Muddatli harbiy xizmatni oʻtash yoshlar uchun muvaffaqiyat yoʻliga aylanishi kerakligiga alohida urgʻu berildi. Endilikda muddatli harbiy xizmatning yangi modeli shakllanadi. Bu orqali armiyadan qaytgan har bir askar kasbiy koʻnikmaga ega boʻladi.
Joylarda bu boradagi harakatlar boshlab yuborildi. Jumladan, Milliy gvardiya Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi kasb- hunarga oʻqitish tizimini yoʻlga qoʻymoqda. Ayni paytda muddatli harbiy xizmatchilar kompyuter grafikasi operatori, avtomobillarni taʼmirlovchi chilangar, payvandlovchi va sartaroshlik kabi zamonaviy hamda talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha sertifikat olishga tayyorlanmoqda.
Kasbiy taʼlim agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi boshligʻi Toʻychiboy Boymatov bergan maʼlumotlar viloyatda yuqoridagi topshiriqlar ijrosiga jadal kirishilganini koʻrsatadi.
— Endi muddatli harbiy xizmatchilarimiz nafaqat harbiy xizmat qiladi, balki oʻz iqtidori doirasida bittadan kasb egasi ham boʻlib ketadi, — dedi T.Boymatov. — Albatta, hozirgi kun talabi — axborot texnologiyalari sohasi. AT, xorijiy tilsiz bugungi hayotni tasavvur qilib boʻlmaydi. Shuning uchun bu yoʻnalishlarga malakali mutaxassislarni jalb qilganmiz. Ular muddatli harbiy xizmatdagi askarlarimizga taʼlim-tarbiya berishga tayyor.
Kasbiy taʼlim Fargʻona viloyati boshqarmasi negizidagi 67 ta texnikum va kasb- hunar markazi imkoniyatlaridan foydalangan holda harbiy xizmatchilarga chilangar, payvandlovchi, kompyuter texnikasi operatori, shuningdek, marketing boʻyicha mutaxassis, kadrlar va maxsus ishlar boʻyicha inspektor, ofitsiant, avtomobillarni taʼmirlash chilangari, AutoCad dasturchisi, sartarosh va elektromontyor kabi kasb-hunarlar oʻrgatilmoqda.
Muddatli harbiy xizmatchi Samandar Tursunov askarlarning mashinalarga texnik xizmat koʻrsatish, santexniklik boʻyicha kasb-hunar egallayotganidan mamnun.
— Bu hunar bizga kelajakda oʻz ishimizni, oʻrnimizni topishimizda yordam beradi. Chunki hamma askarlar ham muayyan kasbni egallab ulgurmagan. Xususan, oʻzim harbiy xizmat davrida texnikaga xizmat koʻrsatishni oʻrganyapman, shu yoʻnalish boʻyicha oʻqiyapman. Qisqa muddatda ishga qoʻlim kelib, malaka, tajribam oshib boryapti, — deydi askar.
Sharqiy harbiy okrug Fargʻona garnizonidagi harbiy qismlarda muddatli xizmatni oʻtayotgan askarlar uchun Fargʻona shahridagi 4-texnikum bilan hamkorlikda kasb-hunar va xorijiy tillarni oʻrgatishga qaratilgan oʻquv mashgʻulotlari yoʻlga qoʻyildi.
Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni oʻrinbosari, polkovnik Mehriddin Qoʻchqorovning aytishicha, 2025-2026-yilda xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchilarni ikki oy mobaynida kasb- hunarga, qolaversa, chet tillarga oʻrgatish maqsad qilingan. Bundan tashqari, Sharqiy harbiy okrug hududida joylashgan Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarida ham muddatli harbiy xizmatchilarni aynan shu yoʻnalishlarda oʻqitish ustida ishlanyapti.
Fargʻona shahridagi 4-texnikum direktori Ravshan Umarov esa bugun harbiy xizmatchilarga ham xizmat qilish, ham kasb egallash imkoni berilgani ular orqali jamiyatga sezilarli manfaat keltirishini taʼkidladi. Uning aytishicha, texnikumga eng oxirgi rusumdagi dastgohlar keltirilgan. Xalqaro taʼlim dasturiga tushgan toʻrtta yoʻnalishda 120 askarga malakali, ilmiy darajasi bor oʻqituvchilar dars beryapti. Bu esa askarlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, kelgusidagi kasbiy faoliyatiga mustahkam poydevor yaratadi hamda harbiy xizmatdan keyingi hayotga moslashuvini osonlashtiradi.
Muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Shohrux Yoqubov AT va harbiy xizmatda kerak boʻladigan kiberxavfsizlik boʻyicha malaka oshiryapti. U yaratilayotgan bugungi sharoitlar yoshlarning armiyaga qiziqishini oshirishga xizmat qilishi haqida ishonch bilan gapirdi.
Muddatli harbiy xizmatchilarni mehnat bozorida talab yuqori kasblarga yoʻnaltirish maqsadida qisqa muddatli oʻquv kurslariga jalb etish ishlari barcha hududlarda jadal olib borilyapti. Zero, bu oʻz vaqtida va toʻgʻri oʻylangan ezgu tashabbuslardan biri boʻldi. Bugun ham harbiy xizmatni oʻtab, ham kasb-hunar egasi boʻlib ketish nechogʻliq manfaatli ekanini yoshlar yaxshi biladi.
Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Qarshi shahrida joylashgan Kasbiy koʻnikmalar markazi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Hamkorlik doirasida muddatli harbiy xizmatchilar belgilangan tartibda ikki oylik qisqa muddatli oʻquv kurslarida tahsil olmoqda. Ayni paytda ular elektromontyor, chilangar hamda santexnik yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy bilim va amaliy koʻnikmalarni egallamoqda.
Qarshi shahridagi Kasbiy koʻnikmalar markazi bosh mutaxassisi Hulkar Roʻziqulova markazning Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi bilan kasbga oʻqitish borasida memorandum imzolaganini maʼlum qildi. Maqsad — muddatli harbiy xizmatchilarni kasbga oʻqitish, harbiy xizmatdan qaytganlarni ish bilan taʼminlash. Oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan muddatli harbiy xizmatchilarga davlat namunasidagi sertifikatlar topshirilishi rejalashtirilgan. Bu ularning harbiy xizmatdan soʻng doimiy ish bilan taʼminlanishiga keng imkoniyat yaratadi.
Muhim jihatlardan biri, askarlarning oʻquvlarni yakunlaganlik boʻyicha sertifikatlari oʻzbek, rus va ingliz tillarida rasmiylashtiriladi. Xizmatni tugatgan yoshlar nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda ham oʻz kasbi boʻyicha ishlashi mumkin.
Harbiy xizmat davrida kasbga oʻqitish tizimi joriy etilishi bir necha muhim masalalarga yechim boʻladi. Yuqorida aytilganidek, yoshlarning harbiy xizmatni oʻtashga qiziqishi sezilarli darajada ortadi. Xizmatni tugatib qaytganlarning ishsiz qolish xavfi kamayadi. Zero, kasb- hunarli yoshlarda oʻz kuchiga ishonch ortadi. Ularda tadbirkorlik yoki mehnat faoliyatini boshlashga intilish kuchayadi. Bu esa kambagʻallikni kamaytirish, oilalar farovonligini taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarimiz samaradorligi yanada ortishini taʼminlaydi.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri