Mamlakatimizda harbiy xizmat nufuzini yuksaltirish va Qurolli Kuchlarimiz jangovar shayligini yana-da oshirish maqsadida qoʻshin turlarini yosh va salohiyatli kadrlar bilan toʻldirish, harbiy xizmat oʻtash uchun qulay sharoitlar yaratish, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ijtimoiy himoyasini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

“Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorga asosan harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining kunduzgi taʼlim yoʻnalishlariga davlat granti asosida belgilangan umumiy qabul kvotalarining besh foizi miqdorida davlat granti asosidagi qoʻshimcha qabul kvotalari ajratilmoqda. Shuningdek, harbiy xizmatchilar va ularning oila-aʼzolari salomatligini taʼminlash boʻyicha zarur sharoitlar yaratildi. Uy-joyga muhtoj oilalar belgilangan tartibda uy-joy bilan taʼminlanmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlib oʻtgan “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoyasini taʼminlash masalalarini kuchaytirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar” mavzusidagi matbuot anjumanida ham aynan ana shu masalalar atroflicha tahlil qilindi. Unda Mudofaa vazirligi mutasaddilari, kursantlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

– “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq ayrim mutaxassisliklar boʻyicha lavozimlarga harbiy xizmatchilarni tayinlash territorial tamoyilga asosan amalga oshirilishi belgilandi, – dedi Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi boshqarma boshligʻi Shermuhammad Saidahmatov. – Shuningdek, milliy mentalitetimizdan kelib chiqqan holda oilada bitta oʻgʻil boʻlib, qolganlari qiz farzand boʻlsa ham bu yigitlarga ota-onasi yashaydigan hududda xizmat qilish imtiyozi, ijobiy tavsiyaga ega, vakant lavozimlari yoʻqligi sababli berilgan harbiy unvonida xizmat muddatini kamida ikkitasini oʻtagan ofitserlarga lavozim boʻyicha bir pogʻona yuqori turuvchi harbiy unvon berilishi, har yili harbiy xizmatchilarning navbatdagi taʼtiliga xizmat yillarining taqvim hisobiga koʻra qoʻshimcha tarzda 5, 10, 15 sutkalik taʼtillar berilishi kabi imtiyozlar yaratildi.

Kuchli ijtimoiy himoya, oʻz navbatida, ofitser va askarlarimizning fidoyilik, burchga sadoqat bilan xizmat qilish, oʻzining professional tayyorgarligini oshirib borishi uchun zamin yaratmoqda. Koʻrilayotgan kompleks chora-tadbirlar natijasida Vatan himoyachilarining harbiy xizmatga boʻlgan yondashuvi tubdan oʻzgardi, harbiy qismlarda masʼuliyat va intizom mustahkamlandi, barcha harbiylar qalbida oʻz Vatani bilan faxrlanish va gʻururlanish hissi yana-da ortdi.