazilgan Oʻzbekiston–Afgʻoniston biznes forumini olaylik. Oʻshanda 300—400 turdagi mahsulot koʻrgazmasini oʻtkazganmiz. Afgʻonlar Oʻzbekistonda shunday mahsulotlar ishlab chiqarilyaptimi, deb hayratda qolishgan. Bu keyingi yillarda oʻz natijasini bera boshladi. Afgʻonistonga qandolat, makaron, saqich mahsulotlarimizning katta miqdordagi eksporti yoʻlga qoʻyildi. Bundan, albatta, tadbirkorlarimiz manfaat koʻryapti.

Xorij davlatlarida Oʻzbekistonning savdo uylarini ochish ham yil sayin kengayib boryapti. Hozir Qozogʻiston, Tojikiston, AQSH, Germaniya kabi qator davlatlarda savdo uylarimiz bor. Qirgʻizistonda buning uchun katta bino qurilishi boshlangan. Hatto, tadbirkorlarimizning oʻzlari barcha talablarga rioya qilgan holda, davlatimiz tomonidan berilayotgan subsidiyalardan foydalanib boshqa davlatlarda savdo uylarini ochmoqda. Oʻsha yerda oʻz mahsulotlarini sotish orqali, eksport hajmini oshiryapti. Bunda ularga boshqa imtiyozlar ham bor. Yaʼni tadbirkor hujjatlarni rasmiylashtirayotganda mahsuloti savdo uylariga chiqarilayotganini kiritsa, bojxona toʻlovlarini mahsulot sotilgandan keyin toʻlash imkoniyatiga ega boʻladi. Agar mahsulotning muddati oʻtib ketsa, hech qanday toʻlovsiz Oʻzbekistonga qaytarishi ham mumkin. Bu ham tadbirkorga ancha qulaylik beradi.

— Eksport borasida muammolar ham hali yetarlicha ekani sir emas. Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqoti oldidan uyushma va uning aʼzolari qanday masalalarni oʻrtaga tashladi?

— Eksportchilardan kelib tushgan murojaatlar asosida bir qancha takliflarni tayyorladik. Shulardan eng kattasi soliq boʻyicha eʼtirozlar edi. Guvohi boʻlganimizdek, davlatimiz rahbari tomonidan bu borada aniq tashabbuslar aytildi. Logistika borasidagi muammolar ham birin-ketin yechilmoqda. Eng maqbul variantlar koʻrilib, amaliyotga joriy etilyapti.

Oʻzbekistonning xorij davlatlaridagi elchixonalarida yurtimizda yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan mahsulotlarning milliy pavilyonini tashkil etish taklifini ham berdik. Ularda mahsulotlarimiz namunalari qoʻyilsa, tadbirkorlarga ancha qulay boʻladi. Masalan, hozirgi kunda arab davlatlari qandolat mahsulotlarimizga katta qiziqish bildiryapti. Bir tadbirkorimiz Saudiya Arabistoniga bir necha marotaba oʻz mahsuloti namunalarini joʻnatdi. Ikki kilogramm mahsulotni xalqaro pochta orqali Saudiya Arabistoniga joʻnatish 500–600 dollargacha tushyapti. Tasavvur qiling, oʻnta mijozga 2 kilogrammdan mahsulot joʻnatish qanchaga tushadi? Agar shu mahsulotlar elchixonalarimizda tursa, xorijliklar borib, bemalol namunalar bilan tanisha oladi.

Eksportdagi yana bir masala bizda xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalarning yoʻqligi. Shu sababli, koʻp turdagi mahsulotlarimiz xorijga chiqa olmayapti. Misol uchun, Koreyaga asal eksport qilmoqchimiz, lekin ularning roʻyxatidan oʻtgan laboratoriya bizda yoʻqligi uchun, mahsulot sifatini tekshirib, ularning mamlakatiga olib kira olmayapmiz. Buning uchun Oʻzbekistonga xalqaro akkredatsiyadan oʻtgan laboratoriyalarning filiallarini olib kelishimiz kerak. Shunda mahsulotlar xulosalarini olib, koʻproq davlatga taqdim qila olamiz. Bu xorijdagi laboratoriyalarda mahsulot sifatini tekshirtirishga ketadigan xarajatlarni tejab qolishga ham imkon beradi.

Yana bir masala, Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan mahsulotlar namunasi turadigan joy yoʻq edi. Xorijliklarga mahsulotlarimizni koʻrsatish uchun turli hududlardagi zavod-fabrikalarga olib borishimizga toʻgʻri keladi. Bu bir necha kun vaqt va ortiqcha xarajat talab qilardi. Shu bois, davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan Eksport markazini tashkil etish belgilandi. Kuni kecha, 15-avgust kuni Toshkent shahrida Singapur universiteti bilan hamkorlikda Eksport markazini ochdik. Doimiy ishlaydigan mazkur shourumdan ona diyorimizda yetishtiriladigan va ishlab chiqariladigan mahsulotlar joy oladi. Hozirgacha 200 turdagi mahsulotni joylashtirdik. Ularning oldida ishlab chiqaruvchi haqidagi barcha maʼlumotlar qoʻyilgan. Endi xorijlik importchilarni shu yerga olib kelyapmiz, muzokaralar ham shu yerning oʻzida olib boriladi. Biz u yerda tadbirkorlarga eksport boʻyicha davlat tomonidan beriladigan yordamlarni aytib, amaliy koʻmaklar koʻrsatamiz. Bu imkoniyatlar eksport koʻlamini yanada oshirishga yoʻl ochadi.

Sohani yanada rivojlantirish uchun kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratishimiz lozim. Boisi, koʻp tadbirkorlarning eksportda uquvi yoʻqligi, ularga aniq amaliy yordam koʻrsatadigan boʻlimlar mavjud emasligi qiynaydi. Bunday boʻlimlarni tashkil etish uchun esa kadrlar yetishmaydi. Bu boʻshliqni toʻldirish uchun uyushmada kadrlar tayyorlashni boshladik, eksport boʻyicha oʻquv kurslarni yoʻlga qoʻydik. Oliy taʼlimda ham eksport boʻyicha darslar koʻproq amaliyotda oʻtkazilsa, kadrlar zaxirasi tezroq shakllanadi. Kadrlar koʻpaysa, tadbirkorlarga koʻmak oshib, eksportchilar safi yanada kengayadi.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Iroda TOSHMATOVA suhbatlashdi.