Oʻquvchi-yoshlarni umumtaʼlim fanlarini chuqur va mukammal oʻrganishga undash, muvaffaqiyatlar sari ruhlantirishda borasida Yangi Namangan tumanidagi 69-umumtaʼlim maktabida oʻziga xos tashabbus yoʻlga qoʻyilgan.

Maktab direktori Muxtorjon Isaqov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yashil va qizil” burchak anʼanasi asosida 2 yildirki, har hafta eng namunali, davomat koʻrsatgichi yuqori boʻlgan, sinf xonasini ozoda tutadigan, formasi eʼtiborga loyiq ibratli sinflar turli nominatsiyalar boʻyicha eʼtirof etib boriladi.

Ahamiyatlisi shundaki, nominatsiyalar boʻyicha har dushanba kuni maktabda taqdirlash marosimi tashkil etiladi va gʻoliblar koʻchma diplom bilan taqdirlanadi. Har chorakda esa sinflarning necha marotaba koʻchma diplom bilan taqdirlanganiga qarab yuqori natija koʻrsatgan sinflardan 1-oʻringa noutbuk, 2-oʻringa televizor hamda 3-oʻringa kitoblar toʻplami taqdim etiladi.

Bundan tashqari, 10 nafar eng bilimli, iqtidorli va zukko oʻquvchilarning har biri 500 ming soʻmdan direktor stipendiyasi bilan mukofotlanadi.

Shu tarzda ragʻbatlantirish yoʻlga qoʻyilgan maʼrifat dargohi rahbari ushbu xayrli tashabbusga oylik maoshining yarmini ham yoʻnaltirmoqda.

Oʻziga xos anʼana taʼlim jarayonlarida sifat va samaradorlik ortishiga, oʻquvchilarni istiqbol sari intilishlarida oʻz samarasini bermoqda.