Nizomga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab har yili oʻzlarining hududlaridan oʻqishga kirgan 25 nafardan hamda 2-4-kurslarda oʻqiyotgan 75 nafar (har bir kursdan – 25 nafardan), jami 100 nafar xotin-qizlar uchun toʻlov-kontrakt summasini toʻrt oʻquv yilining yakunlanishiga qadar toʻlab beradi.

Moliyaviy barqaror davlat OTM tomonidan ularning kengashlari qaroriga muvofiq, 50 nafargacha xotin-qizlar birinchi oʻquv yilida bepul oʻqitiladi.

Bunda talabgorlarning keyingi oʻquv yillari uchun taʼlim kreditlari rasmiylashtiriladi. Hokimliklar oʻz hududlaridagi talabgorlar uchun uchinchi shaxs kafilligini beradi hamda oʻqishni tamomlagandan soʻng ularni ish joyi bilan taʼminlaydi.

Talabgorlarni tanlab olish quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:

otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan muhtoj qizlar;boquvchisi yoʻq ehtiyojmand yolgʻiz ayollar.

Bunda yuqoridagi mezonlarga mos keluvchi xotin-qizlar test natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab ijtimoiy holati toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani har yili 10 kun ichida OTM qabul komissiyasiga taqdim etadi.

Davlat OTM 5 kun mobaynida roʻyxatni shakllantirib, hokimliklarga yozma ravishda maʼlumotlarni yuboradi.

Shunga koʻra, Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollar oliy taʼlim olishlarini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash komissiyasi 15 kunda (lekin har oʻquv yilida 15-sentyabrdan kech boʻlmagan muddatda) talabgorlar roʻyxatini hamda shartnomani imzolash boʻyicha xulosalarni davlat OTMga yozma ravishda kiritadi va belgilangan tartibda shartnomalarni rasmiylashtiradi.

Mazkur tartib toʻlov-kontrakt asosida davlat OTM bakalavriatiga (kunduzni, sirtqi, kechki taʼlim shaklidan qatʼi nazar) talabalikka tavsiya etilgan hamda 2-4 kurslarda tahsil olayotgan talabgorlarga qoʻllaniladi.

Quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
➖ ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim olish uchun tanlovda ishtirok etgan talabgorlarga;

➖ Oʻzbekistonda joylashgan xorijiy OTM yoki ularning filiallari, nodavlat taʼlim xizmatlari bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga;

➖ oliy harbiy taʼlim muassasalariga.

Talabgorlar joriy oʻquv yili davomida OTMni yoki taʼlim yoʻnalishini oʻzgartirsa yoxud talabalar safidan chetlashtirilsa mazkur imtiyozdan foydalanib boʻlmaydi.
Talabgorlarni tanlab olish natijalari “Aziz-ayol.uz” Yagona interaktiv milliy platformasi orqali eʼlon qilinadi.