Har bir viloyatda elektr uskunalari va materiallari zaxirasi ehtiyojlari uchun 10 milliard soʻmdan mablagʻ ajratiladi

    Hukumat 11 May 2023 1769

    Yigʻilishda yoz oylarida elektr tizimlarining barqaror va uzluksiz ishlashini taʼminlash, yuklama oshib ketishi natijasida ularning ishdan chiqishini oldini olish choralarini oʻz vaqtida koʻrib borish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

    Past kuchlanishli 30 ming kilometr elektr tarmogʻi va 10 mingta transformatorni mukammal taʼmirlash ishlarini oʻz vaqtida va sifatli bajarish topshirildi.

    Bu borada mart oyida Toshkent shahrida elektr taʼminotini yaxshilash boʻyicha alohida dastur qabul qilinib, bunga 4,2 trillion soʻm ajratildi. Unga muvofiq 900 kilometr elektr tarmoqlari, 230 ta transformatorni yangilash va rekonstruksiya qilish, 5 ta yangi podstansiya qurish reja qilingan.

    Viloyatlar hokimlariga elektr uskunalari va materiallari zaxirasi uchun ehtiyojlarni hisob-kitob qilib, har bir viloyatda 10 milliard soʻmdan mablagʻ ajratish topshirildi.

    1-avgustga qadar 2023-yil uchun reja qilingan tarmoq va transformatorlarni taʼmirlash ishlarini yakuniga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Buning uchun viloyat, shahar va tumanlarda 400 ga yaqin brigada tashkil qilinadi.

    Shuningdek, mutasaddilarga issiqlik energiya stansiyalariga bugungi kunga nisbatan 6 million kub metrga koʻp gaz yetkazib berishni taʼminlash, 1-iyulga qadar 200 ming tonna mazut zaxirasini yaratish topshirildi.

    Yoqilgʻi-energetika sohasida davlat nazoratini kuchaytirish, elektr energiyasi va gazning noqonuniy isteʼmoliga barham berish boʻyicha ham vazifalar belgilab berildi.