Fargʻona tumanidagi “Toshqoʻrgʻonaziz” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Hasanjon Oxunovning oilasi “Temir daftar”ga kiritilgan. Oila boshligʻi 2-guruh nogironi, mavsumiy ishlar bilan shugʻullanadi. Turmush oʻrtogʻi Umidaxon ishsiz. Ularning bir nafar farzandi bor. Qoʻli yupqa boʻlgan bu oilaning yashash sharoitlar nihoyatda ogʻir holatda edi. Topgani roʻzgʻordan ortmaydi. Shu bois uy-joylari ayanchli boʻlib, uni tiklash va uy qurish imkoniyatiga ega boʻlishmadi. Lekin oila koʻpning, saxovtali kishilar eʼtiboridan chetda qolmadi.
Yosh tadbirkor, “Fayz gʻisht servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Elbek Obidov ehtiyojmand oila koriga bakor kelib, bu oila uchun uch xonali uy qurib berdi.
— Hasanjonning uyi avariya holati kelib qolgandi. Tadbirkorning koʻmagida zamonaviy uy qurib berilgani ayni muddao boʻldi, — deydi mahalla fuqarolar yigʻini raisi Murodjon Dadajonov. — Mahallamizda “Temir daftar”ga 7 ta oila kiritilgan boʻlib, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, daromad topishiga koʻmaklashish uchun zaruriy ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Tadbirkorlik yoʻnalishida ishlovchilar uchun imtiyozli sarmoyalar berilmoqda, tomorqadan unumli foydalanish choralarini koʻryapmiz.
Yangi uy-joyni egalariga topshirish katta tantanga aylanib ketdi. Oilani yangi uy bilan qutlagan mahalla oqsoqollari savob ishning boshida turganlarga minnatdorlik bildirishdi.
— Xursandchiligimizni soʻz bilan taʼriflab bera olmayman, — deydi oila bekasi Umidaxon quvonchini yashira olmay. — Ming shukr, yolgʻizlatib qoʻyishgani yoʻq. Yaqinda qizimni davolanishida ham yordam berishdi. Yangi uy esa hayotimizga yanada farovonlik olib kirdi.
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri