Ular orasida oʻzbek tili ham borligi bizning baxtimiz, faxrimizdir.
Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida gʻoyat muhim oʻrin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir.
Bizning ona zaminimizda milliy davlatchilik 3 ming yillik boy tarixga ega sanalsa, ushbu davrlarda jamiyatning turli sohalari kabi harbiy sohasi ham sanʼat darajasida rivojlanish bosqichini bosib oʻtdi, bu jarayonda milliy tilning oʻrni beqiyos sanaladi.
Demak bugungi kunda ilmiy tadqiqot masallarida harbiy terminologiyani tadqiq etish, tarix barxanlari ostiga yashiringan tilimizning bu jabhadagi goʻzalligini, betakrorligini ochib berish bugungi kunning dolzarb masalasiga aylanmogʻi zarurdir.
Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunning oʻttiz ikki yilligi munosabati bilan Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti tashabbusi bilan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida Oʻzbek tilida harbiy terminologiya masalalariga bagʻishlangan maʼrifiy davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbirda Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti professor-oʻqituvchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi mutaxassis xodimlari, tilshunos tadqiqotchilar, kursantlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻz olganlar oʻzbek tilining tarixiy ahamiyati, milliy yuksalish yoʻlidagi oʻrni, harbiy leksikologiya masalalariga alohida toʻxtalib, oʻz fikr va mulohazalarini bildirib oʻtdi.
Tadbir davomida “Shon-sharaf” Davlat muzeyi boʻylab ekskursiya tashkil etildi.
D.Xudayqulov,
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining
Bojxona instituti Maʼnaviyat va yoshlar tarbiyasi
markazi katta inspektori