Muddatli harbiy xizmatni oʻtash yoshlar uchun muvaffaqiyat yoʻliga aylanishi kerakligiga alohida urgʻu berildi. Endilikda muddatli harbiy xizmatning yangi modeli shakllanadi. Bu orqali armiyadan qaytgan har bir askar kasbiy koʻnikmaga ega boʻladi.

Joylarda bu boradagi harakatlar bosh­lab yuborildi. Jumladan, Milliy gvardiya Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi kasb- hunarga oʻqitish tizimini yoʻlga qoʻymoqda. Ayni paytda muddatli harbiy xizmatchilar kompyuter grafikasi operatori, avtomo­billarni taʼmirlovchi chilangar, payvand­lovchi va sartaroshlik kabi zamonaviy ham­da talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha sertifikat olishga tayyorlanmoqda.

Kasbiy taʼlim agentligi Fargʻona vi­loyati boshqarmasi boshligʻi Toʻychiboy Boymatov bergan maʼlumotlar viloyatda yuqoridagi topshiriqlar ijrosiga jadal kirishilganini koʻrsatadi.

— Endi muddatli harbiy xizmatchilari­miz nafaqat harbiy xizmat qiladi, balki oʻz iqtidori doirasida bittadan kasb egasi ham boʻlib ketadi, — dedi T.Boymatov. — Albat­ta, hozirgi kun talabi — axborot texnolo­giyalari sohasi. AT, xorijiy tilsiz bugungi hayotni tasavvur qilib boʻlmaydi. Shuning uchun bu yoʻnalishlarga malakali mutaxassis­larni jalb qilganmiz. Ular muddatli harbiy xizmatdagi askarlarimizga taʼlim-tarbiya berishga tayyor.

Kasbiy taʼlim Fargʻona viloyati bosh­qarmasi negizidagi 67 ta texnikum va kasb- hunar markazi imkoniyatlaridan foydalan­gan holda harbiy xizmatchilarga chilangar, payvandlovchi, kompyuter texnikasi ope­ratori, shuningdek, marketing boʻyicha mu­taxassis, kadrlar va maxsus ishlar boʻyicha inspektor, ofitsiant, avtomobillarni taʼ­mirlash chilangari, AutoCad dasturchisi, sartarosh va elektromontyor kabi kasb-hu­narlar oʻrgatilmoqda.

Muddatli harbiy xizmatchi Samandar Tursunov askarlarning mashinalarga tex­nik xizmat koʻrsatish, santexniklik boʻyicha kasb-hunar egallayotganidan mamnun.

— Bu hunar bizga kelajakda oʻz ishimiz­ni, oʻrnimizni topishimizda yordam beradi. Chunki hamma askarlar ham muayyan kasbni egallab ulgurmagan. Xususan, oʻzim harbiy xizmat davrida texnikaga xizmat koʻrsa­tishni oʻrganyapman, shu yoʻnalish boʻyicha oʻqiyapman. Qisqa muddatda ishga qoʻlim ke­lib, malaka, tajribam oshib boryapti, — deydi askar.

Sharqiy harbiy okrug Fargʻona gar­nizonidagi harbiy qismlarda muddatli xizmatni oʻtayotgan askarlar uchun Fargʻona shahridagi 4-texnikum bilan hamkorlikda kasb-hunar va xorijiy tillarni oʻrgatish­ga qaratilgan oʻquv mashgʻulotlari yoʻlga qoʻyildi.

Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻ­mondoni oʻrinbosari, polkovnik Mehrid­din Qoʻchqorovning aytishicha, 2025-2026-yilda xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchilarni ikki oy mobaynida kasb- hunarga, qolaversa, chet tillarga oʻrgatish maqsad qilingan. Bundan tashqari, Shar­qiy harbiy okrug hududida joylashgan Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatla­rida ham muddatli harbiy xizmatchilarni aynan shu yoʻnalishlarda oʻqitish ustida ishlanyapti.

