«Hassan Allam Holding» kompaniyasi Oʻzbekistonda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish niyatida

    Investitsiyalar 29 Avgust 2023 1405

    Joriy yil 28-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov “Hassan Allam Holding” kompaniyasi ijrochi direktori Mahmud El-Essaviy bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Suhbatda asosiy eʼtibor kompaniya tajribasi va investitsiyalarini jalb etish istiqbollari va mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlarida loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qaratildi.

    Maʼlumot uchun: Hassan Allam Holding 1936-yilda tashkil topgan. Misrdagi eng yirik moliyaviy va sanoat korporatsiyalaridan biri. Oxirgi 5 yil ichida u Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarida 70 ta loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirdi. “Forbes” kompaniyani 100 ta eng yaxshi arab oilaviy korxonalar reytingiga kiritgan. Aktivlari — 8 milliard dollar, ishchilar soni esa — 45 ming nafar xodimni tashkil qiladi.

    Misr tomoni Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan oʻzgarishlarni yuqori baholadi va qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etishda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Xususan, energetika, suv taʼminoti, metall va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish kabi sohalardagi hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqildi.

    Uchrashuv yakunida investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha Qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni imzolash va erishilgan kelishuvlarni bajarishga kirishish yuzasidan kompaniya bosh direktorining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish masalasi kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.