Jumladan, kelgusida institut miqyosida oʻzbek tili, rus tili, ingliz tili, matematika va informatika hamda umumiy pedagogika fanlaridan olimpiadalar va “Yangi Oʻzbekiston — yoshlar kelajagi” onlayn insholar, “Oʻzbekiston — yoshlar mamlakati” mavzusida videoroliklar, vatanparvarlik mavzusida qoʻshiqlar, ifodali audio oʻqish, rasmlar, robototexnika va pedagogik faoliyat innovatsiyalari mavzusida ilmiy maqola va tezislar, startap loyihalar singari qator tanlovlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Har bir talabaning innovatsion gʻoyalari, yaʼni startap loyihalari uchun 5 million soʻmdan berish moʻljallangan. Ushbu tanlovlarda talabalarni ragʻbatlantirish uchun jami 51 600 000 soʻm pul yutuqlari ajratildi. Shu bilan birga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tashabbusi bilan yurtimizdagi barcha oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari uchun oʻquv kurslari tashkil etiladi.
Ushbu oʻquv kurslar davomida professor-oʻqituvchilar kredit-modul tizimi asosida taʼlim jarayonini tashkil etish, kredit-modulda talabalar mustaqil ishi, dars oʻtishda pedagogik usullar, taʼlim jarayonini raqamlashtirish, dars oʻtishda ilmiy yondashuvlar, baholash mezonlari, shaxsiy elektron kutubxona yaratish, masofaviy taʼlim, fan dasturi va sillabus tayyorlash, ilmiy bazadagi xalqaro reytingi yuqori nashrlarda ilmiy maqola chop ettirish kabi mavzularni oʻqib oʻrganmoqda.
Mazkur tizimning oliy taʼlimga joriy qilinishi oʻqitish sifatini oshirish, shaffoflikni taʼminlash, korrupsiyaga barham berish, taʼlim oluvchining haqiqiy bilimini yuzaga chiqarish hamda talabaning mustaqil oʻqib-oʻrganib, oʻz ustida ishlashiga zamin yaratadi, deyiladi Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti matbuot xizmati xabarida.