Fargʻona shahridagi 4-texnikum di­rektori Ravshan Umarov esa bugun harbiy xizmatchilarga ham xizmat qilish, ham kasb egallash imkoni berilgani ular orqali jamiyatga sezilarli manfaat keltirishini taʼkidladi. Uning aytishicha, texnikumga eng oxirgi rusumdagi dastgohlar kelti­rilgan. Xalqaro taʼlim dasturiga tushgan toʻrtta yoʻnalishda 120 askarga malakali, ilmiy darajasi bor oʻqituvchilar dars beryapti. Bu esa askarlarning boʻsh vaqtini maz­munli tashkil etish, kelgusidagi kasbiy faoliyatiga mustahkam poydevor yaratadi hamda harbiy xizmatdan keyingi hayotga moslashuvini osonlashtiradi.

Muddatli harbiy xizmatchi, oddiy as­kar Shohrux Yoqubov AT va harbiy xizmatda kerak boʻladigan kiberxavfsizlik boʻyicha malaka oshiryapti. U yaratilayotgan bugungi sharoitlar yoshlarning armiyaga qiziqishi­ni oshirishga xizmat qilishi haqida ishonch bilan gapirdi.

Muddatli harbiy xizmatchilarni mehnat bozorida talab yuqori kasblarga yoʻnalti­rish maqsadida qisqa muddatli oʻquv kurs­lariga jalb etish ishlari barcha hududlarda jadal olib borilyapti. Zero, bu oʻz vaqtida va toʻgʻri oʻylangan ezgu tashabbuslardan biri boʻldi. Bugun ham harbiy xizmatni oʻtab, ham kasb-hunar egasi boʻlib ketish nechogʻliq manfaatli ekanini yoshlar yaxshi biladi.

Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Qarshi shahri­da joylashgan Kasbiy koʻnikmalar markazi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Hamkorlik doirasida muddatli harbiy xizmatchilar belgilangan tartibda ikki oylik qisqa muddatli oʻquv kurslarida tahsil olmoqda. Ayni paytda ular elektromontyor, chilangar hamda santexnik yoʻ­nalishlari boʻyicha kasbiy bilim va amaliy koʻnikmalarni egallamoqda.

Qarshi shahridagi Kasbiy koʻnikmalar markazi bosh mutaxassisi Hulkar Roʻziqulo­va markazning Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi bilan kasbga oʻqitish borasida memorandum imzolaga­nini maʼlum qildi. Maqsad — muddatli harbiy xizmatchilarni kasbga oʻqitish, har­biy xizmatdan qaytganlarni ish bilan taʼ­minlash. Oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan muddatli harbiy xizmatchilarga davlat namunasidagi sertifikatlar top­shirilishi rejalashtirilgan. Bu ularning harbiy xizmatdan soʻng doimiy ish bilan taʼminlanishiga keng imkoniyat yaratadi.

Muhim jihatlardan biri, askarlarning oʻquvlarni yakunlaganlik boʻyicha serti­fikatlari oʻzbek, rus va ingliz tillarida rasmiylashtiriladi. Xizmatni tugatgan yoshlar nafaqat mamlakatimizda, balki xo­rijiy davlatlarda ham oʻz kasbi boʻyicha ishlashi mumkin.

Harbiy xizmat davrida kasbga oʻqitish tizimi joriy etilishi bir necha muhim masalalarga yechim boʻladi. Yuqorida ay­tilganidek, yoshlarning harbiy xizmatni oʻtashga qiziqishi sezilarli darajada or­tadi. Xizmatni tugatib qaytganlarning ishsiz qolish xavfi kamayadi. Zero, kasb- hunarli yoshlarda oʻz kuchiga ishonch ortadi. Ularda tadbirkorlik yoki mehnat faoliya­tini boshlashga intilish kuchayadi. Bu esa kambagʻallikni kamaytirish, oilalar faro­vonligini taʼminlash yoʻlidagi saʼy-hara­katlarimiz samaradorligi yanada ortishini taʼminlaydi.

Munojat MOʻMINOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri